Nazarimda, ichki ishlar tizimida ishlovchi ayollar, shakllangan stereotiplarga qaramasdan, sohaning barcha nozikliklarini erkaklarga nisbatan yaxshiroq o‘zlashtirishgan. Nozik xilqat vakillari kuchli irodasi bois kasb vazifasini muvaffaqiyatli amalga oshirish bilan birga ona, turmush o‘rtoq bo‘lishni ham unutmaydi. O‘z hayotini ichki ishlar organlarida xizmat qilish bilan bog‘lagan ayollarning umumiy jihati bor: kasbga sadoqat, oilaga mehr.
Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasi 2-sonli ichki ishlar bo‘limi jinoyatchilikning oldini olish guruhining xotin-qizlar ishlari bo‘yicha katta inspektori kapitan Gulbahor Rasulova fikrimizning yorqin isboti. Jizzax politexnika institutini iqtisodchi mutaxassisligida tugatgach, u ikkilanmasdan viloyat ichki ishlar boshqarmasiga ariza topshirdi. Sinov muddatidan keyin u viloyat ichki ishlar boshqarmasi kadrlar bo‘limi katta kotibi lavozimiga qabul qilindi. Otasi tez orada tizimdan pensiyaga chiqishi kerak edi, bu yangilikdan u faxrlandi, albatta.
– Xizmatim davomida men yanada vazmin bo‘ldim, xarakterimda yangi, irodali xususiyatlar paydo bo‘ldi,- deydi suhbatdoshimiz o‘zi haqida. – Men shaxsiy vaqtimni hisobga olmasdim, chunki zobitlik sharafi va burchi meni temir intizomga o‘rganishimni taqozo etdi. Faoliyatimdagi birinchi qadamlarni qo‘yganimda, men juda xavotirda edim. Hamkasblarimning barchasi asosan erkaklar edi. Yillar davomida qat’iyat va qiyin talablar meni ham ularning safidan munosib joy olishimga sabab bo‘ldi.
Ayollarning huquqni muhofaza qilish organlarida mavjudligi kasbni bezatadi. Ammo har bir ayol ham bu sohada ishlashga bardosh bera olmaydi.
Hamkasblarining so‘zlariga ko‘ra, Gulbahor Obidovna mas’uliyatli va yaxshi ijrochi bo‘lib, o‘ziga ham, qo‘l ostidagilardan ham shuni talab qiladi. Hujjatlar bilan ishlash ehtiyotkorlik, aniqlik va professionallik, mas’uliyat, o‘ziga va boshqa odamlarga nisbatan halollik, o‘z harakatlarining to‘g‘riligiga ishonch, xatolarni tan olish qobiliyatini talab qiladi. Qahramonimizdagi ichki xotirjamlik va sabr-toqat qiyin vazifalarni hal qilishga yordam beradi.
– Kasbiga muhabbatli, insonlarga mehrli insonlar huquq-tartibot idoralarida ishlashi kerak, – ta’kidlaydi hikoyamiz qahramoni. – Bu yangi axborot texnologiyalari kirib kelayotgan zamonaviy sharoitda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Demak, biz, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga qo‘yiladigan barcha talablarni qondirish uchun doimiy ravishda takomillashtirishimiz, bilim va ko‘nikmalarimizni oshirishimiz kerak.
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan, samarali mehnati, boy tajribasi va keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish jarayonidagi faol ishtiroki uchun kapitan Gulbahor Rasulova yuksak davlat mukofoti – “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi. Uning ayollik rutbasi va ichki ishlar xodimi sifatidagi faoliyati ana shunday mukofotlandi.
Ruslan JALILOV,