“JADID” GAZЕTASINI VARAQLAB…

“Jadidlar g‘oyalari Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan hamohang”

Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, 2023-yilning 22-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu yig‘ilish hozirgi kundagi hayotiy muammolarni ma’naviyat va ma’rifat orqali yengib o‘tishga bag‘ishlandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir paytda yosh avlodni ilm-fanda ilg‘orlashtirish bilan birga milliy qadriyatlarimizning bilimdoni etib tarbiyalash muhim ahamiyatga ega. Buyuk mutafakkirlarimiz Abu Nasr Forobiy qarashlarida fozil inson, fozil shahar deb qayd etilgan bo‘lsa, qomusiy olim Abu Ali Ibn Sino asarlarida axloqning oiladan boshlanishi ma’rifatli davlat barpo etilishining asosiy omili ekanligi ilgari surilgan. Buyuk hadisshunos olim Imom al-Buxoriy hadislaridagi insoniylik, halollik, odillik, vatanparvarlik g‘oyalari hamon cheksiz ziyoga ega quyosh kabi butun dunyo dohiylarini maftun etmoqda.

Shunday buyuk merosimiz bo‘lsayu, biz undan oqilona foydalanmasligimiz, atrofimizda turli yot g‘oyalarni, jaholatni targ‘ib etguvchilarning ko‘payishiga yo‘l qo‘yishimiz mumkinmi? Yo‘q albatta. Ijtimoiy tarmoqlarda, teatr, kinoda, maqolalarda, bolajonlar uchun yaratiladigan adabiyotlar, sahna asarlarida tariximizning boy qirralarini, To‘marisu Shiroqdan tortib jadid ma’rifatparvarlarning hayot yo‘lini ko‘rsatish yoshlar oldidagi farzimizdir.

Prezidentimizning “Ilgari o‘z maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tganiga hammamiz guvohmiz. Afsuski, bunday keng ko‘lamli va o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi bo‘lgan mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti”, degan haqli e’tirozi barchamizni hushyorlikka undaydi.
Yaqinda poytaxtimizda o‘tkazilgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi ilmiy konferensiya jahon madaniy jamoatchiligi o‘rtasida katta qiziqish bilan e’tirof etildi.

XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik va ilm-ma’rifat uchun kurashga chorlagan jadid bobolarimizni eslaylik. Ular millatni uyg‘otish, uni taraqqiyot sari undash uchun ham ishni eng avvalo gazeta ta’sis etishdan boshlashgan. “Tarjimon”, “Oyina”, “Taraqqiy”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona”, “Najot”, “Hurriyat”, “Al-isloh” kabi bosma nashrlar orqali milliy istiqlol, hurriyat, ma’rifat kabi hayotbaxsh g‘oyalarni xalq ichiga olib kirishga intilganlar.

Prezidentimiz O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Shahidlar xotirasi” jamg‘armasi hamda jamoatchilik vakillarining “Jadid” nomli yangi gazetasini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Ushbu nashr Vatan va xalq manfaatlari yo‘lida jon fido qilgan millat oydinlari – jadid bobolarimizning hayoti va faoliyatini keng targ‘ib etishda o‘ziga xos tafakkur maydoni bo‘lishi maqsad etildi.
Gazeta ilk sonining mazmun-mundarijasiga kelsak, u nihoyatda rang-barang va qiziqarli mavzularni qamrab olgan. Xususan, bosh muharrir Iqbol Mirzoning “Muharrir minbari” rukni ostidagi “Birlashmoq davri” sarlavhali bosh maqolasida gazeta sahifalarining maqsad-muddaolari haqida so‘z yuritilgan. Shuningdek, bugun dunyoda yangilanayotgan O‘zbekiston sifatida e’tirof etilayotgan mamlakatimizda kechayotgan ma’rifiy islohotlar, jadid bobolarimizning g‘oya va intilishlariga nechog‘lik hamohang ekanligi ravon, xalqchil tarzda ifoda etilgan. Bundan tashqari gazeta sahifalarida “Manbalar”, “Tamaddun”, “Oyina”, “Boqiy meros”, “Davr ruhi”, “Meros”, “Moziy sabog‘i”, “Fikr maydoni” kabi ruknlar ostida taniqli adabiyotshunoslar, yozuvchilar, publitsistlar, olimlar, tarixchilarning ilmiy-ommabop maqolalari joy olgan.

Darhaqiqat, “Jadid” gazetasi tom ma’noda ma’rifatparvar bobolarimiz orzu qilgan yangi zamonning shukronasi, Vatan va xalq manfaatlari yo‘lida bugun yana millat oydinlarini birlashtirishdek ezgu g‘oya tantanasidir. Ushbu nashr xalqimiz ziyolilari, keng jamoatchilik tomonidan yangi fikr ufqlarini ochguvchi ma’rifiy nashr sifatida katta ko‘tarinkilik bilan kutib olindi.

Prezidentimiz tabiri bilan aytganda “Jadid” gazetasi yuqorida aytilgan ezgu an’analarni davom ettirib, ulug‘ ajdodlarimizning Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi bilan mushtarak bo‘lgan g‘oya va dasturlarini atrof¬licha yoritish, bu qutlug‘ merosni el-yurtimiz, birinchi navbatda, yoshlarimizning qalbi va ongiga yetkazishda, jamoat¬chilik fikrini shakllantirishda o‘ziga xos erkin minbar bo‘ladi, deb ishonamiz.

Mavlonbek DONIYAROV,
Jizzax davlat pedagogika universiteti,
Boshlang‘ich ta’lim fakulteti o‘qituvchisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan