KUCH, CHIDAM VA HAMJIHATLIK SINOVI

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida maktabgacha va maktab ta’limi tizimi tasarrufidagi o‘quvchilar o‘rtasidagi musobaqalar qizg‘in pallaga kirgan. Sportning stritbol (13-14 yoshlilar) va kross-fit (15-17 yoshlilar) turlari bo‘yicha yaqinda bo‘lib o‘tgan viloyat bosqich bahslari yuqori maqsadlar sari intiluvchan, faol va tashabbuskor yoshlarni saralashda muhim maydonga aylandi.

Musobaqalarda o‘quvchilar belgilangan yosh toifalari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashib, jismoniy tayyorgarlik va jamoaviy hamjihatlik borasida o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, stritbol bellashuvlarining o‘g‘il bolalar dasturida Paxtakor tumanidagi 8-sonli maktab jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Qizlar dasturida esa chempionlik G‘allaorol tumanidan kelgan 20-maktab o‘quvchilariga nasib etdi.

Kross-fit yo‘nalishida yoshlar og‘ir atletika, gimnastika, yugurish va bir qator funksional mashqlardan iborat kompleks mashg‘ulotlarni bajarishdi. Kuch, chidamlilik va tezkorlik jihatlarida barcha raqiblaridan ustun kelgan Zomin tumani 1-sonli maktab o‘quvchisi Abdulaziz Narziqulov yakuniy natijalarga ko‘ra shohsupaning eng yuqori pog‘onasini egalladi. Keyingi o‘rinlardan Eldor Muratov (Jizzax shahri, 3-sonli ixtisoslashtirilgan maktab) hamda Bunyod Abdushukurov (Paxtakor tumani, 8-sonli maktab) joy olishdi.

G‘olib va sovrindorlar diplom va sport liboslari bilan taqdirlandilar. 

Yusufbek SAYDALIEV.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *