O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28-maydagi “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi Qarorida mamlakat bo‘ylab keksalarning sayohat qilishini rag‘batlantirish maqsadida har yili 1 noyabrdan 30 noyabrgacha “Keksalar turizm oyligi”ni o‘tkazish belgilangan. Vohamizda ham oylik doirasida ko‘plab nuroniylarning respublikamiz bo‘ylab sermazmun va ko‘ngilochar sayohatlari tashkil etildi.
Yangiobod tumanida nuroniylarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ijtimoiy faol nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash va ularni ommaviy tadbirlarga jalb etish maqsadida qator tadbirlar uyushtirilmoqda. Xususan, “Keksalar turizm oyligi” doirasida tumandagi bir guruh nuroniylar Toshkent shahriga sayohat qilishdi. “Nuroniy” jamg‘armasi Yangiobod tuman bo‘limi tomonidan tashkil etilgan sayohat davomida nuroniy otaxonu onaxonlar poytaxtning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdilar. Kun sayin yangilanib, zamonaviylashib borayotgan poytaxtning ko‘rkamligidan zavq olishdi. Toshkent tobora rivojlanib, xalqaro miqyosdagi biznes maydonga aylanib borayotgani ham bor gap. Bu yerda dam olish va hordiq yozish uchun barpo etilgan inshootlar ularni hayratga soldi.
Mazkur oylik doirasida tumandagi yoshi ulug‘ nuroniylar va mehnat faxriylari ushbu tadbirlarga faol jalb etilib, ularning yana bir guruh nuroniylari go‘zal Samarqand shahrida bo‘lishdi. Sayohat davomida 30 nafarga yaqin otaxon va onaxonlar Samarqandning tarixiy hamda mahobatli me’moriy obidalari, mustaqillik yillarida barpo etilgan bunyodkorlik inshootlari bilan yaqindan tanishdilar. Sayohatchilar Go‘ri Amir, Registon, Hazrati Xizr, Shohi Zinda, Ulug‘bek rasadxonasi kabi qadamjolarni ziyorat qilisharkan, ajdodlarimizning ilm-fan va insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shganiga yana bir bor guvoh bo‘ldilar. Ziyorat chog‘ida shahardagi bunyodkorlik ishlari, ayniqsa,”Boqiy shahar” majmuasi nuroniylarda iliq taassurotlar qoldirdi.
—Yurtimizdagi islohotlar tufayli katta o‘zgarishlar yuz berayapti, —deydi tumandagi Shodlik mahallasida yashovchi Abdumo‘min Qoraboyev. —Butun O‘zbekiston bo‘ylab ajoyib tashabbus — keksalar uchun turizm oyligi tashkil etib borildi. Tumanimizda ham qariyalarga e’tibor nihoyatda katta, oylik yuqori saviyada o‘tkazilayapti, desak mubolag‘a emas. Faxriylarimiz Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri, Xorazmga, Buxoroi sharif va Samarqandga, azim Toshkent shahriga sayohat qilib, ziyoratdan shodu xurram bo‘lib qaytishdi. Yaqinda Samarqand shahriga biz ham sayr qildik. U yerdagi tarixiy va arxitektura yodgorliklarining go‘zalligi, mahobatidan hayratga tushdik. Bu farovonliklardan, biz keksalarga bo‘lgan e’tibordan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Yurtimizdagi obodliklar tufayli Samarqand yonida yo‘ldosh bir shahar Boqiy shahar paydo bo‘ldi. Uni ko‘rib qalblarimiz juda to‘lqinlanib ketdi. Mahallamizda faxriy nuroniylar bilan birgalikda ko‘plab ma’naviy tadbirlarni o‘tkazib borayapmiz. Shunday tinch va yaxshi kunlar uchun Yurtboshimizdan minnatdormiz.
—Viloyatimizda, tumanimizda ham keksa avlod vakillarini e’zozlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni milliy an’ana va qadriyatlarimiz asosida tarbiyalashda jonbozlik ko‘rsatishlari uchun keng yo‘l ochilgan, —deydi Yangiobod tuman hokimligi axborot xizmati boshlig‘i Dilmurod Rajabov. — Ularning jamiyat ishlarida faolligini oshiruvchi, salomatligini tiklash borasidagi tadbirlar nuroniylarimizni mamnun qilmoqda. Ayniqsa, ularning respublikamizdagi diqqatga sazovor joylar, muqaddas ziyoratgohlarga safari haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Ular bu sayohatlarda olgan taassurotlari, ma’lumotlarini kelgusida yosh avlod tarbiyasida qo‘llaydilar, degan fikrdaman.
Xolnisa RAHMONQULOVA.