IJOD ZAVQI

“…Andijon choyxonalarida qoshiq berilmaydi. Qaynoqqina oshni qo‘lda yeganga nima yetsin. Lekin Leri bilan Ablda qo‘lda eplay olishmadi. Ular har zamonda oshdan qoshiqda olib yer ekan, o‘zbeklarning qo‘lda “guvalacha” yasab, og‘izlariga tashlashlarini hayrat va maroq bilan tomosha qilishardi…”

Ushbu parchani tajribali jurnalist, iste’dodli yozuvchi Asad Mustafoyening “Gung darvesh” kitobida o‘qir ekansiz, turli obrazlar orqali xalqimizning mehr oqibatida namoyon bo‘ladigan o‘ziga xos urf-odatlarini shunday zavqli va hayotiy tasvirlaganidan maroq olasiz. Qolaversa, asar qahramoni Otabekning uddaburon, qat’iyatli, oriyatli vatanparvar fazilatlari ta’sirli voqeliklar bilan ochib berilgan. Kitobning dastlabki sahifalaridan o‘rin olgan “Kechikkan qasos” qissasida Otabekning Svetaga aytgan shunday so‘zlari bor:

“…Pul, boylik ilinjida hech narsadan qaytmadilaring. Hozir ham faqat shu pul uchun meni otmoqchi bo‘lding. Go‘daklarning har tomchi yoshi, zor qaqshagan ayollarning faryodi, toptalgan muqaddas joylarimiz uchun kech bo‘lsa ham qasos oldim, xolos. Toki bor ekanman qasos olaveraman. Meni yo‘q qilishga ham muvaffaq bo‘lishlaring mumkin. Biroq yana yuzlab, minglab Otabeklar dunyoga keladi…”

Muallifning deyarli barcha asarlarini berilib, miriqib o‘qigingiz keladi. Yaqinda uning “Forishlikning Parijdagi sarguzashtlari” nomli kitobi ham bosmadan chiqdi. Asarda komiklikning ustuvorligi, yumor faqat beg‘ubor kulginigina vujudga keltirmaydi. Zukko o‘quvchi bu kulgu ortida jamiyat va inson kamoloti bilan bog‘liq jiddiy masalalar yotganini yaxshi anglaydi. Umuman, qissaning ifoda yo‘sinida esdalik, nasriy bayon, drama usullari o‘rni bilan qo‘llangan holda, lirik-romantik, tarixiy, publitsistik talqinlar, she’riy parchalar ko‘zga tashalanadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Asad Mustafoyevning “Yo‘lda uchragan odamlar”, “Baxt izlagan odamlar” kabi novellar to‘plamlari ham kitobxonlar qalbidan joy olgan. Shunday ekan, yurtimizdagi barcha ijodkor jurnalistlar, kitobxonlar hamda nasihatlari bilan yuksak yutuqlarga erishayotgan bir qator shogirdlari nomidan ustozni samimiy qutlab, ijodiy faoliyatlarida omadlar tilab qolamiz.

Gulchehra XIDIROVA.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan