Har bir xalq, millat mustaqillikka erishganidan so‘ng jahonda suveren davlat sifatida tashkil topganligi, maqsadi, kelajak istiqbollarini o‘z Konstitutsiyasida belgilab qo‘yadi. Chunki, dunyodagi mavjud konstitutsiyalarning barchasi millatning siyosiy tafakkuri, ma’naviyati va madaniyati bilan uzviy bog‘liqdir.
Yillar o‘tgan sayin Konstitutsiyamizni yanada mustahkam, hayotiy kelajakning talablariga javob bera oladigan darajada yanada mukammal qilib yaratish davr talabi ekanligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri umumhalq muhokamasiga qo‘yildi. 2023 yil 30 aprelda o‘tgan umumxalq Referendumida yangi tahrirdagi Konstitutsiya ma’qullanib, 2023 yil 1 maydan e’tiboran kuchga kirdi.
Yangilanish natijasida, Bosh Qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Ekspertlar fikrlariga ko‘ra, Konstitutsiya 65 foizga yangilandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyadagi o‘zgarishlardan eng asosiylaridan Konstitutsiyaning 1-moddasidagi “O‘zbekiston–suveren demokratik respublika” jumlasi “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” degan jumlalar bilan o‘zgartirildi.
Birgina, ushbu moddadagi ijtimoiy davlat degan jumladan tushunish kerakki, endi davlat har bir O‘zbekiston fuqarosiga munosib turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratish majburiyatini olmoqda. Bu – mavjud resurslarni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida taqsimlash, jamiyatda kuchli tabaqalanish avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, eng zaif qatlamlar uchun ham sifatli ta’lim va tibbiyot kafolatlanishi, samarali ijtimoiy himoya dasturlarining ishlashi, imkoniyati cheklangan va qo‘llab-quvatlashga muhtoj fuqarolarga ko‘mak berish, adolatli mehnat qonunchiligi va jozibador pensiya tizimi kabilarni anglatadi. Oddiyroq aytganda, eng kambag‘al oilaning bolalariga ham sog‘-salomat o‘sib-ulg‘ayib, yaxshi ta’lim olib, farovonlikka erishish imkoniyati yaratiladi.
Biroq, “Davlat o‘zining ijtimoiy majburiyatlarini qachon to‘laqonli bajaradi?” degan savol ham tug‘ilishi tabiiy hol. Buning uchun jamiyatdagi har bir fuqaro o‘z majburiyatlarini to‘laqonli bajarishi lozim. Masalan, fuqarolarning soliqlarni o‘z vaqtida va to‘liq to‘lashlari ham nafaqat burch, balki davlat o‘z vazifa va funksiyalarini to‘laqonli amalga oshirishi uchun muhim omil hisoblanadi. Buni har bir fuqaro ongli ravishda anglab yetishi lozim.
Eng asosiysi ushbu yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha o‘tkazilgan referendumda mamlakatimiz fuqarolari faol ishtirok etib, o‘zi, oilasi, farzandlari va mana shu muqaddas zaminda yanada erkin va farovon yashashi uchun takliflar berishdi hamda ovoz berishdi.
2023 yil mamlakatimiz fuqarolari uchun juda katta ahamiyatga ega yil bo‘ldi. Barcha millati, dini, tili, yoshidan qat’i nazar, ahil va hamjihat bo‘lib jamiyat va davlatning taraqqiyot yo‘lini belgilab beradigan yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qildik. Jonajon Vatanimiz taraqqiyotining yangi bosqichga olib chiquvchi davlatimiz rahbarini sayladik. Bu ham mamlakatimiz tarixida yangi davrni boshlab beradigan ulkan siyosiy-ijtimoiy voqea bo‘ldi.
Nigora USMONOVA,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish
markazi Jizzax viloyat hududiy bo‘linmasi
yetakchi mutaxassisi.