Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida avvalo, inson manfaati, xalq tinchligi va farovonligi turadi. “Yangi O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlanib, jamiyatimizda millatlararo totuvlik hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash belgilab qo‘yilgan.
Bugungi kunda Jizzax viloyatida 20 dan ortiq millatlarning 150 ming nafardan ortiq vakillari yashab keladi. Oltita — qirg‘iz, tojik, qozoq, rus, tatar va koreys milliy madaniy markazlari viloyatimiz markazidagi “Do‘stlik uyi”da ish olib boradi. Turli millatlarga mansub fuqarolarimiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Jizzax davlat pedagogika universitetida 1978 yildan buyon rus tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi faoliyat ko‘rsatadi. Turli millatlar tilida 26 ta gazeta va 3 ta jurnal chop etiladi. Davlat ta’lim muassasalarida o‘qitish 4 ta xorijiy — rus, qozoq, qirg‘iz, tojik tillarida olib boriladi. Forish tumanida 5 ta, Yangiobod tumanida 1 ta maktablarda tojik, Baxmal tumanida 7 ta va Zomin tumanida 6 ta maktablarda qirg‘iz, Zarbdor tumanidagi 1 ta maktabda o‘zbek-qirg‘iz tillarida ta’lim olib boriladi.
Mamlakatimizning shonli sanalarida har yili o‘zining faolligi bilan viloyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan turli millat vakillaridan nomzodlar davlat mukofotlariga tavsiya etilib, ular orasida 40 dan ortiq davlat mukofotlari va 200 dan ortiq esdalik nishonlari bilan taqdirlanganlar mavjud.
16-noyabr — Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab respublikamizning barcha hududlarida “Bag‘rikenglik haftaligi” tashkil etildi. Bu borada viloyatimizda ham millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va xalqaro do‘stlikni targ‘ib etuvchi ma’daniy – ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Joriy yilning 17 noyabr kuni Jizzax shahridagi Do‘stlik uyida shu munosabat bilan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirni Jizzax viloyati hokimligining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha kotibiyat mudiri Nurali Raimov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni ayyom bilan qutlab, jamiyat osoyishtaligi totuvlik va bag‘rikenglikda ekanini ta’kidladi.
Matbuot anjumanida vohada tashkil etilgan milliy madaniy markazlar faoliyati, bajarilgan ishlar yuzasidan yil sarhisobi qilindi. Bir yilda erishilgan yutuqlar, ishlar qayd etilib, markazlar takliflari qabul qilindi. Tadbirda ushbu markazlarni yanada jipslashtirish, aloqalarni mustahkamlash maqsadida grantlar tashkil etilgani qayd etildi. Bu grantlardan unumli foydalanish kerakligi haqida so‘z yuritilib, har bir markazning kelgusidagi rejalari tinglandi.
Xolnisa RAHMONQULOVA.
(“Jizzax haqiqati”)