— O‘g‘rilangan mulk qiymati nimaga qarab belgilanadi? O‘g‘rilikka qanday jazo tayinlangan?
S.Ortiqova.
-O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasiga muvofiq, mamlakat iqtisodiyotining negizini turli shakldagi mulk tashkil etadi. Mulk mutloq daxlsiz bo‘lib, davlat tomonidan qo‘riqlanadi. O‘g‘rilik jinoyatining obyekti o‘zganing mulkidir. Jinoyat subyekti 14 yoshga to‘lgan har qanday shaxs bo‘lishi mumkin.
O‘g‘rilangan mulkning miqdori huquqbuzarlik sodir etilgan kunda respublikada amalda bo‘lgan belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi. O‘g‘rilangan mulkning qiymatini aniqlash ishning muayyan holatlariga qarab, huquqbuzarlik sodir etilgan kundagi shartnomaviy, bozor, birja baholariga asoslanadi.
Jinoyat kodeksining 169-moddasida o‘g‘rilik jinoyati uchun jazo choralari belgilangan. O‘g‘rilik jabrlanuvchining kiyimi, sumkasi yoki boshqa qo‘l yukidagi ashyoga nisbatan (kissavurlik); ancha miqdorda; bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; uy-joy, omborxona yoki boshqa xonaga g‘ayriqonuniy ravishda kirib sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar u takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan kompyuter tizimiga ruxsatsiz kirib; ko‘p miqdorda; neft quvurlarida, gaz quvurlarida, neft va gaz mahsulotlari quvurlarida sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Juda ko‘p miqdorda; o‘ta xavfli retsidivist tomonidan; uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, sakkiz yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Savolga jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudi raisi Muhammadi Jo‘rayev javob berdi.