Ummonlar tarixini bilasizmi?

Har bir okean nomi shakllanishida geografik, tarixiy va lisoniy omillar mavjud.  Okean yunoncha “okeanos” – “dunyo daryosi” ma’nosini anglatadi. Tinch, Atlantika, Hind va Shimoliy Muz okeanlari yer yuzining taxminan 71% ini egallaydi.

1650 yilda golland geografi B.Varrenius dunyo okeanini 5 qismga: Tinch, Atlantika, Hind, Shimoliy Muz va Janubiy Muz okeanlariga bo‘ldi. 1845 yilda London geografiya jamiyati ham buni tasdiqladi. Keyinroq ba’zi olimlar Dunyo okeanini  faqat 3 ga ajratdilar: Tinch, Atlantika va Hind okeanlari. XX asrning 30 yillaridan boshlab Arktika havzasi sinchiklab tekshirilgandan keyin to‘rt alohida okean ajratildi.

Tinch okeani – dunyodagi eng katta va chuqur (Marianna cho‘kmasi -11022 metr) okean bo‘lib, dunyo okeani maydonining yarmini tashkil etadi. U g‘arbda Osiyo va Avstraliya, sharqda Shimoliy va Janubiy Amerika, janubda Antraktida oralig‘ida joylashgan. Bering bo‘g‘ozi orqali Shimoliy Muz okeanidan ajraladi. Atlantika va Hind okeanlari bilan umumiy chegarasi mavjud. 1520 yili dunyo bo‘ylab aylana sayyohatga chiqqan Fernando Magellan ekspeditsiyasi uch oydan ko‘proq muddat okean suvlarida suzib, biron bir katta to‘lqin yoki bo‘ronga duch kelmagan. Dastlabki taassurotlarga asoslanib Magellan uni Mar Pacifico – Tinch okeani deb atagan.

Fransuz geografi Byuash 1752 yili maydon jihatdan dunyodagi eng katta okeanni Ulug‘ okean deb nomlashni taklif qilgan. Bu yasama nom geografik nuqtayi nazardan to‘g‘ri bo‘lsa ham ko‘pchilikka ma’qul bo‘lmagan hamda Tinch okeani nomi saqlanib qoldi. U Abu Rayhon Beruniy kartasida Sharqiy okean, XX asr boshlarida nashr etilgan o‘zbekcha kitoblarda Bahri muhiti Kabir deb yozilgan. 

Atlantika okeani kattaligi jihatdan Tinch okeanidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. U shimolda Grenlandiya va Islandiya orollari, sharqda Yevropa hamda Afrika, g‘arbda Shimoliy va Janubiy Amerika, janubda Antarktida orasida joylashgan. Uzunligi shimoldan janubga 15 ming km, enining eng kambar joyi 2830 km. (ekvator yaqinida), o‘rtacha chuqurligi 3926 m. Atlantika okeani insoniyatga qadim zamonlardan ma’lum suv havzasi hisoblanadi. Uni sharqda Uqyonus, Akbar (buyuk), A’zam (ulug‘), kun botish tomonida joylashganligidan – Mag‘ribiy, Zulmat deb atashgan. Hozirda u muhim iqtisodiy va strategik ahamiyatga ega. Atlantika okeaniga dunyo kemalarida tashiladigan yuklarning 60 foizi, baliq ovlashning 40 foizi to‘g‘ri keladi. Dunyodagi eng katta portlarning ko‘pchiligi Atlantika okeani havzasida joylashgan.

Qadimgi Yunon tarixchisi Geradot (miloddan avvalgi V asr) asarlarida uning nomi ilk bor Atlantis dengizi shaklida uchraydi. Rimlik olim Pliniy (milodiy I asr) okeanga nisbatan Oceanus Atlanticus – Atlantika okeani nomini qo‘llagan. O‘rta asrlarda okean qismlari Shimoliy dengiz, G‘arbiy dengiz, Tashqi dengiz kabi nomlar bilan atalgan. Okeanning hozirgi holati bilan bog‘liq bo‘lgan tasavvurlar XVII asrda paydo bo‘lgan. Atlantika nomining paydo bo‘lishini mutaxassislar, qadimgi Yunon mifologiyasida osmonni o‘z yelkasida ko‘tarib turgan samo xudosi Atlant nomi bilan bog‘liq deb hisoblashadi.

Okean nomining boshqacha izohlari ham bor. Atlantika – afsonaviy Atlantida oroli nomidan olingan. Platon asarlaridagi rivoyatlarga ko‘ra, Atlantida taxminan, Gibraltar bo‘g‘ozining g‘arbida joylashgan qadimiy ulkan orol. Yeri serhosil, aholisi zich joylashgan. Zilzila natijasida okean qa’riga cho‘kib ketgan. Atlantidaning mavjud bo‘lganligi va halokatga uchrashi sabablari fanda hanuzgacha muammo bo‘lib qolmoqda.

Hind okeani Shimoliy tropik chizig‘idan butunlay janubda joylashgan. Bo‘lib, Atlantika va Tinch okeani bilan katta masofada tutashgan. Atlantika okeani bilan chegarasi shartli ravishda Afrika janubidagi Igna burni, Tinch okeani bilan chegarasi Tasmaniya orolidagi Janubiy burun orqali o‘tkaziladi. Hind okeani juda katta masofada Antraktida bilan tutashib tursada, boshqa okeanlarga nisbatan ancha iliq. O‘rtacha chuqurligi 3711 metr.

Hind va Hindiston O‘rta Osiyoliklarga azaldan ma’lum nom. “Hind” dastlab daryo nomi bo‘lgan. Hozirgi zamon tarixida davlat, yarim orol, tog‘ tizmasi, okean nomiga ham shu so‘z asos vazifasini bajaradi. Hind okeani haqidagi dastlabki tasavvurlarga uning sohillarida yashagan xalqlar ega bo‘lganlar. O‘rta Osiyolik Abdurazzoq Samarqandiy Hindistonga dengiz orqali sayohat qilgan. Hind okeani va Hindiston to‘g‘risida to‘plagan ma’lumotlarni o‘z asarlarida yozib qoldirgan. Toponim ilk bor milodiy I asrda Pliniy asarlarida – Oceanus Orientalis Indidcus – Sharqiy Hind okeani shaklida qayd qilingan. XVI asrdan boshlab nom dunyo kartalarida Hind okeani shaklida yozilmoqda.

Shimoliy Muz okeani (avvalgi nomlari: Shimoliy Qutbiy dengiz, Shimoliy Muz dengizi) – Shimoliy qutb atrofida, Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaning shimoliy qirg‘oqlari oralig‘ida joylashgan okean. Maydoni bo‘yicha okeanlar orasida eng kichigi, o‘rtacha chuqurligi 1220 metr. Atlantika va Tinch okeanlari bilan bo‘g‘ozlar orqali tutashgan. Shimoliy Muz okeani dastlab mustaqil okean sifatida 1650 yilda golland geografi B.Varrenius tomonidan ajratilgan va o‘sha davrda Giperborey okeani deb atalgan.

Giperborey qadimgi yunon tilida “borey” – “shimoliy shamol xudosi”, “shimol ramzi” ma’nosini ifodalovchi sun’iy nom. 1845 yilda uni London geografiya jamiyati Shimoliy Muz okeani deb atadi. XVII-XVIII asrlar davomida Muz dengizi, Murmansk dengizi, Shimoliy dengiz, Tatar dengizi deb atalgan. XIX asrdan boshlab bir qator Yevropa mamlakatlarida Arktika okeani degan nom ham qo‘llanilgan. Arktikada XIX asrning 20 yillarida ilmiy tadqiqot ishlari olib borgan rus dengizchisi, admiral F.R.Litke ham uni Shimoliy Muz okeani deb nomlashni taklif etgan. 1935 yildan boshlab alohida okean sifatida ajratilgan. So‘ngi yillarda janubiy yarim sharda – Antarktika atrofida beshinchi okean – Janubiy Muz okeani ham ajratilmoqda.

 

Elbek KAMOLOV,

JDPU geografiya va iqtisodiy bilim asoslari

kafedrasi o‘qituvchisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan