O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan giyohvandlik moddalari noqonuniy aylanmasi yo‘nalishida olib borilgan bir qator tezkor tadbirlar natijasida Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li orqali O‘zbekiston Respublikasiga keltirilgan “opiy” giyohvandlik moddalarini tarqalishining oldi olindi.
Baxmal tumanidagi “Uzunbuloq” QFY hududida yashovchi Rashid Muxtarov jinoiy sheriklari Samarqand viloyatining Urgut tumanida istiqomat qiluvchi Abdulla G‘ofurov va jinoyat ishining unga nisbatan bo‘lgan qismi alohida ish yurituviga ajratilgan tojikistonlik Otabek Egamberdiyev bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositalarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tish va sotish rejasini tuzadilar.
Pixini yorgan og‘ufurushlar jinoiy qilmishlarini ipidan ignasigacha rejalashtirib olgandilar. O‘tgan yili aprel oyida Rashid Muxtarov “Jartepaavtoyo‘l” bojxona va chegara posti orqali Tojikiston Respublikasiga o‘tadi. U Otabek Egamberdiyev bilan 1 kilogramm “opiy” giyohvandlik moddasini 4000 AQSH dollariga sotib olishga kelishadi. Ushbu savdo haqida Abdulla G‘ofurovni xabardor qilib, pul talab qiladi. Oradan bir oy o‘tgach, Abdulla 2470 AQSH dollarini Rashidga yetkazib beradi. Jinoiy sheriklar pulning qolgan qismini qoradori sotilgach, bo‘lib olishni kelishadilar. Endi faqat og‘uni olib kelish qolgandi…
Tojikistonlik Otabek Egamberdiyev ham anoyilardan emasdi. U ham har bir ishni puxta bajarardi. Bu safar ham u ishini a’lo darajada amalga oshirdi. U 2 kilogramm “opiy” giyohvandlik moddasini qo‘ltig‘iga qisib “Qaydasan, Jizzax” deya yo‘lga chiqdi va Baxmal tumanidan o‘tgan “o‘zbek-tojik” davlat chegarasidan o‘tadi. Qoradorini “Turkiston” tog‘ tizmasidagi pinhoniy joyga yashirib ketadi. Bu “sirli joy” Rashid uchun tanish edi. “Opiy”ni qo‘lga kiritgach, Abdullaning yoniga yeldek uchib bordi va unga 968,79 gramini sotdi. Bundan tashqari, R.Muxtarov hamtovog‘i O.Egamberdiyevning topshirig‘iga ko‘ra, 1 kilogramm “opiy”ni tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan “Alisher” ismli shaxsga sotib yuborgan.
Og‘ufurushlikda ustasi farang bo‘lib ketgan Abdulla qo‘lga kiritgan og‘usini sotish maqsadida “Cobalt” rusumli avtomashinada Urgut tumaniga kelayotgan paytda DXX va Jizzax viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.
R.Muxtarovning yashash xonadoni tekshirib ko‘rilganda, 12 gramm “opiy” giyohvandlik moddasining qoldiqlari, 8,1 gramm ko‘knori somoni topilgan.
Viloyat IIB EKBning ekspertiza xulosasiga ko‘ra, jinoyatchilardan olingan 968,79 gramm modda “opiy” giyohvandlik moddasi ekanligi tasdiqlangan.
Giyohfurushlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Baxmal tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqildi. Sudda Rashid Muxtarov bilan Abdulla G‘ofurov qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirdi. Sud hukmiga binoan Rashid Muxtarovga 12 yil, Abdulla G‘ofurovga 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Qoradori qora qilmishini qilib bo‘ldi. Ikki nafar qirchillama yigitni panjara ortiga ravona qildi. Rashid 43 yoshda, Abdulla esa 27 bahorni qarshi olgandi. Birida to‘rt nafar, ikkinchisida ikki nafar farzandlari bor. Yoshlikning 11 va 12 yilini qamoqda o‘tkazishning o‘zi bo‘lmaydi. Ming afsus, ular nafs quliga aylanib, oilani ham, farzandlarini ham unutishdi. Odamlarga zahar-zaqqumni ravo ko‘rib, hayotda adashgan bu kimsalarning orzu havaslari yo‘qmidi?! Hamma qatori ularda niyatlar ko‘p edi… Afsus, qorong‘u ko‘chaga kirib, shunday achchiq qismatni ularning o‘zlari tanlashdi. “Har kim ekkanini o‘radi”, deb bejizga aytmaydi xalqimiz. Ular yaxshilik urug‘ini sepishganda edi, shu payti oilasi bag‘rida tinchgina yashab yurgan bo‘lardi. Ajal urug‘ini sochmoqchi bo‘lishdi. Har qanday yomonlikning jazosi ham bor. Endi ular uzoq yillar qamoqda o‘tirib, qilmishlaridan pushaymon bo‘ladilar.
(Maqola sud materiallari asosida tayyorlandi).