FIDOYI MЕHNATGA MUNOSIB RAG‘BAT

“…Hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, yerdan mo‘l hosil yetishtirish – bu chinakam jasorat va matonat namunasidir. Xalqimiz sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining xaqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, tajribali chorvador va pillakorlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va oliyjanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qishloq xo‘jaligi xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigidan.

 

Yer va suv – hayot manbai. Inson hayoti uchun nimaiki zarur bo‘lsa, barchasini bizga mana shu saxovatli zamin in’om etadi. Shundan bo‘lsa kerakki, yerga ta’rif berganimizda ona so‘zini ishlatamiz. Onani hurmat qilish farzandning farzi bo‘lgani kabi rizqu nasibamiz manbaiga hurmat ko‘rsatish, mehr berish, uni e’zozlash har bir insonning burchidir.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida yer va suv resurslaridan samarali, oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirishga eng muhim vazifalardan biri sifatida qaraladi. Yerga mehr –  kelajakka mehr, istiqbolga zamin, deyish mumkin. Bugun sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga nazar tashlar ekanmiz, ularning tub mazmun-mohiyatida el ma’murchiligi va xalq farovonligini oshirish yotganini yaqqol ko‘ramiz. Eng muhimi, dehqon mehnati qadrlanmoqda. Buning yorqin isboti, aytish mumkinki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta’sis etilgan “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” bayram sifatida har yili keng nishonlanib kelinmoqda.

Bayram munosabati bilan davlatimiz rahbarining Qishloq xo‘jaligi xodimlariga yo‘llagan tabrigi barcha-barchaning qalbiga olam-olam quvonch olib kirdi, ko‘nglini tog‘ qadar ko‘tardi. Uni o‘qir ekanmiz, dehqon mehnatiga yuksak baho berilganini ko‘rish mumkin.

O‘tgan shanba kuni viloyat hokimligining anjumanlar saroyida qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unga qishloq va suv xo‘jaliklarining fidoyi va zahmatkash xodimlari, usta paxtakor va g‘allakorlar, ishlab chiqarish ilg‘orlari, mexanizatoru fermerlar, klaster rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.

Tadbirda viloyat hokimi Ergash Saliyev yig‘ilganlarni qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etib, shunday dedi:

—Joriy yilda dehqonlarimiz qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida salmoqli yutuqlarga erishdilar. Jumladan, 304 ming 200 tonna paxta, 236 ming 810 tonna don, 479 ming 989 tonna sabzavot, 287 tonna ming 896 tonna poliz, 144 ming 807 tonna kartoshka, 126 ming 915 tonna meva, 859,1 tonna pilla yetishtirilib, shartnomaviy rejalar ortig‘i bilan bajarildi. Yaqin yillarda bunday natijaga erishmagandik. Bular qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan islohotlar samarasidir. Xabaringiz bor, keyingi yillarda sohada asosiy e’tibor suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish, xo‘jalik va korxonalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, eng muhimi, dehqon va fermerlarning og‘irini yengil qilishga qaratilayotir. Cho‘llanish, yerlarning sho‘rlanishiga qarshi kurashish, tuproq unumdorligini oshirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Uzoqqa bormaylik, bundan 2-3 yillar oldinni esga olaylik. G‘allani o‘rib-yanchib olish, paxtani yig‘ishtirish mavsumlari katta muammo edi. Mana, hasharchilarsiz paxtani terib olsa bo‘larkanku. Holbuki, har yili terimga 100 minglab hasharchilar jalb qilinib, katta xarajatga yo‘l qo‘yilganini yaxshi bilasizlar…

Viloyatimiz rahbari o‘z chiqishida ana shular haqida batafsil to‘xtalib, xonadonlarimizdagi to‘kinchilik va fayz sababchisi bo‘lgan fidoyi soha vakillariga ezgu tilaklar bildirdi.

Shundan so‘ng viloyat hokimi Ergash Saliyev qishloq xo‘jaligi sohasining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh yurtdoshlarimizga O‘zbekiston Respublikasi “Qishloq xo‘jaligi fidoyisi”, “Ilg‘or fermer”, “Suv xo‘jaligi a’lochisi”, “Namunali tomorqachi”, “Mehnatkash dehqon” ko‘krak nishonlari hamda Suv xo‘jaligi vazirligining tashakkurnomalarini tantanali ravishda topshirdi.

Shuningdek, bayram tadbirida viloyat va tuman sektor rahbarlari, qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari g‘alla va paxta yetishtirishda yuqori hosildorlikka erishgan fermerlar, klaster rahbarlari, terim mashinalarida eng ko‘p paxta tergan mexanik-operatorlar, yig‘im-terim ishlarida jonbozlik ko‘rsatgan hamyurtlarimizga viloyat hokimining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirining badiiy qismi Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar markaziga ko‘chdi. Dehqonlarimizning zahmatli mehnatlari evaziga yetishtirilgan turfa xil noz-ne’matlar bilan bayramona bezatilgan to‘kin dasturxon atrofida jam bo‘lgan tadbir ishtirokchilarini viloyat hokimi Ergash Saliyev yana bir bor bayram bilan qutladi. Yig‘ilganlar hukmiga katta monitor orqali vohamizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar aks etgan lavhalar namoyish etildi.

—Tadbirda ishtirok etayotganimdan juda ham xursandman, —deydi g‘allaorollik mehnat faxriysi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” unvoni sohibi Asad Abduolimov. — Bugun viloyatimiz hokimidan “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishonini qabul qilib oldim. Mehnatim qadrlangani uchun minnatdorchilik bildiraman. Mamlakatimiz rahbarining shaxsan tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligida katta loyihalar amalga oshirilayotganini viloyatimiz misolida ko‘rib turibmiz. Hademay, bu o‘zgarishlar o‘z natijasini beradi. Shubhasiz, viloyatimiz iqtisodiyoti gullab, xalqimizning turmush farovonligining yanada oshishiga shak-shubha yo‘q.

—O‘zbekiston Respublikasi “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni nafaqat menga, butun tumanimiz dehqonlariga berilgan mukofot deb bilaman, — deydi Do‘stlik tumanidagi “1 sentyabr” fermer xo‘jaligining raisi Xolmurod Boliyev. — Tumanimiz g‘allakoru paxtakorlari uchun yil muvaffaqiyatli yakunlanayapti. Rejani ortig‘i bilan bajardik. Bunda xo‘jaligimiz a’zolarining ham munosib ulushi bor. Fursatdan foydalanib, barcha qishloq xo‘jaligi xodimlarini bayram bilan qutlayman! Hamisha mehnatingiz rohatini ko‘ring.

Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri kuy-qo‘shiqqa ulandi. Toshkent shahridan tashrif buyurgan el sevgan san’atkorlar Shohjahon Jo‘rayev, Imron, Shohruxxon va viloyatimiz san’atkorlarining chiqishlari davraga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

 

Abdushukur LAPASOV.

(“Jizzax haqiqati”)

B.QUDRATOV olgan suratlar.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan