Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazi ilmiy-metodik kengashining navbatdagi majlisi bo’lib o’tdi. Majlisda tizimda uzoq yillar faoliyat yuritgan va ilmiy izlanishlar olib borayotgan iqtidorlarni rag‘batlantirish masalasi muhokama etildi.
Hududiy mahorat markazida bir qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Markazning kuni kecha bo‘lib o‘tgan ilmiy-metodik kengashi qarori bilan “Markaz faxriy doktori” ilmiy darajasi va “Markaz dotsenti” hamda “Markaz professori” ilmiy unvonlari ta’sis etildi.
Ilmiy daraja va unvonlarni olgan professor oʻqituvchilarini ragʻbatlantirish Nizomi ishlab chiqildi, muhokama etildi va tasdiqlandi. Nizomga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 3-iyunda 2793 raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan, O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi rayosatining 2016 yil 28 aprelda 224/8-son bilan tasdiqlangan “Ilmiy unvonlar berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomi” asos qilib olindi.
Hududiy mahorat markazining professor-o‘qituvchilarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash orqali tadqiqotchilarni ilm bilan jiddiy shug’ullanishga undash va provardida ilmiy salohiyatini oshirishga erishish Nizomning maqsadi hisoblanadi.
Nizom orqali Mahorat markazining professor-o‘qituvchilariga “Markaz dotsenti”, “Markaz professori”, “Markaz faxriy doktori” ilmiy unvon va ilmiy darajalar berish orqali rag‘batlantirish tartibini belgilandi.
Ilmiy unvon va ilmiy darajalarga talabgorlar ilmiy loyiha, davlat granti, xo‘jalik shartnomasi yoki boshqa loyihalar doirasida ilmiy natijalar olgan, Markazning ma’naviy-ma’rifiy ishlarida samarali ishtirok etayotgan, zamonaviy o‘qitish usullarini egallagan, zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘quv mashg‘ulotlarini yuqori saviyada olib borayotgan bo‘lishlari kerak.
Shu bilan bir qatorda ta’lim sohasida ma’lum muddat pedagogik ish stajiga ega bo‘lishlari talab etiladi. Markazda alohida o‘rnak ko‘rsatgan, zamonaviy kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ta’lim sohasidagi ilmiy-tadqiqot va xalqaro hamkorlik ishlariga katta hissa qo‘shgan talabgorlarga xayrixohlik bildirilishi belgilab olindi.
Xalq ta’limi sohasida faoliyat yuritib, ijobiy natijalarga erishgan, ilmiy daraja va ilmiy unvon sohiblarini, nomdor stipendiantlarni tayyorlagan va Mahorat markazi bilan hamkorlikda faoliyat olib borgan mamlakatimiz olimlariga “Markazning faxriy doktori” ilmiy darajasi berilishiga kelishib olindi. Ilmiy daraja sohibiga tegishli sertifikat va qimmatbaho sovg‘a topshiriladigan bo‘ldi.
“Markaz professori” va “Markaz dotsenti” ilmiy unvoni sohiblariga esa, ilmiy unvon berilganligi haqidagi sertifikat va yil davomida 25 foizgacha bo‘lgan ustama to‘lab borilishi haqidagi taklif ma’qullandi.
Undan tashqari tegishli vazirlik va idoralar tomonidan pedagogik amaliyotda foydalanishga tavsiya etilgan darslik va o‘quv qo‘llanma muallif va hammualliflariga ham bir marotabalik mukofot puli berilishiga kelishib olindi.
Qabul qilingan qarorlar Mahorat markazi ilmiy salohiyatini oshirilishiga va markazning ilmiy tadqiqot va izlanishlar bilan shug’ullanayotgan iqtidorli olimlarini moddiy va ma’naviy qo’llab-quvvatlanishiga xizmat qiladi deb umid qilib qolamiz.
Ali Ahmedov,
Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazi
Ilmiy-metodik kengashi kotibi.