Jizzax davlat pedagogika universitetida «Bitiruvchilar forumi» o‘tkazildi. Unda oliygohni so‘nggi yillarda tamomlagan, ayni paytda jamiyatning turli bo‘g‘inlarida samarali mehnat qilayotgan sobiq bitiruvchilar qadrdon ta’lim maskanida yig‘ildilar.
Tadbir dastlab sobiq bitiruvchilar va ularga saboq bergan faxriy ustozlarni kutib olish bilan boshlandi. Bu uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim tizimida qo‘lga kiritilgan ulkan yutuqlar, talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan sobiq bitiruvchilarni tanishtirish va ularning shu dargohda ta’lim olib erishgan yutuqlari, qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlarida ustozlarning roli va ahamiyati to‘g‘risida talabalar bilan o‘rtoqlashishdan iborat.
–Jizzax davlat pedagogika universiteti hovlisi bugun odatdagidan-da gavjum, –dedi universitetning matbuot kotibi Gulchehra Sharipova. –Ayniqsa, liygohga yurtimizning turli go‘shalaridan 300 ga yaqin mehmonlar tashrif buyurishdi. Qizil yo‘laklardan o‘tib kelayotgan sobiq bitiruvchilar o‘zlari bilim olgan, sho‘x-shodon kunlarini eslab, talabalikning oltin davriga tushib qolgandek hayajonda ekanliklarini ularning yuz-ko‘zlaridan sezish qiyin emas.
Tadbir davomida mehmonlar uchun press-tur tashkil etilib, unda universitetda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, xususan, yangi ish boshlagan Registrator ofisi, kutubxona faoliyati hamda universitet tuzilmasi qoshida tashkil etilgan “Qatag‘on qurbonlari xotira muzeyi ishtirokchilarga tanishtirildi.
– 2002 yil shu oliygohning matematika va informatika fakulteti talabasi bo‘lgan yillarim yodimga tushdi,–dedi Mashhura Fozilova. –Ayni paytda o‘zim ham Chirchiq davlat universitetida talabalarga ta’lim bersamda jonajon voham va shu ilm dargohining qaynoq mehri meni o‘ziga tortaveradi. Talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy jihozlangan auditoriyalar kishini ko‘zini quvontiradi. Ustozlarimning, kursdoshlarimning diydori, mazmunli suhbati bizni yana uzoq vaqtgacha shirin xotiralar bilan yashashga undaydi.
Shuningdek, sobiq bitiruvchilar universitet talabalari bilan hayot yo‘li, tajribalari haqida suhbatlashib, savol-javoblar o‘tkazishdi. Tadbir yakunida oliygohning iqtidorli talabalari ishtirokida mehmonlarga konsert dasturi namoyish etildi.
Shahnoza YULDASHЕVA.
(“Jizzax haqiqati”)