Barcha sohalarda bo‘layotgan o‘zgarishlar qatorida pensionerlarga qulaylik yaratish, bozor iqtisodiyoti davrida ularni moddiy jihatdan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, pensiya jamg‘armasida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish, byurokratik to‘siqlarni yo‘qotish vaqtni tejash, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish yuzasidan elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi izchil takomillashtirilmoqda.
Xususan, joriy yildan pensiya to‘lovlarini vaqtincha to‘xtatib turishga elektron ariza yuborish xizmati joriy etildi. Bunda:
—fuqarolar Davlat xizmatlari markaziga bevosita o‘zi kelib yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qilish huquqiga ega;
— davlat xizmatlaridan foydalanishda haftaning istalgan kun va vaqtida YAIDXP orqali murojaat etish mumkin;
— xizmatlar ko‘rsatish 5 soniyada amalga oshiriladi;
— xizmatlar ko‘rsatilishida Pensiya jamg‘armasi xodimlari ishtirok etmaydi.
Yoshga doir pensiyalar fuqarolarning murojaatisiz tayinlanish tartibi joriy etiladi. Pensiya ta’minoti tizimiga axborot texnologiyalarini faol joriy qilish orqali fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bosqichma-bosqich interaktiv va proaktiv shaklga o‘tkazilmoqda.
2024 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar joriy etildi:
— fuqaroga pensiya tayinlashni so‘rab qo‘shimcha ravishda Davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurgan holda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali onlayn murojaat qilish huquqi berildi;
— fuqaroga jamg‘argan mablag‘larini Xalq bankining mobil ilovasi orqali olish imkoniyati yaratildi.
2025 yil 1 martdan boshlab:
— pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiyalar “avtomatik” tarzda, ya’ni hech qanday hujjat talab etilmagan holda va fuqaroning murojaatisiz tayinlanadi;
— fuqaroning shaxsiga oid barcha ma’lumotlar (yoshi, jinsi, ish staji, ish haqi, to‘langan ijtimoiy soliq summasi va oila tarkibi kabilar) vazirlik va idoralarning elektron bazalaridan olinadi.
Ushbu qulayliklarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida, birinchidan, fuqarolardan pensiya tayinlanishi uchun qo‘shimcha hujjatlar yig‘ib, Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmasiga murojaat qilishi talab etilmaydi. Ikkinchidan, pensiya yoshiga yetgan fuqaroning telefon raqamiga “pensiya tayinlanganligi va uning miqdori” to‘g‘risida ma’lumot yuboriladi.
Shuningdek, pensiyaga chiqmasdan ish faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan yoki pensiya miqdoridan norozi bo‘lgan fuqarolarga “avtomatik” tayinlangan pensiyani to‘xtatish huquqi berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonnning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonining 4-bandida, “Fuqarolarning pensiya ta’minotini yaxshilash va pensionerlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, 2024 yil 1 yanvardan boshlab pensionerga hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytirilsin”, deb qat’iy belgilab qo‘yildi.
Masalan, fuqaro Abduvaliyev Salim 2021 yil avgust oyidan chet elga farzandlarining oldiga davolanish uchun ketganligi sababli pensiyasi 2021 yilning sentyabr oyidan to‘xtatilgan. S.Abduvaliyev 2024 yilning mart oyida chet eldan qaytib kelib, olinmagan pensiyasini to‘lab berishni so‘rab murojaat etmoqda. Unga yuqoridagi o‘zgarishga asosan murojaat kunidan 24 oy orqadan, ya’ni ikki yillik pensiyasi to‘lab beriladi (1 yanvar 2024 yilga qadar esa 12 oy, ya’ni bir yillik pensiyasi to‘lab berilgan).
Pensioner vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya puli uning oila a’zolariga vafot etgan oy uchun to‘liq miqdorda to‘lanadi. Bunda pensioner vafot etgan oy uchun bank plastik kartasiga oldindan kirim qilingan mablag‘lar vafot etgan pensionerning oila a’zolariga qayta to‘lanmaydi va Pensiya jamg‘armasiga ham qaytarilmaydi.
Oilaning bir necha a’zolari olinmay qolgan pensiya puli uchun murojaat qilgan taqdirda, ularga berilishi kerak bo‘lgan pensiya puli ular o‘rtasida teng taqsimlanadi.
Ko‘rsatib o‘tilgan pensiya pulini olish uchun pensioner vafot etganidan so‘ng oltmish kundan kechikmay murojaat qilingan taqdirda to‘lanadi.
Baxtiyor TO‘YCHIYEV,
Umid URALOV,
Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi
viloyat boshqarmasi sho‘ba mudirlari