SHUHRATING PORLASIN TOKI BOR JAHON!

Buyuk Vatan madhiyasi millatni o‘z ozodlik yo‘lida, ahdida sobit tutib turuvchi ruhiy quvvat manbaidir. Shuning uchun ham yurtsevar insonlar o‘z davlati madhiyasini nafaqat tantanali va munavvar kunlarda, hatto eng zahmatli va sinovli onlarida ham tik turib mardona kuylaydilar. U millatni, xalqni birlashtiradigan, yuksaltiradigan yengilmas kuchga, yuksak iroda va qat’iyat, jasorat timsoliga aylantira oladigan qo‘shiqdir.

Ko‘pgina Yevropa tillarida bu atama “gimn” so‘zi bilan ifodalanadi. Bu yunon tilidagi “hymnos” so‘zidan olingan bo‘lib, o‘zbek tilida “qo‘shiq” degan ma’noni anglatadi. Davlat madhiyalari ham o‘ziga xos tarixga ega bo‘lib, ular dastlab hukmdorlarni sharaflashga qaratilgan. Dunyodagi eng qadimgi gimn – Yaponiya davlat madhiyasi bo‘lib, uning matni Yaponiya tarixining Xeyan davrida (794–1185) yaratilgan. Faqat 1880 yilga kelib, unga kuy bastalangan. Yevropada davlat gimnlari asosan XVIII asr o‘rtalarida, milliy davlatlar tuzila boshlagan paytda yuzaga kelgan. Jumladan, Buyuk Britaniya davlat madhiyasi 1619 yilda, Fransiyaning ilk davlat madhiyasi – “Marselyoza” 1792 yilda yozilgan. Bugungi kunda har bir davlat madhiyasi o‘sha yurtning davlat tilida yoki eng ko‘p qo‘llaniladigan tillarning birida ijro etiladi. Masalan, Shveysariyada davlat madhiyasining har to‘rttala (fransuz, italyan, nemis va flamand) tildagi varianti yaratilgan. Singapurda to‘rtta davlat tili bo‘lgani holda, madhiya faqat malay tilida ijro etiladi. Ispaniyada davlat madhiyasining matni yo‘q, faqat musiqaning o‘zi ijro etiladi.
O‘zbek davlatchiligi tarixida milliy madhiyalar ham alohida o‘rin tutib kelgan. Qadimgi Turk hoqonligi, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Xorazmshohlar, Temuriylar davrida qo‘shinlarning alohida saf qo‘shiqlari, harbiy marshlari bo‘lgan. Zamonaviy ko‘rinishdagi davlat madhiyasi ilk bor yurtimizda Turkiston Muxtoriyati davrida yaratilgan. Garchi Turkistonda turli xalqlar va millatlar yashasa-da, madhiya matni aynan o‘zbek tilida, buyuk shoirimiz Abdulhamid Cho‘lpon tomonidan bitilgan.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi esa 1992 yil 10 dekabrda qabul qilingan. 31 yildirki, ushbu madhiya ko‘pmillatli xalqimizning ruhiyatini osmon qadar yuksaltirib, har tong va har yil boshida ezgu va nurli marralar sari chorlaydi. Hech bir inson yo‘qki, o‘z yurti madhiyasi yangraganida yuragi hapqirib ketmagan va yoki tanini titroq bosmagan bo‘lsin. Chunki bu Vatan haqidagi qo‘shiqdir, bu o‘tmishdagi minglab yillarni, kelgusidagi minglab yillar ruhini o‘zida qamragan va aynan hozir ijro etilayotgan san’at asaridir. Har gal O‘zbekiston davlat madhiyasini tinglar ekanman, ozodlik va iqbol, ilm va istiqbolli kelajak, faxr va inson qadri haqidagi tasavvurlarim musiqa va yuksak ijro orqali ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Madhiyaning davlat ramzi sifatidagi o‘rni ana shunday bebaho.

Ra’no NORBЕKOVA,
JDPU ingliz tili amaliyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan