SHOIRLARNI ALQAYDI VATAN

Har gal Prezidentimizning chiqishlarini jon qulog‘im bilan eshitaman. Joriy yilning 22 dekabr sanasida Prezident raisligida o‘tkazilgan Ma’naviyat va ma’rifat yig‘ilishidan ham bir olam taassurotlar bilan chiqdim. Chunki davlat rahbari ma’naviyat haqida gapirar ekan, ma’naviyatning eng oldingi safida boradigan bayroqdorlar – shoir va yozuvchilarni alohida mehr bilan tilga oldilar.

Ushbu tarixiy uchrashuvda hurmatli Prezidentimiz Respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy Zomin seminarining ilk tashkil etilish tarixiga to‘xtaldi. O‘n yildan ortiq vaqt faoliyat ko‘rsatgan seminarning orada aynan Zominda o‘tkazilishiga qarshiliklar bo‘lgani va o‘n yil “Zomin maktabi”, deb e’tirof etilgan anjumanning to‘xtatib qo‘yilgani haqida gaplari meni ham olis xotiralarga boshladi.

Ilk bor 1997 yilda o‘sha paytda Jizzax viloyat hokimi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yosh ijodkorlarning Zomin seminari tashkil etildi. Viloyat yosh ijodkori sifatida seminarda men ham ishtirok etdim. Zomin tog‘larining ulug‘vorligi, sharqirab oqayotgan zilol suvlarining tiniqligi, jo‘shqinligi mamlakatning ijodkor yoshlari yuraklariga ko‘chganday bo‘ldi. Zomin ilhomlari yangidan-yangi asarlar yaratilishiga zamin tayyorladi. Seminarda ustozlarning qimmatli fikrlaridan bahramand bo‘lib, mahorat darslarini tinglab, asl adabiyot nima, ijodkor kim, uning adabiyot, el-yurt, Vatan oldidagi burch va vazifalari nimalardan iborat, degan savollarning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglash imkoniyatiga ega bo‘lishdi yoshlar. O‘sha qutlug‘ kunlarda O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov meni tabriklab, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga tavsiya etdi.

Afsuski, orada o‘n yillar mobaynida ushbu maktab faoliyati to‘xtatib qo‘yildi. Qancha-qancha yosh ijodkorlar uchun bu dargoh, bunda o‘tadigan yoshlik va nafosat bayrami armon bo‘lib qoldi.

Ne baxtki, 2017 yilda “Zomin seminari” ilk tashkil etilganiga yigirma yil to‘lganda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlashi bilan mazkur adabiyot bayramining yana qaytadan tashkillashtirilgani mamlakatimiz ijod ahlining quvonchiga sabab bo‘ldi.

Viloyat hokimi vazifasida ishlagan payti boshlangan xayrli tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti da’vati bilan qayta start oldi.

Zero, har qanday ulug‘vor ishlar o‘zining davomiyligi bilan xayrlidir.

Yigirma yil o‘tib, yosh ijodkorlar seminariga yana qatnashish baxtiga muyassar bo‘ldim. Bu gal ustozlar safida, mezbon bo‘lib – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi rahbari sifatida ishtirok etdim. Men bundan qanchalar baxtiyor bo‘lganimni so‘z bilan ta’riflab berolmayman.

O‘riklisoy bog‘larida yana Zomin bulbullari sayradi. Qariyb chorak asr oldin boshlangan xayrli tashabbus yana qancha-qancha iste’dodlarni kashf etib, ezgu orzular sari qanot berishda davom etmoqda.

Bundagi har bir toshda O‘zbekiston Xalq shoirlari Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva, Enaxon Siddiqovaning izlari, Sobir O‘nar, Luqmon Bo‘ri kabi adiblarning so‘zlari qoldi. Taniqli shoir Azim Suyunning “Burgut mening O‘zbegim!”, degan hayqiriqli ovozi tog‘-u toshlarda aks-sado berganday bo‘ldi.

Ijod ahliga nima kerak?..

Baland ko‘ngil va jo‘shqin ilhom bulog‘i kerak.
Zominning ulug‘vor tog‘lari bag‘rida, yam-yashil archazorlarning xushbo‘y tarovatida, O‘riklisoyning sharqirab oqayotgan zilol suvlari mavjlarida ana shu manba yashirindek go‘yo…

Seminar ishtirokchilarining ko‘zlaridagi hayrat va so‘zlaridagi qudrat yoshlik shiddati-yu nafosatiga hamohang tarzda jaranglaganiga guvoh ko‘ngillardan shunday o‘ylar o‘tsa, ne ajab.

Zero, har o‘zbekning ichida bir shoir yashaydi. Shuning uchun shoirini olqishlaydi bu Vatan, bu xalq!

“SIM KARTA SOTAMAN. NARXI O‘N BЕSh MING SO‘M!”, – DЕDI HABASH YIGIT SOF O‘ZBЕK TILIDA

Otam tarix va siyosat ilmini chuqur egallagan haqiqiy pedagog edi. Bir umr maktab direktori vazifasida ishlasa-da, obro‘si hokimlarnikidan baland edi nazarimda. Valine’matim 1991 yil 1 avgustda vafot etdi. Roppa-rosa bir oydan so‘ng, mamlakatimiz mustaqilligi e’lon qilindi. Bu ulug‘ kunni ko‘rish otamga nasib qilmadi.

Siyosat odami emasmi, televizor orqali ko‘rsatilayotgan siyosiy tadbirlar rus tilida olib borilar va bundan otam juda xunob bo‘lar edi. “O‘zbekistonda yashab, o‘zbek bo‘la turib, o‘zganing tilida gapirish, ish yuritish – adolatsizlik”, degan noroziliklarini tushunsam-da, bu holat tabiiydek tuyular edi. Arab tilini bilgani holda, qanchalar bilimi kuchli bo‘lmasin, rus tilida erkin so‘zlasha olmasa, bilim va iste’dodi yuzaga chiqmasligidan o‘kinar edi. Keyin gazetada o‘qib chiqib, mushohada qilardi. Otam tufayli dunyo mamlakatlari, ularning o‘rni, xalqi haqidagi tushunchalarimiz teran edi. Dunyo davlatlarining poytaxt shaharlari va davlat rahbarlarini nomma-nom sanab bera olar edik. Uyimizda bir kutubxonani to‘ldiradigan kitob va jurnallar taxlami bizning bilimlarimizni mukammallashtirishning eng maqbul vositasi bo‘lgan, nazarimda.

Men nega otam haqida gapirayapman?..

Ba’zan mustaqillik bizga nima berdi, degan iddaoli gaplarni eshitib qolsam, otam rahmatlining rus tilida o‘tkazilayotgan siyosiy yig‘ilishlarni xunob bo‘lib tinglab o‘tirgani yodimga tushadi.

Mustaqillik bizga o‘z tilimizda gapirish, davlat siyosatiga molik qarorlarni o‘z ona tilimizla qabul qilish, dunyoga o‘zbek tilida yuzlanish imkonini, o‘zligimizni anglash saodatini berdi. “Ota, mana siz kutgan kunlar ham keldi”, deb suyunchi olgim keldi padari buzrukvorimdan. Millat, xalq, Vatan manfaati, deb moli-yu jonini ayamagan jadid bobolar yodi yuragimni o‘rtadi..
Nega men xotiralarga berilib ketyapman?..

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, har bir ezgu ish davomiyligi bilan xayrlidir. Chunonchi, Kengash yig‘ilishida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratildi:

– Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari ish haqiga 50 foizgacha ustama qo‘shib berilishi;
– O‘zbek tili bo‘yicha xalqaro fan olimpiadasi o‘tkazilishi, g‘olib va sovrindorlari pul mukofoti bilan taqdirlanishi;
– O‘zbek tili filologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha talabalar davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishi kabi dolzarb vazifalar belgilandi.

Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishida bu haqiqat yangi bosqichga ko‘tarilayotgani xabari biz kabi ijod ahliga ijodiy quvvat va kuch bag‘ishladi.

Ha, aytganday, o‘zbekcha gapirgan habash yigiti haqida izoh bermabman.

2023 yil hayotimda muhim yangiliklar yili bo‘ldi, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu yilning Ramazon oyida muqaddas Umra safariga borish, Baytullohni tavof qilish baxtiga muyassar bo‘ldim. Umrimda birinchi marta chet elga chiqdim. Turli millat va elat vakillaridan iborat musulmonlar bilan yonma-yon Umra amallarini bajardim.

Saudiya Arabistonining Jidda shahri aeroportiga tushganimizdan ilk ro‘para kelgan habash yigit sof o‘zbek tilida bizga murojaat qildi:
– Sim karta sotaman. Narxi o‘n besh ming so‘m…
Bo‘yi ikki metr keladigan habash yigitiga quvonch bilan qaradik. U ham bizga jilmayib qo‘ydi.
Keyin arab millatiga mansub sotuvchi yigitlar ham qiynalib bo‘lsa-da, o‘zbekcha gapirishga harakat qilayotganining guvohi bo‘ldim. Ana shunday sotuvchi arab yigitlaridan biridan savdo qilayotsam, nima dedi, deng?..
– O‘zbek yaxshi odam, juda yaxshi odam, boshqasi bo‘maydi,– dedi u o‘zbekchada qiynalib-qiynalib.
Yurtdoshlar! Ne baxtki, dunyo bugun o‘zbekcha gapirishga chog‘lanyapti…

Mehribon ABDURAHMONOVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
viloyat bo‘limi rahbari.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan