12 dekabr — Hamid Olimjon tavallud topgan kun
Hamid Olimjon baxshilar zaminida voyaga yetdi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, uning barcha asarlarida, qahramonlarining ruhida xalq og‘zaki ijodidek ohangdorlik bor. Shoir folklor namunalaridan ilhomlanib, jozibali obrazlar, noyob misralar kashf qilgan. Adabiy ertak-dostonlardagi syujetlarni hayotiy voqealar bilan uyg‘unlashtirib, o‘zbek she’riyatining yangi davrida o‘ziga xos yo‘nalish yaratdi.
Yaqin tarix manbalaridan aniqlanishicha, H.Olimjonning xalqchil shoir sifatida shakllanishida dastlab oila a’zolari, ota-bobolarining mazmunli, qizg‘in suhbatlari sabab bo‘lgan. XIX asrning ikkinchi yarmida yashab ijod etgan jizzaxlik shoir Iskandar Qambar o‘g‘li Madyunning xabar berishicha, Hamidga uchinchi bobo avlod sanalgan mulla Yoqub, uning to‘rt o‘g‘illari – Mulla Yunus, Mulla Yusuf, Mulla Hizir, Mulla Azimlar o‘z zamonasining nihoyatda dilkash, mehmondo‘st kishilari bo‘lishgan. Ayniqsa, bobosi Mulla Azim va onasi Komila aya she’riyat shaydosi, xalq og‘zaki ijodining o‘ta bilimdoni bo‘lgan. Shu boisdan H.Olimjonning xalq baxshilariga, folklorga mehr-muhabbati, hurmati baland bo‘lgan. Buni Fozil Yo‘ldoshga bag‘ishlangan “Kuychining xayoli”, Abdulla shoir Nurali o‘g‘liga atalgan “Do‘mbiraning maqtovi” she’rlarida, “Oygul bilan Baxtiyor”, “Semurg‘ yoki Parizod va Bunyod”, “Ikki qizning hikoyasi” kabi ertak-dostonlarida yaqqol ko‘ramiz.
Shoirning “Shodiyona”, “Yigitlarni frontga jo‘natish”, “Xat”, “Bo‘l omon”, “Qishloq qizi” kabi she’rlari ham folklor ishqi bilan sug‘orilgan ajoyib asarlar sifatida adabiyotimiz sahifalaridan munosib joy oldi. Shoir Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li “Alpomish” dostonining ming yillik to‘yiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjumanda quyidagilarni so‘zlagan: “Shoir H.Olimjon dostonni nashrga tayyorlashda uni qariyb yarmiga qisqartirgan. Ammo bu qisqartirish shu darajada bilim va san’atkorlik bilan amalga oshirilganki, bu holat dostonning yaxlitligiga putur yetkazmagan. Shoir doston matniga biron bir so‘z qo‘shmagan, doston tilini tahrir qilmagan… Nashrga tayyorlovchi olti ming misraga yaqin matnni qisqartirgan bo‘lsa-da, dostonni o‘qish davomida bu narsa deyarli sezilmaydi. Shuning uchun ham bu nashr madaniyatimiz tarixida katta voqea bo‘ldi…”.
H.Olimjonning folklor ruhida yaratilgan liro-epik asarlari bugungi kunda ham estetik-badiiy qimmatini yo‘qotmaganligi barobarida o‘z davrida juda muhim adabiy-tarixiy vazifani ado etgan. XX asrning 30-yillari dostonchiligiga bag‘ishlangan ko‘pgina tadqiqotlarda, monografiya va maqolalarda masalani bu tomoniga juda kam ahamiyat berilgan. H.Olimjon kitobxonlar dilidagi ma’naviy ehtiyojini birinchilardan bo‘lib teran anglab, his qilib o‘z asarlarini xalq hayoti bilan bog‘lashga intildi. “Muqanna” dramasining g‘oyaviy-kompozitsion negizida quyidagi uch asosga: tarixiy haqiqatga, badiiy to‘qima va xalqning Muqanna haqida to‘qigan rivoyatlariga bevosita tayanilgan. Muqanna boshchiligidagi xalq qo‘zg‘olonlarining arab istilochilariga qarshi olib borgan kurashi bilan bog‘liq tarixiy ma’lumotlar drama uchun bebaho ma’lumot vazifasini o‘tagan.
Hamid Olimjon aziz umrini, nodir iste’dodini, bitmas-tuganmas kuch-g‘ayratini o‘z xalqiga baxshida etgan ulkan qalb egasi. O‘ttiz besh yillik qisqa, ammo yorqin, sermazmun hayoti davomida bu betakror shoir yaratgan asarlar, jo‘shqin jamoatchilik faoliyati ko‘pchilikni hayratga solgan. Qolaversa, u zamondoshlari hayotini haqqoniy aks ettirgan ko‘pgina masnaviylar, ocherk, hikoyalar yaratdi. “Muqanna”, “Jinoyat” kabi sahna asarlarini yozdi. XX asr o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga oid ko‘plab tadqiqotlari hanuz o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda.
Hamid Olimjon haqida O‘zbekiston Qahramoni, xalqimizning sevimli shoiri Erkin Vohidov shunday deydi: “Men uni ustoz deyman. Ilk bor she’riyatning sehrli gulbog‘iga g‘oyibona yetaklagan, xanda urib oqqan misralari yosh qalbimga shaloladay quyilgan, baxt va shodlikni kuylash san’atini o‘rgatgan shoir men uchun she’riy jo‘shqinlikning, shavq va ehtirosining timsoli bo‘lib qoldi. Hali ko‘p avlodlar uning satrlaridan zamonaning o‘tli nafasini tuyib, xalqning hur, baxtiyor ovozini eshitadi…”
Shohida SIDDIQOVA,
JDPU dots.nti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.