Litsey bilimdonlari

Jizzax politexnika institutining faollar zalida institut qoshidagi akademik litseyning iqtidorli o‘quvchi-yoshlari va ularning ota-onalari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda o‘quv yili davomida fan, ta’lim va ijodkorlik yo‘nalishlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etgan o‘quvchilar alohida e’tirof etildi.

Tadbirda akademik litseyning ijrochi direktori Matluba G‘oziyeva so‘z olib, 2023-2024 o‘quv yilining birinchi yarmi uchun “Rektor stipendiya”si tanlovi, “Akademik litseyi iftixori” stipendiyasi g‘oliblariga ma’muriyatning sertifikat va esdalik sovg‘alarini topshirdi.

–Yaqinda akademik litsey o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadasining saralash bosqichi o‘tkazildi,– dedi litseyning yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Farangiz Abdukarimova.– Saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar keyingi bosqichga tavsiya etildi. Asosiy bosqichda jami 25 nafar o‘quvchi ishtirok etdi va mazkur o‘quvchilar test sinovi asosida yangilangan konstitutsiya bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.  Yakuniy xulosaga ko‘ra akademik litseyning o‘quvchilari Ozodbek Botirov 1-o‘rinni,  Jamoliddin Anorboyev 2-o‘rinni, Kamoliddin Jumaboyev 3-o‘rinni egalladilar.

Tadbirda Jizzax politexnika institutining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, akademik litsey direktori G‘ayrat Egamnazarov so‘zga chiqib, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘lga kiritilgan munosib yutuq va muvaffaqiyatlari bilan tabriklab, ularning ota-onalariga alohida minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, institut tomonidan akademik litseyning iqtidorli o‘quvchilariga qaratilayotgan e’tibor litseyning barcha o‘quvchilarida fan va sportga bo‘lgan qiziqishni yanada rivojlantirish hamda ularni oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlarini yanada oshishida muhim omil bo‘lishi to‘g‘risida alohida ta’kidlab o‘tdi.

Shahnoza YULDASHЕVA.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan