Viloyat hokimi G‘allaorol tumani aholisi bilan ommaviy sayyor qabul o‘tkazdi. “Tozaurug‘” QFY hududida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Bayrambek Uzoqov kirish so‘zi bilan boshlab bergach, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abduvali Mustanov so‘zga chiqdi.
Tumanda 2023 yilda 6 ta dastur doirasida 110 ta inshootlarda 66,7 mlrd. so‘mlik qurilish – ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturi doirasida 21 mlrd. so‘mlik bunyodkorlik ishlari bajarilib, 47 ta inshoot foydalanishga topshirildi.
Tumanda sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish maqsadida infratuzilma mavjud bo‘lgan 48,2 gektar toifasi o‘zgartirilgan yer maydonida qiymati 44 mlrd. so‘mlik 45 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 200 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Jiydali mahallasidagi 71-sonli maktab binosi rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha 120 o‘rinli, 30-umumta’lim maktabi uchun qo‘shimcha 140 o‘quvchi o‘rinli qo‘shimcha binolar foydalanishga topshirildi. Tomchibuloq qishlog‘i aholisi uchun ichimlik suvi inshooti va tarmog‘i qurildi. Tozaurug‘ va Sug‘unboy qishloqlaridagi ishlamay turgan artezian va suv minoralari ta’mirlandi.
G‘allaorol shahrining Do‘stlik, O‘qituvchilar, Alisher Navoiy ko‘chalariga, “Mirzabuloq” QFYning Bolg‘ali, Qizilqo‘rg‘on, Xonaqox qishloqlaridagi 6 km. ichki yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizildi.
“Guliston” MFYning yangi bino qurilib, “Ko‘kbuloq” mahallasi binosi rekonstruksiya qilindi. “Ochiq budjet” dasturining 1-mavsumida g‘olib bo‘lgan 15,8 mlrd. so‘mlik 14 ta loyihaga 11 mlrd. so‘m mablag‘ moliyalashtirilib berildi. Ushbu loyihalarning 7 tasida qurilish – ta’mirlash ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi. “Mening yo‘lim” loyihasi doirasida G‘ubdin va Ko‘kgumbaz mahallalaridagi ichki ko‘chalarda 1,8 mlrd. so‘mlik ta’mirlash ishlari bajarildi. Sayyor qabulda murojaatchilarning turli ham masalalari tinglandi.
Jumladan, Sho‘rcha qishlog‘ida yashovchi N.Muhammadiyev yaroqsiz holga kelgan simyog‘ochlarni almashtirish hamda yangi transformator o‘rnatish hamda «Gulchambar-Sho‘rcha-Yangiobod» avtomobil yo‘lining 5 km. qismini ta’mirlash masalasida murojaat qildi. Unga “Jizzax XETK” AJ tomonidan dekabr oyida Sho‘rcha qishlog‘ida elektr tarmoqlarini yangilash ishlari amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
Ommaviy qabulda 40 nafar fuqaroning 54 ta masalasi o‘rganildi. Aksariyat masalalar va muammolarga joyida yechim topilgan bo‘lsa, muddat talab etiladigan murojaatlar nazoratga olindi.
Zoir ERGASHЕV.