Kasaba uyushmalari kuni oldidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi binosida tibbiyot sohasida fidoyilik bilan mehnat qilib kelayotgan, shuningdek, Federatsiya hamda sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilingan tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan tibbiyot xodimlari taqdirlandi.
Tadbirni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Nusratulla Pardayev kirish so‘zi bilan ochib berdi va viloyatimizda aholi sog‘ligini saqlashda yuqori natija ko‘rsatgan tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining yutuqlarini e’lon qildi.
Xususan, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi kasaba uyushmasi raisi Gulchehra Karimovaga Xalqaro mehnatni muhfoaza qilish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan respublika tanlovida “Eng yaxshi tashkilot” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgani uchun diplom va esdalik sovg‘asi topshirildi. Abu ali ibn Sino nomidagi Jizzax salomatlik texnikumining mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassisi Shuhrat Oripov “Mehnat muhofazasining eng yaxshi vakili” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topilgani uchun taqdirlandi.
Jizzax shahar tibbiyot birlashmasining 12 nafar hamshirasiga “Xayrli tong” sog‘lik gimnastikasi ” yo‘nalishida o‘tkazilgan etnosport bo‘yicha xalqaro festivalda 1-o‘rinni qo‘lga kiritishgani uchun diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. “Sog‘liqni saqlash vaziri kubogi -2023” mini futbol musobaqasining respublika bosqichida 3-o‘rinni egallagan Tez tibbiy yordam respublika ilmiy-amaliy markazi Jizzax filiali jamoasiga maxsus sovg‘a va diplom tantanali sur’atda topshirildi.
Natalya BЕSЕDINA,
B. KUDRATOV olgan surat