MAHALLALARDA HAYOT QAYNAYDI

Mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish davlat dasturlarining ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, tadbirkorlik va aholi bandligini ta’minlash borasida hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida viloyat hokimligi axborot xizmati tashabbusi bilan G‘allaorol tumaniga press-tur tashkillashtirildi. Press-tur ishtirokchilari dastlab “Qashqabuloq” MFYga tashrif buyurishdi.

—Qashqabuloq, Obuz va Qoraqo‘yli qishloqlaridan tarkib topgan fuqarolar yig‘inimizda 7200 nafar aholi istiqomat qiladi, —deydi mahalla raisi Kamol Egamqulov. Hududimizda 3 ta maktab, 2 ta masjid, 1 ta oilaviy shifokorlik punkti joylashgan. Mahallaning asosiy drayveri dehqonchilik hisoblanadi.

Joriy yilda qashqabuloqliklar “Tashabbusli budjet” loyihasida 4900 ta ovoz to‘plab, g‘olib chiqishdi. Natijada 6,5 km. ichki xo‘jalik yo‘llariga asfalt yotqizildi. Obuz qishlog‘idan o‘tgan 1100 metr yo‘l davlat dasturiga asosan ta’mirlandi.

— 64 ta yangi hovli mahallaning yuqori qismida joylashgan, — deydi Asqar Isoqov. —Ancha yillardan beri ko‘chalarimiz ta’mirtalab ahvolda edi. Aholi abgor yo‘ldan bozorga, maktabga borib kelishda qishda loy, yozda changdan aziyat chekishardi. Bugun ko‘chalarimiz asfaltlashtirildi. 7200 metr elektr tarmoqlari tortilib, 180 ta temir-beton ustunlar o‘rnatildi. 2 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortildi.

G‘afur G‘ulom mahallasida joylashgan ko‘p tarmoqli bolalar poliklinikasi 12000 nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi. OAV xodimlari qayta ta’mirlangan shifo maskanidagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar. Ayni paytda 55 nafar vrach, 35 nafar hamshira, 5 nafar kichik tibbiyot xodimlari mehnat qilayotgan muassasada 10 ta kunduzgi davolash xonalari ham tashkil etilgan.

Press-tur ishtirokchilari Baxt mahallasida qad ko‘tarayotgan turar-joy massivlarida bo‘lishdi. “Sayfin Siti” MCHJ quruvchilari tomonidan 40 xonadonga mo‘ljallangan 2 ta besh qavatli uy barpo etilmoqda. 50 nafar quruvchilar tomonidan barpo etilayotgan mazkur turar-joylar kaliti kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yangi yil bayrami arafasida topshiriladi.

—»Agro In vitro» MCHJ tomonidan loyiha qiymati 100 mlrd.so‘mni tashkil qiluvchi “Invitro” laboratoriyasi va zamonaviy issiqxona barpo etish loyihasi amalga oshirmoqda, —deydi tuman investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi bosh mutaxassisi Musobek Saydazimov. – 2024 yilning II choragida ishga tushishi rejalashtirilgan inshootda ish qizg‘in. Loyiha ishga tushgach, 10 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Loyihani amalga oshirish uchun Niderlandiyaning “Gakon Netafim” kompaniyasi bilan zamonaviy issiqxona tashkil etish va “Vivitek B.V.” kompaniyasi bilan “Invitro” laboratoriyasi uchun uskuna va jihozlar yetkazib berish uchun shartnomalar imzolangan. Bugungi kunda loyiha doirasida ofis binosi hamda 2 ta muzlattkichli omborlar qurib bitkazildi. 2 gektar yer maydonda zamonaviy issiqxona barpo etilmoqda. Press-tur ishtirokchilari shuningdek, tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan ham tanishdilar.

 

Zoir TURSUNQULOV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan