Yangiobod tumanida aholi bandligiga ko‘maklashish markazida bosh hisobchi bo‘lib ishlayotgan Xurshidning avvaldan to‘qimachilik sanoatiga qiziqishi bor edi. Shu ishga qo‘l urishni o‘ylab yurar, ammo bu borada o‘z faoliyatini boshlash va ish yuritish uchun yetarlicha tajribasi yo‘qligi bois jur’at qila olmayotgan edi.
Oxiri qiziqishlari ustun kelib, shu yo‘nalishda tadbirkorligini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘ldi. So‘rab-surishtirib Toshkent shahrida to‘qimachilik sohasida ish yuritayotgan bir korxonada ish o‘rganish mumkinligini bildi. U bir oy davomida tirishqoqlik va qunt bilan ish o‘rgandi, tajriba orttirdi.
2021 yilda tumandagi Saydon mahallasida bo‘sh turgan binoni lizing asosida 2 mlrd.ga so‘mga sotib oldi. O‘sha yilning yanvar oyida turk hamkorlari bilan birga tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
—Hozir tikuv seximizda Xitoy davlatidan keltirilgan tikuv mashinalarining soni 100 tani tashkil etadi, — deydi yosh tadbirkor Xurshid Muhammadjonov. — Dastlab ish boshlaganimizda 25 ta ish o‘rni yaratganmiz. Hozir 80-85 ta ish o‘rni bor. Asosan kam ta’minlangan oilalar a’zolarini ish ga jalb qilganmiz. Korxonamizda 100 xildan ortiq mahsulot ishlab chiqariladi. Har oyda 60-70 ming dona mahsulot tayyorlanadi. Har bir xodimimizning zimmasiga reja yuklatilgan, vaqtini ham shunga ko‘ra xodimning o‘zi belgilaydi. Bajargan ish hajmiga qarab maosh to‘lanadi. Agar rejani muddatidan ilgari sifatli bajarsa, ishini tugatib uyiga ketishi mumkin. Ishchilarga oyligidan tashqari, yo‘l kira, ovqat puli beriladi, uzoq yo‘ldan qatnovchilarga mashina ajratilgan. Seximizda 2022 yilning hisobot davriga kelib 14 mln. dona mahsulot ishlab chiqildi. Bu yil hozirga davrga qadar 8 mln. donadan ortiq mahsulot ishlab chiqardik. O‘tgan yilda Tojikiston Respublikasi bilan 12 ming AQSH dollarlik shartnoma tuzib, mahsulotlarimizni eksport qildik. Asosiy mablag‘imiz kreditga ketib qolishini inobatga olib, endi 2024 yildan yana eksport qilishni boshlaymiz. Chunki kelgusi yilda bu hamkorlarimizning hududlarida sexlar qurish boshlanadi, biz ularga mahsulot yetkazib beramiz.
Shalola Karimjonova ishsizligi bois “Yoshlar daftari”da turardi. Ish so‘rab murojaat qilganida unga shu yerni tavsiya qilishdi. Sexga kelib ustozlardan bilmagan narsalarini o‘rgandi, dugonalar orttirdi.
—Avvaliga boshida tikishni yaxshi bilmasdim, keyin bichish-tikishni bilib oldim, endi o‘zim mustaqil tika olaman. Bu yerda ishlash menga juda yoqadi. O‘zim ishlab pul topayotganimdan, ro‘zg‘orimizga harna foydam tegayotganidan xursandman.
Laylo Rahmonberdiyeva hamkasblari tikkan liboslarni dazmol qiladi. Unga tikuvchilikni, mashinada o‘tirib libos tikishni ham taklif qilishgan, ammo u ishi o‘ziga yoqqanligi sababli uni davom ettirayapti.
—Bu yerda mehnat qilayotganimga 2 yildan oshdi. Ishim o‘zimga yoqadi. Tikuv mashinasida ishlashni ham o‘rganib oldim. Oylik maoshlarimizni vaqtida olamiz. Ilgari ishsiz edim, endilikda ro‘zg‘orim uchun pul topayapman. Buning uchun avvalo hukumatimizga, sex boshlig‘i Xurshid akaga minnatdorlik bildiramiz. Fabrikamizga ko‘plab o‘quvchi yoshlar kelib shogird tushishadi, hunar o‘rganishadi,— deydi ayol.
Yosh tadbirkor Xurshid Muhammadjonovning kelajak rejalari ko‘p. U Yangiobod tumanida tekstil sohasini yanada rivojlantirish, o‘z tadbirkorligini kengaytirish, ish hajmini oshirish, ishsiz yurgan yoshlar, ayollarni ish bilan band etishni niyat qilgan.
Xolnisa RAHMONQULOVA.