GULCHAMBARGA BORSAM MЕN AGAR…

Men tug‘ilgan G‘allaorol tumanidagi Gulchambar qishlog‘i viloyat markazidan sakson kilometr masofada joylashgan. Ko‘pchilik hamyurtlarimiz bu qishloq haqida eshitgan, bilishadi ham. Xalq tilida “Payshanba bozor” deb yuritiladigan bozor shu qishloq va viloyatimizning boshqa hududlaridan keluvchilar uchun juda asqotadi. Mayli, bozorni qo‘ya turaylik, bu boshqa masala. Gap Korizquduq va Gulchambar oralig‘idagi yo‘l haqida.

Yo‘lsozlar tili bilan aytganda umumiy foydalanishdagi davlat ahamiyatiga ega 4R43 M39 “Marjonbuloq-Zarmiton-Qo‘shrabot” avtomobil yo‘lining 0-58 kilometri aynan G‘allaorol tumanidan o‘tadi. Mazkur yo‘lning 45-58 kilometri oralig‘idagi 13 qilometr uzunlikdagi qismi hozirda ta’mirtalab ahvolda. Agar shu yo‘l ta’miri tugatilganda edi, Jizzax shahridan Samarqand viloyatining Qo‘shrabot va Navoiy viloyatining Nurota tumanlariga borish uchun yo‘l masofasi kamida 50 kilometrga qisqarardi. Bu masalaning yana bir muhim tomoni.

Bu yo‘lga adashmasam 2005 yillarda tuzukkina asfalt yotqizilgan edi, ba’zi ko‘chgan joylarini aytmaganda. O‘sha yili yo‘lchilar kelishdi va yo‘lni qaytadan ta’mirlaymiz deb buzishdi. Yo‘lsozlar shag‘al yotqizishdi, yotqizishgandayam tan olish kerak juda sifatli qilib bajarishdi. Shu bilan ish tugadi, hisobi bo‘ldi. Yo‘lga qachon asfalt yotqizilar ekan degan qishloq ahlining orzusi mana yigirma yildirki armonlicha qolib ketayapti.

Hozir Gulchambar tomon yo‘lim tushsa qishloqqa yaqinlashavergach, yo‘lning ahvolini ko‘rib, mashinamga achinib ketaman. Ne umidlar bilan olgan ulovimni bu yo‘llardan qiynalib yurayotganini ko‘rib «Dod» devorgim keladi. Har safar qishlog‘imdan shaharga qaytgach, mashinamni ustaga sozlatgach, tashvishlarim arigandek bo‘ladi. Ammo…

Jizzax shahrining yoki olaylik G‘allaorol tumanining markaziy va asosiy yo‘llarining ozgina sifati buzilsa, darrov texnikaning hammasi shu joyda hozir bo‘ladi. Yo‘llar yopilgan va ta’mirlashga tushib ketishadi. Shahar aholisini to‘htovsiz qishloq ho‘jaligi va chorvachilik maxsulotlari bilan ta’minlab turadigan qishloq aholisining qanday yo‘lda yurishi tegishli mas’ullar uchun unchalik muhim emasmi? Shu taqir yo‘l sabab bugungi kunda Gulchambar qishloq markazidan tuman markazi G‘allaorol shahriga qatnaydigan ellik kilometrlik masofa uchun kirakashlar ham yo‘l haqini oshirib olishgan. Har bir yo‘lovchi 30-40 ming so‘mdan yo‘lkira berishga majbur. Yaqinda men xizmat safari bilan Jizzax shahridan Toshkent shahrigacha yo‘lovchi mashinada 20 ming so‘m bilan yetib oldim.

O‘rtadagi farqni solishtirib ko‘ring, bu achinarli holat emasmi? Davlat ahamiyatidagi va umumfoydalanishdagi avtobomil yo‘li deya ta’riflangan yo‘l qachon gulchambarliklar uchun ahamiyatli ekanligini isbotlaydi? Aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan yo‘l tezroq ta’mirlansa bormi, mening eng katta orzularimdan bittasi amalga oshgan bo‘lardi. Menimcha bu ko‘pchilikning orzusi bo‘lsa kerak.

Baxriddin URALOV,
JDPU o‘qituvchisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan