Viloyat hokimligida o‘tkazilgan navbatdagi idoraviy yig‘ilishni boshqarib borgan viloyat hokimi Ergash Saliyev yig‘ilganlar e’tiborini viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir dolzarb masalalarga qaratdi.
Jumladan, viloyatimiz rahbari shahar va tumanlardagi 2272 ta ko‘pqavatli uylarni ta’mirlash uchun olingan qarzlarni o‘z vaqtida to‘lash masalasiga alohida to‘xtaldi. Boshqaruv servis kompaniyalari hisobiga 10 milliard so‘mdan ziyod kreditga olingan mablag‘lar undirilishi kerak. Afsuski uy-joy, shirkatlari tomonidan bu borada yetarli ish olib borilmayapti. Xonadon egalari bilan shartnomalar tuzish ishlari hamon paysalga solib kelinmoqda. Ishchi guruhi tomonidan 1963 ta uylar o‘rganilganda, ushbu xonadonlarda yashovchi 28 ming nafardan ziyod fuqarolarning 21 mingdan ortig‘i shartnomalar tuzilmaganini aytgan. Shartnoma asosida to‘lovlarni “Mening uyim” elektron tizimiga o‘tkazish ishlari ham o‘ta sust. Yig‘ilishda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish madaniyati o‘ta past darajada ekanligi tanqid qilindi. Ko‘p qavatli uylardagi liftlarning tez-tez buzilib qolayotgani odamlarning noroziligiga sabab bo‘layapti. Lift ishlamay ichida qolib ketayotgan fuqarolarni favqulodda vaziyatlar bo‘limlari yoki ichki ishlar xodimlari qutqarib, undan chiqarib olishayati. Bunday holat qachongacha davom etadi?! Ko‘pqavatli uylarning atrofini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga ham mas’ullar yetarli e’tibor bermayapti. Ayni paytda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi xodimlari mavjud qarzdorlikni undirish uchun astoydil harakat qilayapti. Ammo, qonuniy shartnomalar tuzilmaganligi kelgusida qarzlarni undirishda ko‘plab muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi ta’kidlab o‘tildi. Viloyat hokimi ushbu masala yuzasidan mutasaddi rahbarlarga zarur topshiriqlar berdi.
Yig‘ilishda budjet daromadlari, mahalliy budjet, qo‘shimcha qiymat solig‘i prognoz rejalari ijrosi hamda mol-mulk va yer solig‘ini undirish masalalari muhokama qilindi. Mavjud qarzdorliklarni undirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan mutasaddi tashkilotlar tanqid qilindi. Bu borada Arnasoy, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Zomin, Zarbdor, Mirzacho‘l, Paxtakor, Forish, Yangiobod tumanlarida ishlar talab darajasida tashkil qilinmagan. Mol-mulk va yer solig‘ini undirish ishlari kotibiyatlar kesimida tahlil qilinganda, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hamda moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kotibiyatlarga qarashli korxona va tashkilotlarda 800 million so‘mdan ziyod qarzdorlik borligi aytib o‘tildi. Boshqa kotibiyatlarga qarashli tashkilotlarda ham ahvol yaxshi emas.
Majlisda mahalliy budjetga soliqlarni undirishda paxtachilik klasterlari tomonidan fermerlarga sotilgan paxtaning puli o‘z vaqtida to‘lanmayotgani natijasida fermer xo‘jaliklarining soliqdan qarzdor bo‘lib qolayotgani ro‘yrost aytildi. Viloyat hokimi klasterlar bilan ishlash tizimini yanada yaxshilash bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berdi.
Ijroiya idora yig‘ilishida shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning borishi tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi. Viloyatimizda faoliyat olib borayotgan ishchi guruhi tomonidan mutasaddilar bilan birgalikda shahar va tumanlardagi 307 ta mahalla o‘rganib chiqildi. Shu jumladan, 3567 ta obyekt o‘rganilib, aniqlangan 3146 ta masala yuzasidan ish olib borildi. Qishga tayyorgarlik masalasi sektorlar kesimida tahlil qilinganda, bir qator shahar va tumanlardagi 4-sektor faoliyatidagi kamchiliklar ko‘zga yaqqol tashlandi. Arnasoy, Do‘stlik va Baxmal tumanlarida 4-sektor tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha yetarli ish olib borilmayapti. Jizzax shahrida 4 ta sektordagi ishlar 52 foizga uddalangan, xolos. Ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan 1107 ta ko‘pqavatli uylarning 414 tasida, 21 ta shifoxonaning 12 tasida haligacha muammolar mavjud.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan respublika ishchi guruhi rahbari, Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi Rustam Xolmatov bir qator shahar va tumanlarda ishchi guruhi tomonidan aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish ishlari qoniqarsiz ahvolda ekanligini bildirdi. Jumladan, ko‘p qavatli uylarning ta’miri, ijtimoiy soha obyektlaridagi tayyorgarlik, elektr energiya, gaz, suv ta’minotida hali ham talaygina muammolar mavjud. Ishchi guruhi rahbari o‘z chiqishida qish yaqinlashib qolganini, lekin kamchiliklarni tugatishga barcha mas’ullar birdek, astoydil kirishmayotganini tanqid qildi. U barcha rahbarlarning mas’uliyatini oshirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish ishlariga shahar va tuman hokimlari hamda mutasaddi rahbarlarning sidqidildan yondoshishi zarurligini ta’kiladi.
Majlisda viloyat hokimi tomonidan viloyat tashkilotlari rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlariga qishga tayyorgarlik bilan bog‘liq muammolarni qisqa fursatlarda bartaraf etish vazifasi yuklatildi.
Viloyatimiz rahbari joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aholi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi va Jizzax viloyati bo‘yicha Xalq qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarni ijobiy hal etish masalasiga asosiy e’tiborni qaratdi. Bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan shahar va tumanlar, viloyat tashkilotlari keskin tanqid qilindi. Jumladan, viloyat huquqni muhofaza qilish organlariga kelib tushgan 146 ta murojaatning bor-yo‘g‘i 16,4 foizi, “Garant” bank, “Ipoteka” bank, “O‘zsanoatqurilishbank”, Milliy bank, “Turonbank” viloyat filiallari singari moliya muassasalarida 76 ta murojaatning 36,8 foizi hal etilgan xolos. Shuningdek, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha, yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha, turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha kotibiyatlariga qarashli tashkilotlarda ham ijobiy hal etilmagan murojaatlar talaygina ekanligi qayd etildi. Mirzacho‘l, Do‘stlik, Yangiobod tumanlarida ham aholi murojaatlariga o‘z vaqtida yechim topilmayapti.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyati Xalq qabulxonasi mudiri Bayrambek Uzoqov O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash va aholi murojatlari yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilar ekan, avvalo viloyat hokimining Forish tumanidagi “Do‘stlik” MFY hududidagi Mojrum qishlog‘ida va Baxmal tumanidagi “Nurafshon” MFYda o‘tkazilgan sayyor qabullarida aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalar yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosi bir qator tashkilotlar rahbarlarining mas’uliyatsizligi tufayli ta’minlanmayotganini tanqid qildi. Mojrumdagi sayyor qabulda berilgan topshiriqlarning 14 tasi, “Nurafshon” MFYdagi o‘tkazilgan qabulda berilgan topshiriqlardan 8 tasi shu paytgacha ijro qilinmagan.
Viloyatimiz rahbari sayyor qabullarda aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalarni ijobiy hal etish uchun tumanlar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, viloyat korxona va tashkilotlarining rahbarlariga zarur topshiriqlar berdi.
Viloyatning shahar va tumanlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi. Ta’kidlandiki, bir qator tumanlarda hamda korxona va tashkilotlar tomonidan ekilgan daraxt ko‘chatlari “Yashil makon” elektron platformasiga kiritilmayapti.
Ijroiya idora yig‘ilishida eksport prognoz topshiriqlar hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalasi ham chuqur tahlil etildi. Arnasoy, Do‘stlik, Baxmal, Sharof Rashidov, Zarbdor, Zafarobod, Yangiobod tumanlarida xorijiy investitsiyalarni kiritish ishlariga yetarli e’tibor berilmayotgani tanqid qilindi. Joriy yil poyoniga yetayotgan bo‘lsada, eksport bo‘yicha belgilangan reja Baxmal, Sh.Rashidov, Zomin, Arnasoy, Zafarobod, Mirzacho‘l, Yangiobod tumanlarida hamon bajarilmay kelinmoqda.
Viloyat hokimi iste’mol qilingan ichimlik suvi uchun mablag‘larni o‘z vaqtida undirish, debitor qarzdorliklarni qisqartirish masalasiga alohida to‘xtaldi va mutasaddi rahbarlarning bu borada olib borayotgan ishlariga tanqidiy baho berdi. Debitor qarzdorlik kundan kunga kamayib borishi o‘rniga ko‘payib borayotgani shahar va tumanlarda ichimlik suvi uchun mablag‘ undirish ishlari qoniqarsiz ahvolda ekanligini ko‘rsatib turibdi. Debitorlik qarzdorlik oy boshidan buyon 3,5 milliard so‘mga oshgan. “Jizzaxsuv ta’minot” MCHJ esa o‘z navbatida elektr tarmoqlari korxonasidan juda katta miqdorda qarzdorligi tufayli tarmoqdan uzib qo‘yilmoqda. Natijada aholiga, korxona va tashkilotlarga suv yetkazib berishda muammolar yuzaga kelayapti. Shu bois viloyat hokimi barcha shahar va tuman hokimlariga, viloyat korxona va tashkilotlari rahbarlariga zudlik bilan iste’mol qilingan ichimlik suvi uchun mablag‘larni undirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Idoraviy yig‘ilishda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir boshqa masalalar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy jihatdan muhokama qilindi va barcha masalalar yuzasidan tegishli tashkilot rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlariga kelgusidagi vazifalari belgilab berildi.
Vasil ILYOSOV.
(“Jizzax haqiqati”)