O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining ijrosi yuzasidan yurtimizda qator hayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yangi yil arafasida o‘z uylariga ega bo‘lgan 30 nafar yosh yigit-qizning quvonchlari cheksiz bo‘ldi.
— Menga “Toshloq” MFY, Otchopar massivida joylashgan ko‘p qavatli uydan xonadon berildi, — dedi Sevinch Hamrayeva. — Yurtboshimiz tomonidan otalarcha ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlikdan qanchalik suyunganimni tasvirlash qiyin. Ayni damda qalbimga muhrlanayotgan ushbu so‘zlarni baralla aytgim kelayapti, bir umr Vatanimga sadoqatli farzand bo‘lib yashayman, hayotimning har lahzasini xalqimga munosib xizmat qilishga bag‘ishlayman!
— G‘allaorol tumani Marjonbuloq shaharchasida joylashgan ko‘p qavatli uydagi 125 million so‘mlik ikki xonali uyni kalitini qo‘limga berishganida juda xursand bo‘ldim, — dedi Shoxrux G‘oziboyev. — Bu uy yurtimiz ichra o‘zimniki bo‘lgan mustaqil kichik vatandir. Bilagimda kuchim, yuragimda g‘ururim bilan jamiyatimiz rivoji uchun mehnat qilishni niyat qilganman. Shundagina insoniylik quyoshi nur sochib turguvchi ona diyorimda yuzi yorug‘ o‘g‘lon bo‘laman.
— Davlatimiz rahbari tomonidan Yangi yil oldi sovg‘asi sifatida taqdim etilayotgan xonadonlar viloyatimizda 30 nafar uy-joyga ehtiyojmand yoshlarni orzusini amalga oshirdi, — dedi viloyat hokimligining bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati mudiri Dilbar Pardayeva. — Endi ular maqsadlari yo‘lida o‘z ustida ishlab, ma’lum sohada rivojlanishi, faravon va ibratli turmush sharoitiga ega bo‘lish imkoniyatiga egadirlar.
Gulchehra XIDIROVA.