Xalq deputatlari viloyat Kengashining deputatlari o‘zlarining 2023 yildagi oxirgi – 50 sessiyasiga to‘planishdi. Kengash raisi Ergash Saliyev sessiya kun tartibiga qo‘yilgan masalalar bilan tanishtirib, sessiya reglamentini tasdiqlatib oldi.Sessiya kun tartibidagi “Jizzax viloyatining 2024 yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash to‘g‘risida”gi masala yuzasidan viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi rahbari Akbar Rahmatullayev ma’ruzasi tinglandi. Ma’ruzachi deputatlarni viloyatning 2024 yilgi mahalliy budjetining daromad va xarajatlar qismi asosiy parametrlari bilan tanishtirib, sohalarga ajratilayotgan mablag‘lar haqida izohlar berib o‘tdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov bevosita 2024 yilda budjetning daromad va xarajatlar qismida bo‘lgan o‘zgarishlar haqida sessiyaga tushuntirishlar berdi.
Sessiyada xalq deputatlari viloyat Kengashining Sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Shuxrat Umarov “Jizzax viloyatida ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosini o‘rganish yakunlari to‘g‘risida” ma’ruza qildi. Shu masala yuzasidan viloyat hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Hamid Hasanov axborot berdi.

2023 yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan PQ-208-sonli qarori ijrosini ta’minlash uchun 184 ta obyektda 453,1 mlrd. so‘mlik qurilish-montaj ishlari olib borildi. 311,5 km avtomobil yo‘llari ta’mirlandi. Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashni yanada yaxshilash uchun 80 ta obyektda 428,5 km suv quvurlari tortildi va 47 ta inshootlar qurilib, foydalanishga topshirildi. Elektr energiyasi ta’minotidagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida 8 ta obyektda 27,6 km yangi tarmoqlar tortildi, 8 dona yangi transformator punkti o‘rnatildi. Shu bilan birga 6 ta obyektda 21,5 km tabiiy gaz tarmoqlari montaj qilindi.

Viloyatdagi ikkita maktabda 150 o‘rinli o‘quvchi o‘rniga ega qo‘shimcha bino qurildi va bitta bog‘chaning ichimlik suvi bilan ta’minlanishi yaxshilandi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining PQ-465-sonli, PQ-146-sonli qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 346-F-sonli farmoyishlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, ijtimoiy soha obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish natijasida 34 ta maktab, 12 ta MTT, 7 ta sog‘liqni saqlash muassasalari rekonstruksiya qilindi. Shundan ishlar samarasi o‘laroq 10990 ta o‘quvchi o‘rni yaratildi, 1850 nafar tarbiyalanuvchilarning sharoiti yaxshilandi. 2500 nafar bemorlarga davolanishlari uchun qulayliklar yaratildi.
Hozirgi paytda 16 ta obyektda qurilish-ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Shundan 7 ta obyekt qurilishi 2024 yilga o‘tadi. 9 ta obyektda ishlar yakunlanib, foydalanishga topshiriladi.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati – Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining a’zosi Adham Shodmonov ishtirok etdi va “Jizzax viloyatida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar holatini o‘rganish yakunlari yuzasidan” ma’ruza qildi.
Sessiya yakunida yil davomida Kengash ishida faollik ko‘rsatgan va boshqalarga o‘rnak bo‘lgan deputatlar Sabohat Abdurahmonova, Farhod Odilov, Sabohat Azimova, Shuxrat Umarovlar to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha g‘olib deb topildi va ularga xalq deputatlari viloyat Kengashining diplomlari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuning bilan birga deputat sifatida aholi o‘rtasida faol ish olib borgan bir qator deputatlar ham eldalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Barchaga ma’lumki, Jizzax shahridagi 26-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinfi o‘qituvchisi Ro‘zigul Orziqulova “Eng faol ayol” respublika tanlovida ishtirok etib, oliy mukofotni olishga sazavor bo‘lgan edi. Sessiyada viloyat rahbari Ergash Saliyev uni erishgan yutuqlari bilan qutlab, viloyat hokimining “Faxriy yorlig‘i” va sovg‘alarini topshirdi.Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.
Asad MUSTAFOYEV.