Viloyatimizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun fuqarolarni tanlab olish jarayoni davom etmoqda. Bunda chaqiriluvchilarning harbiy xizmatga yaroqliligi, jismoniy tayyorgarligi va boshqa muhim ko‘rsatkichlari belgilangan tartibda o‘rganilmoqda.
Viloyatning barcha tuman va shahar mudofaa ishlari bo‘limlarida muddatli harbiy xizmatga yuboriladigan chaqiriluvchilarni tanlab olish hamda ularning jismoniy tayyorgarligini aniqlash bo‘yicha sinovlar 2026 yil 10 avgustdan boshlandi va bu jarayon 2027 yil 10 fevraliga qadar davom etadi, – deydi viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Shermat Yarashov. —Mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 7 iyuldagi 413-son qarori bilan tasdiqlangan “Chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom hamda viloyat hokimining 2026 yil 29 iyuldagi qarorida belgilangan vazifalar asosida tashkil etilmoqda. Tanlov jarayonlarini tanlov kengashi a’zolari, keng jamoatchilik vakillari hamda chaqiriluvchilarning ota-onalari bevosita kuzatib borishi mumkin.
Nizomga muvofiq, tanlov jarayonida chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarlikka jalb etish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun saralash tartibi belgilangan.
“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga muvofiq, tinchlik davrida oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlarida muddatli harbiy xizmatga, shuningdek, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan, salomatligiga ko‘ra Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli erkak fuqarolar chaqiriladi. Chaqiriluvchilar o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin. Agar chaqiriluvchi ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan bo‘lsa, chaqiruv muddati u o‘qishni tamomlaguniga qadar kechiktiriladi. Chaqiruv muddatini qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha kechiktirish uchun fuqarodan hech qanday to‘lov talab qilinmaydi.
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilgan keyingi islohotlar natijasida ayni paytda muddatli harbiy xizmatga jalb etilganlar xizmat davrida kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi uchun imkoniyatlar kengaytirilgan. Bu esa askarga xizmatdan zaxiraga bo‘shatilgach, ishga joylashishi yoki tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyat yaratadi.
Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash nufuzi va jozibadorligini oshirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori harbiy xizmatni nafaqat Vatan himoyasi maktabi, balki yoshlarning bilim, kasb va hayotiy tajriba orttirish vositasi sifatida rivojlantirishga xizmat qiladi, — deydi viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Sanjar Ashurov. — Qarorda belgilangan muhim yo‘nalishlardan biri — “Bitta askar — bitta kasb” tamoyilidir. Ushbu tamoyilga ko‘ra, har bir muddatli harbiy xizmatchining qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib, kamida bitta kasbni egallashi uchun sharoit yaratiladi. Ayni paytda viloyatimizdagi harbiy qismlarda olti oylik muddatda kasbiy o‘quv kurslari tashkil etilgan. Askarlar axborot texnologiyalari, kompyuter grafikasi, veb-sayt yaratish, buxgalteriya, elektropayvandchilik, santexnika xizmati, avtomobil dvigatellarini ta’mirlash, oshpazlik va sartaroshlik kabi kasblar bo‘yicha malakali pedagog va mutaxassislardan kerakli saboqlarni o‘zlashtirishmoqda. O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan harbiy xizmatchilarga davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
Bundan tashqari, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan shaxslarga xizmat davomida oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatining masofaviy ta’lim shakliga abiturient sifatida ro‘yxatdan o‘tish, kirish imtihonlarida qatnashish va natijalarga ko‘ra talabalikka qabul qilinish imkoniyati yaratildi. To‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan askarlarga qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli ta’lim krediti ajratilishi ham ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning muhim mexanizmlaridan biridir.
Bu kabi imkoniyat va imtiyozlar tufayli ayni paytda yoshlarda muddatli harbiy xizmatga borish istagi kuchayib bormoqda.
Yusufbek SAYDALIEV.