BIR MAQSADDA BIRGA YUGURAMIZ

Aholi salomatligini oshirish, birlik va hamjihatlikni tiklashni asosiy maqsad qilgan “Yangi nafas” marafoni “”Bir Vatanda, bir vaqtda, bir masofada, bir maqsadda birga yuguramiz” shiori ostida respublikamizda har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotir.

Yugurish musobaqasi nafaqat aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi namoyishini keng targ‘ib qilish, odamlarni bir maqsad atrofida birlashtirish, jipslashtirishga, balki yildan yildan-yilga ommalashib borayotgan salomatlik tadbirlarining darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Viloyat hokimligi, viloyat Yoshlar siyosati va sport, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, mudofaa, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya qo‘riqlash boshqarmalari, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda yengil atletika federatsiyasi hamkorlikda o‘tkazgan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bu gal O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlandi.

Davlatimiz ramzi, faxrimiz va iftixorimiz bo‘lgan bayrog‘imizning 32 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan 2000 nafardan ortiq marafon qatnashchilari erta tongdan “So‘g‘diyona” o‘yingohi oldida, Alisher Navoiy ko‘chasi uzra saf tortishdi.

Respublikamizning 16 ta shahrida bir vaqtda ommaviy yugurish musobaqaga start berildi. 3 kilometrlik ommaviy yugurishda barcha faollikka intildi. Birozdan so‘ng jismonan chaqqon va eng kuchlilar barchadan o‘zib keta boshladi. Ana shunday atletlar ishtirokidagi raqobat Sharof Rashidov ko‘chasi uzra davom etdi. Sharof Rashidov hiyoboniga qadar finishga yaqin faqat eng kuchlilar saralanib bordi. Natijalarga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida Jizzax Davlat pedagogika universiteti talabasi Shahobiddin Abduqayumov raqiblarini katta farq bilan ortda qoldirib, finish chizig‘ini birinchi bo‘lib bosib o‘tdi. Uning yaqin ta’qibchisi Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Ahrorjon Abduvaliyev ikkinchi, ichki ishlar boshqarmasi xodimi Begzod Tuliyev esa uchinchi bo‘lib marraga yetib keldi.

Musobaqaning ayollar bellashuvida Jizzax olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘quvchilari Madina Xo‘rozova hamda Feruza Xayrullayevalar faxrli birinchi va ikkinchi o‘rinlarni band etishgan bo‘lsa, Jizzax shahri sport maktabi o‘quvchisi Fayoza Farruxova shoxsupannig uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Paralimpiyachilar o‘rtasida o‘z guruhlarida Sobir Ergashev hamda Jasmina Xo‘rozovalarga teng keladigan raqib topilmadi. Eng yoshi ulug‘ sportchilar nominatsiyasida sakson yoshni qarshilagan To‘lqin Soliyev hamda Hanifa Azimovalarga tashkilotchilar tomonidan maxsus mukofot topshirildi.

Yuqori kayfiyatda o‘tgan musobaqa g‘olib va sovrindorlari ta’sischilarning diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Katta sport bayrami kuy-qo‘shiqlarga ulanib ketdi.

Zoir KALONOV.
(“Jizzax haqiqati”)

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan