“Obod xonadon-obod ko‘cha-obod mahalla” mezonlari doirasida Paxtakor tumanining Olmazor mahallasida ham qisqa fursatda bunyodkorlik ishlari olib borildi. Uch oy ichida mahalla butkul o‘zgacha qiyofa kasb etdi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi arafasida Yangi O‘zbekistonning yangi mahallasidagi qator ijtimoiy obyektlar, infratuzilma bilan bog‘liq qurilishlar yakunlanib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Mahalladagi bayram tantanasida viloyat hokimi E.Saliyev ishtirok etib, mahalla ahlini bayram bilan hamda dastur doirasida olib borilgan bunyodkorlik ishlari yakunlangani bilan muborakbod etdi.
Dastur doirasida tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan Fuzuliy ko‘chasiga yangi transformator o‘rnatildi. Navoiy, Uyg‘un va Fuzuliy ko‘chalaridan o‘tgan 1,2 km. elektr simlari taranglashtirilib, holati yaxshilandi. 5 ta ko‘p qavatli uy-joylarning elektr tarmog‘i yangisiga almashtirilib, tartibga keltirildi. Qaxramon ko‘chasidagi 4 ta temir beton tayanch ustunlari demontaj qilindi. 4 ta transformator mukammal ta’mirlandi. Yangiyer-Paxtakor avtomobil yo‘lining mahalla hududidan o‘tuvchi qismiga 66 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi.
“Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali tomonidan 1074 ta xonadonlardagi iste’molchilarning 1748 ta gaz jihozlari profilaktik va texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. “Paxtakortumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan mahalla hududiga yuqori bosimli 450 metr gaz tarmog‘i tortildi. 3-massivda aholi xonadonlariga gaz bosimini rostlash uchun 15 dona regulyator o‘rnatildi. Mahalla hududidan o‘tuvchi 3 km. gaz quvurlari, 3 ta gaz taqsimlash qurilmasi (GRP) mukammal ta’mirlandi. 33 ta xonadonga suyultirilgan gaz ballonlari tarqatildi. Xatlov natijasida aniqlangan 115 ta kamchiliklar o‘rganib chiqildi hamda bartaraf etildi.
“Jizzax suv ta’minoti” MCHJ tuman filiali tomonidan “Olmazor” mahallasiga boruvchi asosiy ichimlik suvi tarmog‘ining 1 km. qismi joriy ta’mirlandi. 3,2 km. ichimlik suvi tarmoqlari tortiladi. Zamaxshariy, Qaxramon, Ohangrabo ko‘chalaridagi 10 ta ichimlik suvi nazorat qudug‘i to‘liq ta’mirlandi. Ohangrabo va Somon yo‘li ko‘chalariga 150 metr ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, 4 ta xonadon ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Xatlov natijasida aniqlangan 219 ta kamchiliklar o‘rganib chiqildi hamda ish jarayonida bartaraf etildi.
Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 17,1 km. ariq va lotoklar tozalanib, 490 tonna chiqindilar mahalla hududidan olib chiqildi. 10 ta yangi chiqindi qutilari o‘rnatildi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan 25 nafar ishsiz fuqarolar jamoatchilik asosida, 7 nafar fuqarolarga tadbirkorligini boshlash uchun imtiyozli kredit ajratish orqali, 18 nafar fuqaro o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ishga joylashtirildi. 11 nafar fuqaro o‘zini-o‘zi band qilish orqali ish bilan ta’minlandi. 36 nafar bitiruvchi yoshlar oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirmoqda. Mahallada bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarkada 21 nafar fuqarolarga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi. 10 nafar ishsiz fuqaro kasb-hunarga qayta o‘qishga jalb etildi.
Olmazor mahallasi markaziy ko‘chasining 1750 metr qismiga asfalt-beton qoplamasi yotqizildi. 8-maktab futbol maydoniga chim yotqizildi.
Respublika budjetidan ajratilgan bir milliard so‘m mablag‘ evaziga hududdagi 5 ta ko‘p qavatli uy-joylar ta’mirlandi. Ko‘chalarga beton ariq (lotok) yotqizildi. 2 km. piyodalar va velosiped yo‘laklari, Workout maydoni, bolalar maydonchasi va xiyobon, mahallaga kirish arkasi barpo etildi. Shuningdek, mahallaning yangi binosi, maktab, poliklinika, aholi dam olish maskani, xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazi ham foydalanishga topshirildi.
“Olmazor” mahallasi hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘l yoqasiga 400 tup manzarali ko‘chatlar hamda 6 mingdan ortiq terak qalamchalari ekildi.
Dastur doirasida shuningdek, 8-maktab, 5-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi, mahalla hududiga kiraverishdagi ko‘prik yangitdan barpo etilib, zovur va drenaj tizimi tozalanadi.
—Mahallamizdagi o‘zgarishlardan aholimiz kayfiyati ko‘tarilib, o‘zlari ham bu jarayonda faollik ko‘rsatishdi,—deydi “Olmazor” MFY raisi Baxtiyor Mamashukurov. —Eng asosiysi, mahallamiz fuqarolarining yaxshi yashash orzusi, turmushi farovon bo‘lganidan ular minnatdor.
Zoir ERGASHЕV.