O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan “Prokuratura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonuni joriy yil 31 oktyabrdan kuchga kirdi.
Mazkur qonunga ko‘ra, harbiy unvonlar berish va oliy darajali harbiy unvonlar berish to‘g‘risidagi taqdimnoma bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat etish Bosh prokuror vakolatiga kiritildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining:
– besh yillik vakolat muddati;
– yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmasligi;
– xodimlarni muayyan lavozimlarga tayinlash va ozod etishdagi, shu bilan birga, o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlar uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar, ko‘rsatmalar, farmoyishlar chiqarish vakolatlari qonuniy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi.
Prokuratura organlari va muassasalarida xizmatni o‘tash, prokuratura organlari va muassasalarining xodimlariga darajali unvonlar va harbiy unvonlar berish hamda ulardan mahrum etish, ularni rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish tartibi “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari va muassasalarida xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi nizomda, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilanishi nazarda tutildi.
Muxtasar aytganda, “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunning 9 ta moddasiga va jami 18 ta normasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ushbu yangilik va o‘zgarishlar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida qonunlarning aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Otabek HAYDAROV,
Jizzax harbiy prokurori,
adliya podpolkovnigi.