VOHADA TURIZM RIVOJLANMOQDA

Davlatimiz rahbarining joriy yilning 12 yanvarida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag‘batlantirish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi Qaroriga ko‘ra, mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qator imkoniyatlar yaratilishi belgilangan.

Viloyat hokimining 2024 yil 29 yanvarda bu boradagi qarori qabul qilinib, unga muvofiq, viloyatimizda barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratishni nazarda tutuvchi to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish ko‘rsatilgan.

Aytish joizki, o‘ziga xos sayyohlik salohiyatiga ega vohamizda turizm sohasida qishki mavsum yaxshi ko‘rsatkichlar bilan yakunlanmoqda. Viloyatga 2024 yilning o‘tgan davri davomida 23 ming 296 nafar xorijiy, 26 ming 800 nafar mahalliy sayyohlar tashrif buyurdi. Hali sayohat mavsumi u qadar faollashmagan bo‘lsada, o‘lkamizning qishki qiyofasi, go‘zal tabiati, purviqor tog‘lari sayyohlarni o‘ziga tortib kelayotir.

Viloyatimizga mahalliy va chet ellik sayyohlar tashrifini yanada ko‘paytirish, turizm joylarida sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning sayohatida tug‘iladigan muammolarni bartaraf qilishga e’tibor qaratilmoqda. Viloyat turizm boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ham aynan shu masalalar ko‘rib chiqilgan.

Boshqarmada yangi sayohat mavsumi oldidan turistik obyektlar bo‘yicha harakat rejasi va yo‘nalishi belgilab olindi.

—Viloyatimizda bu borada maxsus ishchi guruh tashkil etilgan bo‘lib, qilinadigan ishlar kelishib olindi, — deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Egamberdiyev. —Kelgusida kerakli turistlarga yaulay shart-sharoitlar yaratish, turizm obyektlarida sanitariya-gigiyena shoxobchalarining mavjudligi, ularning turizm normalari hamda qoidalari talablariga muvofiqligi bo‘yicha ishchi guruh tomonidan xatlov o‘tkazilishi belgilanib olindi.

Shundan so‘ng ishchi guruh tomonidan viloyat hududidagi va M-39 magistral yo‘lida, yo‘l bo‘yida joylashgan xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida sanitariya hamda shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiqligi, ularda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “to‘siqsiz muhit” yaratilgani yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilib, tegishli tavsiyalar berildi.

Xolnisa RAHMONQULOVA

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan