Viloyat bosqichi start oldi
Mamlakatimizda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan va sportsevarlar orasida sevimli musobaqaga aylangan futbol hamda mini-futbol bo‘yicha DXX kubogi nafaqat ommaviy sportni rivojlantirish, balki iste’dodli futbolchilarni kashf etishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur musobaqaga viloyatimizda ham katta qiziqish va e’tibor bilan qaralmoqda. Bunga yaqqol misol qilib, so’nggi yillarda respublika miqyosida erishilgan natijalarni aytish mumkin. Joriy yil mahalla, shahar va tuman bosqichlari yakunlangach, 8-iyun sanasidan boshlab musobaqaning viloyat bosqichiga rasman start berildi.
Viloyat bosqichida futbol, mini futbol va qizlar futboli yo‘nalishlari bo‘yicha 13 tadan jamoa ishtirok etmoqda. Jamoalar qur’a natijalariga ko‘ra “A”, “B”, “C” va “D” guruhlariga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun o’zaro kurash olib borishadi.
Musobaqaning dastlabki bellashuvlari “A” guruhida, Baxmal va Forish tumanlari jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlar bilan boshlandi. Futbol bahsida Baxmal tumanining “Gulbuloq” jamoasi Forishning “Nurak” jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etib, musobaqani g‘alaba bilan boshladi.
Mini-futbol bahslarida esa baxmallik yoshlar yanada ishonchli o‘yin namoyish etib, forishlik tengqurlarini yirik — 11:1 hisobida taslim qildilar. Qizlar futbolida ham Baxmal jamoasi ustunlikni qo‘ldan boy bermadi. Murosasiz kechgan uchrashuv yakunida ular 1:0 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdilar.
Shu tariqa viloyat bosqichi bahslari yuqori ruh, keskin raqobat va murosasiz kurashlar ostida davom etmoqda.
Xudoyberdi ZIYOTOV
(“Jizzax haqiqati”)