UNUTILMAS YIL BO‘LIB QOLDING!

Yakuniga yetgan yil ushbu yoshlar hayotida unutilmas va yorqin iz qoldirdi. Ular ko‘p yillik izlanishlari, ixtiro va yangiliklari, a’lo o‘qishi va xalqaro yutuqlari bois nomdor stipendiyalar sohibi bo‘lishdi. Viloyatimizdagi oliy o‘quv yurtlarining 25 nafar talabasi turli nomli stipendiyalarga munosib ko‘rildi. Ular misolida ertamiz egasi bo‘lgan yoshlarning maqsad va intilishlari hamda yurtimizda navqiron avlodga qaratilayotgan e’tiboru rag‘bat haqida xulosa qilish mumkin.

Mubina MUROTJONOVA – O‘zMU Jizzax filiali psixologiya fakulteti, iqtisodiyot yo‘nalishi 4-bosqich talabasi. U yakunlangan yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi.

Uning “Modern trends in digital business” nomli kitobi xorijiy Scholar’s Press nashriyoti tomonidan chop etilib, morebook.de va amazon.com onlayn do‘konlarida sotuvga qo‘yilgan.
– Kitobda iqtisodiyotni rivojlantirishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llashning dolzarb vazifalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali jamiyat hayotining o‘zgarish tendensiyalari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari va sun’iy tafakkurdan foydalanishning amaliy va nazariy jihatlari yoritilgan, – deydi muallif. – Bu orqali raqamli biznesning yangi imkoniyatlari haqida keng tasavvurga ega bo‘lish va mehnat faoliyatida yangi ufqlar ochish mumkin bo‘ladi. Yangi yil yoshlarimizga yangi imkoniyatlar olib kelsin!
Mubina Murotjonovaning 50 ga yaqin ilmiy maqola va tezislari, 5 ta monografiyasi xalqaro nashriyotlar hamkorligida nashr etilgan. U, shuningdek, EHM uchun 3 ta dasturiy mahsulot muallifi hisoblanadi.

 

Nozima TOJIBOYEVA – Jizzax politexnika instituti qurilish materiallari muhandisligi fakulteti 4-bosqich talabasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibi.

U 2022-23 o‘quv yilida Beruniy nomli davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan. O‘sha yili “Ilm qaldirg‘ochlari” respublika tanlovida 3-o‘rinni, “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovida 1-o‘rinni, “Yil talabasi” tanlovida 2-o‘rinni egallagan. Uning 35 dan ortiq maqola va tezislari xalqaro jurnallarda, konferensiyalarda nashr etilgan. Shuningdek, oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etib, 5 ta yangi ish o‘rni yaratgan.
-Qurilish sohasi qizlarga mos emas deyishadi. Ammo ilm-fan, aql-zakovat har sohaga zarur. Men ko‘pchitilgan vermikulit asosida olovbardosh va issiqlik izolyatsiyalovchi plitalarning samarador turlarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayapman. Loyihamning maqsadi mahalliy mineral resurslar asosida sanoat chiqindilaridan foydalanib, yengil va issiqlikni saqlab turuvchi, olovbardosh plitalar ishlab chiqarishning samarador tarkibi hamda texnologiyalarini ishlab chiqish. Natijada qurilish sohasiga hamyonbop va tejamkor, qulay va yengil material kirib keladi. Fursatdan foydalanib ilmiy izlanishlarimga rahbarlik qilayotgan ustozlarim Obloqul Berdiyev va Bekzod Tursunovlarga minnatdorlik bildiraman. Barchaga Yangi yil muborak!

Mehriniso ERGASHЕVA – Jizzax davlat pedagogika universiteti boshlang‘ich ta’lim fakulteti 3-bosqich talabasi, Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi sohibi.

Jazoirda “So‘z turkumlarida didaktik o‘yinlar” nomli uslubiy qo‘llanmasi nashr qilinib, Fekra.com saytida sotuvga qo‘yildi. 2023 yilda Rossiya va yurtimizdagi nshriyotlarda monografiya va uslubiy qo‘llanmasi nashr etildi. Ilmiy tadqiqod mavzusi bo‘yicha maqolalari 40 ga yaqin xalqaro konferensiyalarda e’lon qilindi. Amazon nashriyotida “Ko‘ngil shivirlari” ijodiy to‘plami, xalqaro antalogiyalar va OAVlarda maqolalari e’lon qilingan. Ayni vaqtda smart darslik ishlab chiqish g‘oyasi ustida ishlamoqda.
-Smart darslik ta’lim uchun muhim yangilik, – deydi Mehriniso Ergasheva. – U Steam ta’lim texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, ishlashi uchun internet shart emas. 6 ta fan bo‘yicha yaratilib, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining PIRLS bo‘yicha malakalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu g‘oyani mukammlashtirib, kelgusida ta’lim tizimiga tadbiq qilish niyatim bor. Fursatdan foydalanib, Yangi yil yurtimizga tinchlik, xalqimizga yaxshiliklar keltirishiga tilakdoshman. Yurtimiz yoshlari aql-zakovat kuchi bilan har qanday yutuqlarga erishishga qodir. Bunga ishonaylik!

Muqaddas SAPAROVA.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan