Jizzax viloyati faollarining murojaati

Jizzax viloyati faollarining qishloq xo‘jalik korxona (fermer, dehqon xo‘jaliklari, klaster)lari rahbarlari va mahalla raislariga
M U R O J A A T I

 

Assalomu alaykum!

Hurmatli klasterlar, fermerlar, mirishkor dehqonlar, mahalla faollari!

 

Bugun, Sizlar davlatimizning asosiy tayanchi, qishloq xo‘jaligimizning fidoyi insonlarisiz. Xalqimizning farovon hayoti, dasturxonlarimizning to‘kin-sochinligi, farzandlarimizning yorqin kelajagi Siz azizlarning sadoqatli mehnatlaringizga bog‘liq.

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ham viloyatlarga tashriflarida, ommaviy axborot vositalarida chiqishlarida, qolaversa, yaqinda 29 noyabr kuni “Qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham Sizlarga juda katta ishonch bildirdilar.

Bugungi dunyoda kuzatilayotgan noaniqliklar, ekologik holatning buzilishi, ob-havoning keskin o‘zgarishlari, suv tanqisligining yildan-yilga kuchayib borishi Sizu bizdan yanada fidoyilikni talab qilmoqda.

Shunday ekan, barchamiz mana shu Vatan meniki, shu yer meniki, shu Vatanda mening ota-bobolarim xoki yotibdi, ota-onam, aka-ukalarim, opa-singillarim, farzandlarim, nevaralarim yashayapti, ularning farovon hayoti uchun ozroq bo‘lsa ham hissamni qo‘shish meni eng oliy burchim deb yashashimiz va shunga yarasha mehnat qilishimiz zarur.

 

Fidoyi fermerlar, mirishkor dehqonlar!

 

Hammangizga ma’lumki dunyoda suv tanqisligi yildan-yilga kuchayib bormoqda, shu qatori davlatimizda ham suv tanqisligi yaqqol sezilmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitoblari bo‘yicha shu tarzda suvdan foydalanishni davom etadigan bo‘lsak davlatimiz suv tanqisligi bo‘yicha dunyo davlatlari ichida xavfli 30 ta davlat qatoriga kirish ehtimoli bor.

Qolaversa, viloyatimiz foydalanayotgan suvning 80-90 foizini boshqa davlatlardan ming mashaqqat bilan olayotganligini, ushbu suv uchun davlat budjetidan bir yilda o‘rta hisobda 326,2 mlrd. so‘m mablag‘ sarflanayotganligini, shunga qaramasdan, suvdan xo‘jasizlarcha foydalanayotganligimizni, qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalarida 1 gektarga 6-7 ming m3, rivojlangan davlatlarda 4-5 ming m3 suv sarflanayotgan bir paytda, bizda 10-12 ming m3 yoki 2-3 barobar ko‘p suv sarflayotganligimizni nima deb izohlashimiz kerak.

Viloyatimizda 776 kilometr xo‘jalik ichki kanallar, 5141 kilometr uzunlikda ichki ariqlar mavjud bo‘lib, shundan 186,7 km. xo‘jalik ichki kanallari, 963,7 km. ichki ariqlar betonlashtirilmagan. Xo‘jalik ichki kanallari va ichki ariqlarning tozalanmaganligi yoki beton bilan qoplanmaganligi oqibatida har yili 800-900 mln. m3 suv yo‘qotilayotganligi yoki davlat budjetidan ajratilayotgan 194 mlrd. so‘m mablag‘ havoga uchib ketayotganligi achinarli holdir. Vaholanki, ushbu yo‘qotilayotgan suv bilan qo‘shimcha 236 ming gektarni bir marta sug‘orish mumkin yoki shu yo‘qotilgan pulga Siz bilan bizning farzandlarimiz, nevaralarimiz uchun 19 ta maktab yoki 39 ta bolalar bog‘chasi yoki 6 ta kasalxonani qurib ishga tushirish mumkin.

 

Hurmatli klasterlar, fidoyi fermerlar, mahalla faollari!

 

Sizlar ham boshqa davlatlarning klaster va fermerlaridan hech qolishmaysiz, suv tanqisligini yumshatish uchun Sizdan faqat ozroq fidoyilik, Vatanga sadoqat talab etiladi, xolos. Buning uchun:

– har bir klaster, har bir fermer, har bir mahalla raisi va faollaridan kelayotgan 2024 yilni “Kanal va ariqlarni betonlashtirish Zarbdor yilligi” deb e’lon qilib, barcha kuch va imkoniyatlaringizni ishga solib, mahallangiz, fermer xo‘jaligingiz hududidan o‘tgan xo‘jalik ichki kanal va ichki ariqlarni loyqa, begona o‘t qoldiqlari va chiqindilardan tozalash va betonlashtirishda jonbozlik ko‘rsatishingizni;

-dalangizga, tomorqangizga suv o‘z vaqtida yetib borishi, suvning isrof bo‘lishining oldini olish uchun kanal va ichki ariqlarga o‘rnatilgan uskuna va jihozlarni doimo soz holda saqlashingizni;

-sizga ajratilgan suvdan maqsadli va tejamkorlik bilan foydalanishingizni;

-yer maydonlaringizga suv tejovchi texnologiyalarni, xususan, tomchilatib, yomg‘irlatib, diskert sug‘orish jihozlarini o‘rnatishingizni;

-fermerlar o‘zaro kelishib, har bir SIUda 1 dona lazerli yer tekislagich sotib olib, yerlarni lazerli tekislashingizni so‘raymiz.

Agarda Siz yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirsangiz faqatgina manfaat topasiz, ziyon ko‘rmaysiz. Oddiy misol, agarda 10 gektarda tomchilatib sug‘orishni joriy qilsangiz nimani yutasiz, xususan:

–oddiy sug‘orish usulida 444 ming m3 suv, 5550 kVt elektr energiya, 92,7 mln. so‘m mablag‘, shundan elektr energiyaga 5,5 mln. so‘m, maxsus xizmatga 5,3 mln. so‘m, suv solig‘iga 17,7 mln. so‘m, suvchi ish haqiga 3 mln. so‘m, yer solig‘iga 440 ming so‘m, mexanizatsiya xarajatlariga 29,5 mln. so‘m, mineral o‘g‘itga 31,1 mln. so‘m sarflaysiz.

–tomchilatib sug‘orish usulida 266,4 ming m3 suv, 3330 kVt elektr energiya, 43,5 mln. so‘m mablag‘, shundan elektr energiyaga 3,3 mln. so‘m, maxsus xizmatga 3,2 mln. so‘m, suv solig‘iga 10,6 mln. so‘m, suvchi ish haqiga 1,5 mln. so‘m, yer solig‘iga 0,0 so‘m, mexanizatsiya xarajatlariga 6,2 mln. so‘m, mineral o‘g‘itga 18,7 mln. so‘m sarflaysiz.

–shunda Siz tomchilatib sug‘orish hisobiga 10 gektarda 177,6 ming m3 suv, 2220 kVt elektr energiya, jami 49,2 mln. so‘m mablag‘, shundan elektr energiyadan 2,2 mln. so‘m, maxsus xizmatdan 2,1 mln. so‘m, suv solig‘idan 7,1 mln. so‘m, suvchi ish haqidan 1,5 mln. so‘m, yer solig‘idan 440 ming so‘m, mexanizatsiya xarajatlaridan 23,4 mln. so‘m, mineral o‘g‘itdan 12,4 mln. so‘m iqtisod qilib qolasiz. Shu bilan birga, qilgan xarajatingizni 2 yilda qoplab olasiz.

Xuddi shunday, lazerli yer tekislashning ahamiyatini 10 gektar maydon hisobida tahlil qiladigan bo‘lsak:

Lazerli yer tekislagich bilan 10 gektar g‘alla maydonini tekislash ishlari bajarilsa, (yer holati, nishabligini hisobga olgan holda) texnika va mexanizator ish haqi bilan hisoblanganda 30 mln. so‘m hamda yoqilg‘i xarajatlari 2500 litr, ya’ni 20 mln. so‘m, jami 50 mln. so‘m xarajat qilinadi.

G‘alla maydonidan yer tekislash hisobiga 10 sentnerdan hosil qo‘shib olganimizda 10 tonna don 30 mln. so‘m hisoblasak, qilingan xarajatni g‘allaning o‘zida 1 yilda 60 foizini qoplab olishga erishasiz.

Bundan tashqari, 10 gektar g‘allani bir yilda 4 marta sug‘oradigan bo‘lsangiz, jami 40-48 ming m3 suv sarflanadi, lazerli yer tekislash qilingan maydonda esa 30 foiz suvni, ya’ni 12000-14000 m3 suvni iqtisod qilib qolasiz.

Nasos bilan bog‘langan maydonlarda sug‘orish uchun sarflanadigan elektr energiyasi 1540 kVt, ya’ni 1 mln. 380 ming so‘m xarajatlar iqtisod qilinadi.

Paxtachilik bo‘yicha hisob-kitob qilinganda 10 gektar paxta maydonidan yer tekislash hisobiga 7 sentnerdan hosil qo‘shib olganimizda 7 tonna paxta (o‘rtacha 7800 so‘m bo‘lganda) 54,5 mln. so‘m hisoblasak qilingan xarajatni 1 yilda 100 foizni qoplab olishga erishasiz.

Qolaversa, tuproq sho‘rlanishining kamayishiga erishiladi, sug‘orish vaqti, ishchi kuchi sarfi kamayadi, ekinlarning bir tekisda unib chiqishi ta’minlanadi.

Shu bilan birgalikda, 2 yil ichida lazerli yer tekislash tadbirlarini bajarmasangiz, Sizga nisbatan suv solig‘i 2-3 barobarga oshiriladi.

 

Fidoyi fermerlar, jonkuyar dehqonlar!

 

Suv tanqisligini yumshatishda yerlarni o‘z vaqtida shudgorlab, sho‘r yuvishga yer tayyorlash va sho‘r yuvish tadbirlarini amalga oshirish muhim omillardan biri ekanligini, shu orqali bahorda ekilgan chigitning o‘z namiga unib chiqishiga, g‘o‘zani sug‘orishni kamida 1 martagacha qisqarishga erishishni yaxshi bilasiz.

Shuning uchun, bugundan ishga bo‘lgan munosabatingizni tubdan o‘zgartirib, dalangizni qisqa muddatda shudgor qilib, sho‘r yuvishga yer tayyorlash va sho‘r yuvish tadbirlarini amalga oshirishingizga ishonamiz.

 

Qadrli fermer va dehqonlar!

 

Davlatimiz qanchalik qiyin bo‘lmasin, Siz klaster va fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelmoqda, davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi natijasida, bugungi kunda dunyoda eng arzon suv bizda, lekin olinayotgan 1 m3 suv uchun hisoblangan 80 so‘mlik to‘lovlarni ham o‘z vaqtida yoki umuman to‘lamayapmiz.

Siz to‘lagan mablag‘dan Sizning, bizning ota-onamiz nafaqa olayapti, farzandlarimiz yoki nabiralarimiz bog‘cha va maktablarda ta’lim, ish haqi olayapti.

Biz, Sizlarning bundan keyin hisoblangan suv solig‘i to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lab borishingizga ishonamiz. Zero, Siz shu qilgan xizmatingiz bilan viloyatimiz, respublikamiz budjetiga o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.

Tashabbuskor klaster va qadrli fermerlar!

Ota-bobolarimiz “Tozalik ostonadan boshlanadi” deb bekorga aytishmagan. Dalangiz ham Sizning ostonangiz. Tozalik bor joyda baraka bo‘ladi, shunday ekan, har birimiz o‘z dalamizda haqiqiy dala madaniyatini yarataylik, buning uchun o‘zingizning dalangiz atrofidagi yerlarni begona o‘t qoldiqlaridan tozalashingizni, dala chetlariga, ariqlar atrofiga, yo‘l yoqalariga iqtisodiy daromad beradigan tut, terak, uzum ko‘chatlari hamda har xil sabzavot va boshqa ekinlar ekishni amalga oshirib, oilangiz farovonligi, dasturxonlarimiz to‘kin-sochinligi uchun jonbozlik ko‘rsating.

Oliyjanob fermerlar, jonkuyar dehqonlar!

Bu yil yaxshi niyatlar bilan kelgusi yil hosili uchun yerga g‘alla urug‘ini qadadingiz. Bugun aksariyat maydonlarda g‘alla maysa bo‘lib, rivojlanmoqda. Ekkan g‘allamizning qishga tuplagan holda kirishi uchun hali oldimizda qilishimiz zarur bo‘ladigan agrotexnika tadbirlari turibdi.

Birinchidan, sug‘orilmagan g‘alla maydonlarini zudlik bilan qisqa muddatlarda sug‘orib olish;

Ikkinchidan, har besh gektarga 1 donadan hosil xandaqlari qazib, ularni gektariga 5 tonnadan chirigan go‘ng bilan to‘ldirgan holda sharbat oqizish ishlarini tashkil qilish;

Uchinchidan, maysa bo‘lgan g‘alla maydonlarini suspenziya bilan bargidan oziqlantirish;

To‘rtinchidan, g‘o‘za qator oralariga ekilgan g‘alla maydonlarini g‘o‘zapoyadan tozalash;

Beshinchidan, kelgusi yilning fevral mart oylarida oziqlantirish uchun yetarli miqdorda azotli mineral o‘g‘itlarni hozirdan zaxira qilish zarur bo‘ladi.

Yana bir muhim masala, texnikasiz qishloq xo‘jaligida yuqori natijalarga erishib bo‘lmaydi. Shunday ekan, bugundan boshlab qishloq xo‘jaligi ishlarida qatnashmayotgan qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlarini belgilangan dislokatsiya joyiga olib kelib, ta’mirlashni boshlash kerak bo‘ladi.

Qolaversa, yetishmayotgan texnika va agregatlarni sotib olish bo‘yicha ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalar tuzish zarur.

Yuqoridagi ko‘rsatib o‘tilgan vazifalarni sidqidildan bajarishingizga, xalqimizning farovon hayoti uchun mehnat qilishingizga, barcha jabhalarda jonbozlik ko‘rsatishingizga ishonamiz.

 

Hurmat bilan,

E.Saliyev

Viloyat hokimi,Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

A. Eshmatov

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati,

O‘zbekiston Respublikasi Qahramoni

E. Xolmatov

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

N. Pardayev

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

A. Abduraxmonov

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

O.Ashurmatov

Viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi

masalalari bo‘yicha o‘rinbosari

B.Boboqulov

Viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i

M.Turdiboyev

“Sirdaryo-Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi

boshlig‘i boshlig‘i

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *