Viloyatimizda 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Korrupsiya – jamiyat kushandasi” nomli ko‘rik tanlovini o‘tkazish an’anaga aylangan. Ko‘rik-tanlov yakunida ommaviy axborot vositalarida yoritilgan korrupsiyaga qarshi kurashishga oid eng yaxshi maqolalar, teleko‘rsatuv va radio eshittirishlari, videoroliklar, targ‘ibot rasmlari aniqlanadi.
Joriy yilda ham xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyatida ushbu tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Kotibiyat mudiri Nodira Karimova tadbirni ochib, Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashning yil davoimida amalga oshirgan ishlari haqida axborot berdi.
— Biz korrupsiya illatiga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz, -dedi Nodira Karimova. — OAV vakillari barcha tadbirlarimizda faol ishtirok etishadi.
Ko‘rik-tanlov yakuniga ko‘ra “Eng yaxshi bosma nashr maqolasi” yo‘nalishida “Jizzax haqiqati” gazetasi bo‘lim muharriri Vasil Ilyasov g‘olib deb topildi.
“Eng yaxshi teleko‘rsatuv va radio eshittiruvi” yo‘nalishida viloyat teleradio kompaniyasi bo‘lim boshlig‘i O‘tkir Xolbekov, “Eng yaxshi internet maqolasi” yo‘nalishida viloyat hokimining matbuot kotibi – Axborot xizmati rahbari Akmal Binoqulov, “Eng yaxshi videorolik” yo‘nalishida viloyat hokimligi Axborot xizmati mutaxassisi Isfandiyor Ishanqulov, viloyat IIB axborot xizmati prodyusseri Baxtiyor Tog‘ayev, “Eng yaxshi tasviriy san’at asari” yo‘nalishida Jizzax politexnika instituti talabasi Xonzoda Uzoqova g‘olib deb topildi.
— Men uzoq yillardan buyon rasm chizib kelaman. Keyingi paytda jamiyatimizda uchrayotgan illatlar, muammolarni karikatura tarzida ifoda etish orqali xalqimizni ularga qarshi kurashishga chorlamoqdaman, -deydi yosh rassom Xonzoda Uzoqova. — Bunday tanlovda ilk bor ishtirok etishim. Korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan karikaturamga yuqori baho berilganidan mamnun bo‘ldim. Tadbirda g‘oliblar viloyat hokimining diplomi, qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Asad YAKUBOV.