HARBIYLARGA YANGI XONADONLAR KALITLARI TOPSHIRILDI

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini oshirish bilan bir qatorda harbiylarning oilalari uchun munosib yashash sharoiti yaratib berishga ham katta e’tibor berilayapti. Bayram arafasida Baxmal tumanida xizmat burchini ado etayotgan harbiylar uchun 25 ta yangi xonadon qurilib, foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan bayram arafasida tashkil etilgan tantanali tadbirda viloyat va tuman rahbarlari, harbiy qism qo‘mondonligi, harbiylar va ularning oila a’zolari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda viloyat hokimi Ergash Saliyev, harbiy qism komandiri, polkovnik Azizbek Soliyev, “Muzbuloq” MFY raisi Salohiddin Nurmanovlar harbiylarni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami hamda Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabrikladilar va harbiylarga yangi xonadonlarning kalitlarini topshirdilar.

Marosimda Vatanimiz tinchligini ta’minlashda oldingi qatorda turuvchi chegarachilar va ularning oilalariga ko‘rsatilgan bu kabi g‘amxo‘rliklar kelgusida sarhadlarimiz qo‘riqchilarining xizmatlarini yanada samarali olib borishlarida muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Uy-joylarni qurish ishlari “Mega Grand Montaj” MCHJ quruvchilari tomonidan amalga oshirildi. Shinam va ko‘rkam xonadonlar zarur kommunikatsiya tarmoqlariga ulangan.

Hududda xonadonlardan tashqari harbiy xizmatchilarining farzandlari uchun ham bir qator qulay sharoitlar yaratildi. Bolajonlar uchun o‘yin maydonchasi tashkil etildi, tumandagi 18-sonli DMTTda 24 o‘rinli qisqa muddatli guruh faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Tadbir qatnashchilari yangi uylarda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar va xonadon sohiblariga o‘zlarining Yangi yil tilaklari va ezgu istaklarini bildirdilar.

 

Umirzoq HAMDAMOV,
Vasil ILYOSOV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan