G‘ALABA JIZZAXDA QOLDI

19-25 yanvar kunlari Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” sport majmuasida o‘tkazilgan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati ring egalarining ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi. Bokschilarimiz beshta oltin va uchta bronza medallarni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobidan birinchi o‘rinni egallashdi.

Hafta davomida ringda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri vakillari o‘rtasida 13 ta vazn toifasida qizg‘in va murosasiz janglar bo‘lib o‘tdi. Yakunda poytaxtdan olti nafar, Buxoro va Jizzaxdan besh nafardan, Toshkent va Andijondan to‘rt nafardan vakillar finalga yo‘l olishdi. Besh nafar jizzaxlik bokschi shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Toshkent va Andijon viloyati terma jamoalari egalladi.

Viloyatimiz vakillari Sayfiddin Sobirov (48 kg.), Shakarboy Jo‘rayev (51 kg.), Mironshoh Norqosimov (60 kg.), Maxsudxon Meliyev (92 kg.) va Asilbek Eshmuratov (+92 kg.) o‘z vazn toifasida mutlaq g‘olib bo‘ldilar. Ularga Boks federatsiyasi va chempionat homiylarining yuqori namunadagi medallari va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. Jizzaxlik Mironshoh Norqosimov chempionatning “Eng yaxshi bokschi”si, viloyatimiz jamoasi esa “Eng yaxshi jamoa” deb topildi. G‘oliblarga maxsus mukofotlarni mamlakat boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saken Po‘latov topshirdi.

Tadbir afsonaviy mehmonlari bilan ham yodda qoladi. Ikki karra jahon chempioni va Tokio Olimpiadasi sovrindori Bahodir Jalolov, Rio Olimpiadasi oltin medali sohibi Fazliddin G‘oipnazarov, ikki karra jahon chempioni Abbos Atoyev, Rio Olimpiadasi finalchisi Bektemir Meliqo‘ziyev, Osiyo va Osiyo o‘yinlari chempioni Isroil Madrimov va jahon chempionati bronza medali sovrindori, qit’a va Osiyo o‘yinlari chempioni Bobo-Usmon Boturov yosh bokschilarga diplom va sovg‘alar topshirdilar.

Ta’kidlash joizki, chempionat davomida yoshlar terma jamoasi murabbiylar shtabi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Olimjon Muhammedov boshchiligida eng iqtidorli sportchilarni saralab oldi. Chempionat g‘oliblari 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishga da’vogarlar hisoblanadi.

Nursulton ANORBOYEV,
muallif olgan suratlar.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *