Sharof Rashidov tumanidagi “Yangidiyor” mahalla fuqarolar yig‘inida 6 ming aholi istiqomat qiladi. Hududda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bugun yangi mahalla binosi qurilib foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, 6 km.lik piyodalar yo‘lagi, mahallaning yangi markaziy yo‘li, suv inshootlari yangilandi. Shu munosabat bilan bu yerda tantanali marosim tashkil etildi. Unda viloyat tashkilotlari rahbarlari, xotin-qizlar va yoshlar faollari, nuroniylar ishtirok etishdi.
Tadbirni viloyat hokimi Ergash Saliyev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Viloyat hokimi bugungi kunda Sharof Rashidov tumanida ham katta o‘zgarishlar yuz berayotgani, obod bo‘layotganini ta’kidladi.
—Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mahallalarni yanada obod qilish maqsadida “Obod xonadon—obod ko‘cha —obod mahalla” dasturi joriy etilib, unda 5 ta hududga e’tibor qaratildi. Bu dastur samarasini eng birinchi bo‘lib, Baxmal tumanidagi Yangibog‘ mahallasi qiyofasida ko‘rish mumkin. Yurtboshimiz bu o‘zgarishlarning har bir mahalla, markaz, balki har bir xonadongacha kirib borib, shu yangiliklarni odamlarning yuraklariga singdirish lozimligini ta’kidladi. Islohotlar natijasida kelgusida har bir fuqaro ish bilan ta’minlanishi, bu yangiliklarga ularning har biri jalb etilib, o‘z qo‘li bilan obodlikni yaratish hissini tug‘dirish niyat qilingan. Yangi O‘zbekiston degani 10 mingta mahalladagi ko‘cha emas, balki har bir xonadon va har bir oila sanaladi. Strategiya doirasida bajariladigan ishlardan bugun hech kim chetda qolmasligi kerak. Davlatimiz rahbarining ulug‘ g‘oyalarini amalga oshirishda xalqimiz yanada jipslashadi, infratuzilmalar yaxshilanadi, yoshlar ish bilan band bo‘ladi. Prezidentimiz islohotlar mahalladan boshlanmasa, katta niyatlarimiz, rejalarimizga erishish qiyin bo‘ladi, deganlar. Shu mahalla yettiligiga ham davlatimiz rahbari katta ishonch bildirayapti, — dedi viloyat hokimi.
Ochilish marosimida mehmonlar va mahalla ahli yangi qurilgan binoda bo‘lib, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Endilikda bu yer mahalla ahlining og‘irini yengil qiladigan, ularning murojaatlarini sifatli va samarali hal etadigoan markazga aylanadi.
— Yurtimizda quvonchli voqealar bo‘lib o‘tmoqda, —deydi “Yangidiyor” mahallasi faxriysi Bosim Yusupov. —Katta-katta zavod va fabrikalar qurilmoqda, obodlik ishlari borayapti. Bularning hammasi farzandlarimizning ishli bo‘lishlari, mahallalar, xonadonlarimiz farovonligi uchun qilinayotir. Bugun mahallamiz ahli xursand, yangi bino ishga tushdi. Bunday yangiliklar uchun muhtaram Yurtboshimizga, viloyat va tuman rahbarlariga rahmat, bu ularning xalqimizga e’tibori, g‘amxo‘rligidan dalolat. Bugungi kunda asosiy ko‘chalarimiz asfalt qilindi, har bir xonadonda suv, issiqlik bor, xalqimiz bundan minnatdor.
Shundan so‘ng viloyat hokimligi tomonidan bir necha mahalla faollari va faxriylari, obodlikka o‘z hissasini qo‘shayotgan tashkilot rahbarlari tantanali ravishda taqdirlanishdi.
—Anchadan buyon orzu qilib yurganimiz —yangi bino ishga tushirilganidan nihoyatda xursandmiz, —deydi “Yangidiyor” mahallasi xotin-qizlar faoli Nargiza Po‘latova. —Mahallamizda “Obod xonadon—obod ko‘cha — obod mahalla” dasturi asosida olib borilgan ishlardan xalqimiz juda mamnun. Bularning hammasi yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning samarasi tufayli yuz berayapti. Odamlarning chehrasidan ham ularning hayotidagi yangiliklar, o‘zgarishlar ulkan ekanligini sezish qiyin emas. Kelgusida bu kabi ishlarning ko‘lami yanada ortadi, mahallamiz yanada ko‘rkam tusga kiradi, deb umid qilamiz.
Marosim doirasida mahallaning asosiy “O‘zbegim” ko‘chasi bo‘ylab yoshlar va xotin-qizlar faollari ishtirokida 5 ming qadam yurish marafoni ham tashkil etildi. Harbiy orkestr sadolari ostida milliyligimiz ramzi bo‘lgan bayroqlar bilan marafon ishtirokchilari yangi bunyod etilgan yo‘laklar bo‘ylab shaxdam qadamlar bilan yurib ketishdi.
Tadbirda Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev ham so‘zga chiqib, kelgusida mahallada qilinadigan yangi qurilishlar, obodliklar to‘g‘risida gapirdi. Ushbu hududda kelajakda yana yangi yo‘llar yotqizilishi, 750 va 1 750 o‘rinli maktablar qurilishi, 2025-2026 yillarda yirik loyiha — elektronika mahsulotlari ishlab chiqaradigan zavod qurilishi rejalashtirilganini aytib o‘tdi.
Marosimda folklor etnografik jamoalarining jozibali chiqishlari, xonandalarning diltortar qo‘shiqlari yangrab, yig‘ilganlarga xush kayfiyat baxsh etdi. Dasturxonga milliy taomlar shohi bo‘lgan palov tortildi.
Xolnisa RAHMONQULOVA.