PЕDAGOG-OLIMLAR SARDORI

Dunyoda e’tirof degan yuksak baho borki, bu bahoga hamma ham sazovor bo‘la olmaydi. Ushbu so‘zning toshu-tarozusi ham og‘ir. Mazkur bahoga munosib deb topilgan inson hayotda o‘zining aqliy, ilmiy, ma’naviy, insoniy, ijodiy tashkilotchiligi, tashabbuskorligi va boshqa jihatlari bilan tan olinishi, hurmat va e’tiborga sazovor bo‘lishi lozim. Xolboy Ibraimov haqida gap ketganda bizning ko‘z o‘ngimizda har tomonlama yuksak e’tirofga loyiq inson gavdalanadi. Ustoz! Muallim! Mudarris! Murabbiy! Bu so‘zlar naqadar purma’no va sermazmundir. Bu so‘zlarni eshitganda qalblar junbushga kelib, ko‘ngillar yorishib ketadi.

Jahonda bo‘lmasa muallim agar,
Hayot ham bo‘lmasdi go‘zal bu qadar.

Ustoz – sofdil, kamtarin, ma’naviy boy, axloqan pok insondir. Ustozlar – butun kuchlarini, aql-idroklarini, bilim va zehnlarini, qalb qo‘riyu mehrlarini shogirdlariga baxshida etgan zahmatkashlardir. Donishmandlar aytishadiki: “Elni ma’rifat asraydi”. Har qanday jamiyatning rivojlanishi, har bir mamlakatning taraqqiyoti, xalqning to‘kin-sochinligi, baxtiyor va obod, tinch va farovon yashashi ularning ilmu ma’rifatga e’tibori bilan belgilanadi. Qayerda ilm va ziyo qadrlansa, ularning egalariga muayyan shart-sharoitlar yaratilsa, o‘sha joyda yanada o‘sish va rivojlanish bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinganligi Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’lim sohasiga berayotgan yuksak e’tiboridan darakdir.

Ma’rifat va ziyo yuksalsa, ulug‘ kashfiyot qiladigan fidoyi olimlar yetishib chiqadi. Zero, olimlar qayerda ko‘p bo‘lsa, o‘sha yerda samarali izlanishlar, ilmiy-ijodiy yutuqlar paydo bo‘ladi, yosh shogirdlarga nisbatan o‘sha yerda ta’lim ham, tarbiya ham bo‘ladi. Ta’limning yaxshi yo‘lga qo‘yilishi tarbiyaning mazmunini yanada mukammallashtiradi. Ilm va tarbiya berish maqsadida yuzlab yoshlarni o‘z farzandidek ko‘rgan talabchan ustoz va fidoyi olimning el-yurt orasida, sidqidildan mehnat qilgan o‘z jamoasi o‘rtasida hurmati baland bo‘ladi, hamkasblarining hurmati cheksiz, munosabatlaridagi ulug‘ niyatlar chin ko‘ngildan tug‘iladi. Ma’lumki, ilm-fanning turli sohalarida alohida jonbozlik ko‘rsatgan, yirik nazariy g‘oyalarni ilgari surgan va murakkab muammolarni hal qilib bergan hamda ko‘plab shogirdlar yetishtirgan olimlar haqida gap borganda, ularni ilmiy maktab yaratgan degan ibora bilan ta’rif-tavsif etiladi.

Qori Niyoziy nomidagi O‘zPFITI direktori, pedagogika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi – akademigi, bir qancha davlat mukofotlari sohibi Xolboy Ibraimov pedagogika yo‘nalishida o‘z ilmiy maktabini yaratgan ustoz-olim hisoblanadi. X.Ibraimov O‘zPFITI direktori hamda institut huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash raisi sifatida yosh olimlarning butun bir avlodini shakllantirishga katta hissa qo‘shdi. U bugungi kunda ham ulkan muvaffaqiyat bilan ma’rifiy faoliyatini davom ettirmoqda. Ilmiy-pedagogik kadrlar davlat attestatsiyasida ishtirok etib, ilmiy pedagogik jamoatchilik tomonidan shaxsiy yutuqlari va ilmiy natijalari, uzluksiz ta’lim, maktabgacha va maktab ta’limi sohasida ilmiy-texnik muammolarni hal etishdagi faol ishtiroki, jamoa tarkibida ishlab chiqqan ilmiy-uslubiy ishlanmalari, ilmiy-pedagogik jamoaga rahbarlik qilish orqali erishgan ulkan natijalari tufayli pedagogika fanini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan yetuk olim sifatida e’tirof etilmoqda; u uzluksiz ta’lim sohasida ilmiy maktab yaratgan va uni rivojlantirgan yuksak salohiyatli pedagog olim hamdir.

Hozirga qadar ustoz X.Ibraimov rahbarligida 9 nafar pedagogika fanlari doktori, 36 nafar fan nomzodi va pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari tayyorlangan. Aynan mana shu shogirdlar orasida Jizzax davlat pedagogika universitetining ilmiy tadqiqotchilari borligi ham biz uchun sharafdir. Viloyatimizda oliy ta’lim tizimida katta o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Xorijiy va xalqaro universitetlarning filiallari va xususiy oliy ta’lim muassasalari sog‘lom raqobat bilan bugun o‘z faoliyatini olib bormoqda. Yoshlarimizning oliy ta’limga qamrov darajasi ham bugun sezilarli darajada o‘sgan. Ta’lim sohasidagi islohotlar ham bugungi kunda o‘zining dolzarbligi hamda amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan aslo qolishmaydi. Chunki ushbu sohadagi islohotlarni yanada keng ko‘lamda davom ettirish davr talabidir. Negaki, inson kapitali sifatini oshirmasdan turib, keyingi iqtisodiy o‘sishni ta’minlash qiyin kechadi. Shu bois, zarur kuch va resurslarni ta’lim sifatini oshirishga, malakali kadrlar tayyorlashga yo‘naltirish nafaqat bugun, balki ertaning ham ustuvor vazifasiga aylanmoqda. Jizzax viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarining N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zPFITI va faoliyat ko‘rsatayotgan tadqiqotchilarning ustoz bilan hamkorlik qilishi viloyatda ilmiy-akademik muhitni rivojlantirish uchun muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi hamda ilmiy-tadqiqot tajribalarni viloyatlarga olib kirish orqali ilmiy salohiyatni mutlaq yangi bosqichga ko‘tarishga erishiladi.

X.Ibragimov tomonidan uzluksiz ta’lim tizimini intensifikatsiyalashning tashkiliy-pedagogik asoslari tadqiq etilmoqda. Ilmiy-pedagogik ishlarining amaliyotga tatbiq etilganlik darajasi – olim tomonidan 600 dan ortiq nashr ishlari tayyorlangan. Jumladan, oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun 7 ta darslik, 5 ta o‘quv qo‘llanma, 13 ta monografiya, uning rahbarligida umumta’lim maktablari uchun 13ta o‘quv qo‘llanma yaratilgan. Olingan ilmiy natijalari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga joriy etilgan. Uning hammuallifligi va rahbarligida umumta’lim maktablarining o‘quvchilari uchun “Mening ma’naviy hamrohim”, “O‘qituvchi kitobi”, “Ota-onalar kitobi”, cho‘ntak kitobchalar, oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun qator darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar yaratildi. U ta’lim standartlarini ishlab chiqish va modernizatsiyalashda, oliy pedagogik ta’lim bo‘yicha darsliklarning yangi avlodini yaratishda bevosita ishtirok etib kelmoqda. OTM uchun yaratilgan Umumiy pedagogika darsligida keyingi yillarda pedagogika fani va ta’lim-tarbiya amaliyotida erishilgan yangiliklar, yutuqlarni aks ettirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti talablariga mosligini ta’minlash uchun optimal pedagogik shart-sharoitlar yaratish haqidagi fikrlari bayon etilgan.

Ustozning ko‘p yillik mehnat faoliyati hamisha e’tiborga olinib, davlatimiz tomonidan e’tirof etib kelinmoqda. «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni, «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 15 yil», «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 20 yil» esdalik nishonlari, O‘zbekiston Respublikasi Turon Fanlar Akademiyasi Akademik unvoni, Xalqaro Rossiya «Psixologiya fanlar akademiyasi» akademigi unvonlari bilan taqdirlangan.

Ustoz deganda, har qaysi inson ko‘nglida chuqur hurmat-ehtirom va cheksiz minnatdorlik tuyg‘ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o‘lchab va ado qilib bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi paydo bo‘ladi. Inson, avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo‘l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo‘lida zahmat chekkan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko‘nglida hamisha minnatdorlik tuyg‘usi bilan yashaydi. Ustozning keyingi ilmiy-tadqiqot faoliyatida yanada yuksak zafarlar tilab qolamiz.

G‘ayrat QODIROV,
Jizzax davlat pedagogika universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalari bo‘yicha prorektori, dots.nt.
Hamidulla MЕLIYEV,
universitet Maktabgacha ta’lim metodikasi kafedrasi mudiri, professor.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan