VAKSINA– poliomiyelitdan saqlanishning yagona yo‘li

Poliomiyelit markaziy nerv sistemasi, ayniqsa, orqa miyaning motor hujayralari zararlanishi bilan asosan 5 yoshgacha bolalarni zararlovchi virusli o‘tkir yuqumli kasallikdir. Bu shol kasalligi deb atalib, uni hatto oddiy mikroskopda ham ko‘rib bo‘lmaydigan viruslar chaqiradi. Kasallikning yashirin davri o‘rtacha 5-12 kun bo‘lib, ba’zida 35 kungacha davom etishi mumkin.

Poliomiyelit hozirda juda kam uchraydi, chunki barcha bolalar unga qarshi emlanadi. 1905-1916 yillari Yevropada poliomiyelit epidemiyasi kuzatilgan va juda ko‘p bolalar ushbu kasallikdan vafot etgan yoki umrbod shol bo‘lib qolgan. Kasallikning yuqish yo‘llari va keltirib chiqaruvchi omillari shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilinmaganda, og‘iz orqali iflos qo‘l, virus bilan zararlangan suv va oziq-ovqat mahsulotlari, meva va sabzavotlar orqali yuqadi. Ba’zan havo-tomchi yo‘li orqali ham yuqishi mumkin.
Kasallik alomatlari kasallikning paralitik bo‘lmagan shaklida, ko‘pincha qisqa muddatli isitma, yo‘tal, tomoqda og‘riq bo‘lishi, ko‘ngil aynishi, qusish, ich ketishi bilan belgilanadi. Kasallik alomatlari kuzatilganda shifokorga erta murojaat qilish hamda uning tavsiyasiga ko‘ra, davo muolajalarini olish kerak. Poliomiyelit kasalligining oldini olishda yagona chora kasallikka qarshi emlashdir. Milliy emlash kalendariga asosan, poliomiyelitga qarshi emlash bolaning 2, 3, 4 va 16 oyligida va 7 yoshida oilaviy poliklinikalarda og‘iz orqali yuboriladigan poliomiyelit vaksinasi bilan emlash o‘tkaziladi. IPV–inaktivlangan poliomiyelit vaksinasi bilan bolalar 4 oylikda bir marotaba emlanadi.
Respublika davolash-profilaktika muassasalarining emlash punktida joriy yilning 20-30 sentyabr kunlari 4-5 yoshdagi bolalarni emlash kunlari o‘tkazildi va ushbu jarayonda bir million ikki yuz ming doza inaktivlangan poliomiyelit vaksina emlash punktlariga ehtiyojga asosan yetkazib berildi.

Lola JULBЕKOVA,
Sh.Rashidov tuman SEO va JSB epidemiologiya bo‘limi vrachi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan