Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida professional boks bo‘yicha “Zuffa Boxing 13” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Dunyoning turli mamlakatlaridan mahoratli charm qo‘lqop ustalari jam bo‘lgan musobaqada jizzaxlik bokschi Jahongir Zokirov ham ringga ko‘tarildi.
Superog‘ir vazn toifasida olti raundga mo‘ljallangan bahsda uning raqibi kanadalik Brandon Colantonio bo‘ldi. Dastlabki daqiqalardanoq tashabbusni qo‘lga olgan Jahongir raqibiga aniq va kuchli zarbalar yo‘llab, jangovar ustunligini namoyish etdi. Ayniqsa, gavda qismiga yo‘llangan zarbalar kanadalik bokschining qarshilik ko‘rsatish imkoniyatlarini sezilarli darajada kamaytirdi. Birinchi raund yakunida Brandon Colantonio murabbiylari keyingi raundga chiqmaslik haqida qaror qabul qildi. Shu tariqa jang hamyurtimizning texnik nokaut evaziga g‘alabasi bilan yakunlandi.
Ta’kidlash joiz, 23 yoshli Jahongir Zokirov bu natija orqali professional boksdagi g‘alabali seriyasini davom ettirib, ketma-ket uchinchi g‘alabasini rasmiylashtirdi.
Xudoyberdi ZIYOTOV.