Bugun sudning qora kursisida o‘tirgan Kenja Abishev (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) muqaddam sudlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudining 2010 yil 13 apreldagi hukmiga ko‘ra, JKning 210-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan JKning 45-moddasi qo‘llanilib, 3 yil muddatga adliya, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, barcha korxona muassasa va tashkilotlarda mas’ul va mansabdorlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarbdor tuman sudining 2014 yil 20 yanvardagi ajrimiga ko‘ra, o‘talmasdan qolgan 3 yil 9 oy 8 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan. Keyin jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining 2014 yil 22 maydagi ajrimiga ko‘ra o‘talmay qolgan axloq tuzatish ishlari jazosidan JKning 73- moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan va jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining 2019 yil 24 maydagi 845-sonli xati bilan JKning 78-moddasiga asosan sudlanganlik holati tugallangan.
K.Abishev, afsuski, jazodan tegishli xulosa chiqarmagan ekan. U 2021 yil 29 oktyabr kunidan boshlab hokimiyat idoralarining birida bosh yuriskonsult vazifasida ishlay boshladi. Bu huquqshunos tuman hokimligiga fuqaro S.Irisboyev tomonidan tuman hokimi bilan fermer xo‘jaligining yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasini bekor qilish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritish haqidagi murojaatidan unumli foydalanib qolish maqsadida nayrang ishlatadi. Bosh yuriskonsultning ko‘ziga jaraq-jaraq pullar ko‘rinadi. U fermer xo‘jaligini tuman hokimligi bilan tuzilgan ijara shartnomasini bekor qilish vakolatiga kirmasligini bilaturib, sud idorlaridagi tanishlari orqali bu ishni hal qilish evaziga fuqaro S.Irisboyevdan 5000 AQSH dollari so‘raydi.
—Besh emas, uchga kelishaylik, hozir mablag‘im kamroq-da, aka!
—Bu ishni hal etish uchun sudga 3 million so‘m davlat boji to‘lash kerak bo‘ladi va yana boshqa xarajatlari ham bor-da, ha bo‘pti, boriga baraka, pulni olib keling, yordam beraman.
—Mayli, ertagayoq Sizga pulni yetkazaman.
Shunday qilib nafsi hakalak otgan huquqshunosning mumaygina daromad topish “operatsiyasi” ertasi kuni xamirdan qil sug‘urgandek silliqina o‘tayotgan edi. U 3000 AQSH dollarini cho‘ntagiga solib, bir olam quvonchga to‘lib ketayotgan paytida uni DXX xodimlari to‘xtatishdi. Unga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Sudda Kenja Abishev aybiga qisman iqrorlik bildirib, qilmishidan pushaymonligini, yengillik berishni so‘radi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Forish tuman sudining hukmiga binoan u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan aybli deb topildi va 2 yil muddatga davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda huquqshunos vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda unga 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Ota-bobolarimizdan qolgan “Og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi”, degan dono naql bejizga aytilmagan. Kenjaning bir marta og‘zi kuyib, qamalib ketgani esdan chiqib qolganmi, haytovur boshi toshga tegsa ham aqli kirmagan ekan. Nafs balosi odamni har kuyga soladi. Ochko‘zlik uning oyog‘ini toydiradi. Bu safar ham uning nayrangi ish bermadi.
Lochin BЕK.