Mamlakatimizda so‘nggi yillarda keksa avlod vakillariga e’tibor qaratish, ularning ulkan hayotiy va bilim tajribalaridan jamiyat hayotida bevosita keng foydalanish, ayniqsa, yoshlarni tarbiyalash yo‘lida ularning katta tajribalariga suyanish keng yo‘lga qo‘yildi.
Noyabr oyining “Keksalar turizm oyligi” deya e’lon qilinishi ham bu islohotlarning bir debochasi. Haftalik doirasida nuroniylarimizning turli qo‘shni davlatlarga va Vatanimiz bo‘ylab sayohatlari uyushtirilmoqda. Yaqinda Zomin tumanidagi bir guruh nuroniylar uchun qadimiy va navqiron Buxoro hamda Xorazm viloyatlariga ziyorat sayohati tashkil etildi.
Sayohat davomida nuroniylar qadimiy Buxoro va Xorazmning boy tarixiy-madaniy merosi, arxitektura yodgorliklari, diqqatga sazovor maskanlari hamda muqaddas qadamjolari bilan yaqindan tanishdilar.
Faxriylarimizni e’zozlash, bugungi kunda ularning mahalla yoshlari tarbiyasi hamda oilaviy munosabatlarni tartibga solishdagi beqiyos xizmatlarini rag‘batlantirish maqsadida sayohatlar tashkil etilayapti, — deydi viloyat Turizm boshqarmasi bosh mutaxassisi Nargiza OQILOVA. —Yurtimizdagi yangi o‘zgarishlar, islohotlar samarasini va qadimiy tariximiz jilolangan madaniy meros ob’ektlarini tomosha qilish ularga o‘zgacha zavq ulashdi. Otaxonlarning ruhiyatiga yanada tetiklik baxsh etdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazkur oylik doirasida viloyatimiz nuroniylari uchun yana ko‘plab sayrlar uyushtirilishi rejalashtirilgan.
Xolnisa RAHMONQULOVA.