MUNAVVAR MOHIYAT

Aziz mushtariy, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari bilan allaqachon tanishib chiqqansiz, degan umiddamiz. Jamiyatimizning har bir vakili ma’naviyatning munavvar mohiyatini yanada teranroq anglashi uchun ijroga yo‘naltirilgan ushbu hujjatlardagi ustuvor vazifalar hayotimizdagi asliy istaklarni ravshantiradi. Kishini o‘z-o‘zini isloh etishga, atrof olamga eng sof bilimlar zamirida nazar solishga undaydi.

Muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida jonkuyarlik bilan aytgan quyidagi so‘zlari bejiz emasdi:

— “Tarixdan ma’lum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari — uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”.
Darhaqiqat, Zaminimizning o‘ziga xos allasiyu yallalarini eshitib ulg‘aygan, urf-odatlarimizni ardoqlagan, otashin yuragi milliy g‘urur bilan nafas olgan har bir inson yurtboshimiz etirof etgan kadr bo‘la olishi mumkin. U qaysi sohada ishlamasin, ajdodlarga bo‘lgan hurmatini ulardan meros qolgan ma’naviy manbalarni uqib, amal etish bilangina ifodalashi lozim.

— Ma’naviyat, ma’rifat — ilk bor ertaklar tinglashni boshlagan beg‘ubor bolalardan to insoniy barkamollik hissini tuyuvchi nuroniy, donishmandlargacha aloqador mavzu ekanligi hammamizga ma’lum, — dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi qoshidagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi, falsafa fanlari doktori (PhD) Shahlo Ahrorova. — Ta’lim – tarbiya ham, tarix va kelajak ham manashu ikki so‘zning ma’no-mazmunini ifoda etishga undaydi. Shu bosidan xalqparvar Prezidentimiz mazkur sohaga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda ma’naviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi, yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerakligini ta’kidladilar. Ayni damda adabiyot, san’at, madaniyat, ijod va targ‘ibot kabi ko‘plab yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning ijodiy mas’uliyatini oshirish, mafkuraviy hushyorlikni mustahkamlashga qaratilgan ishlar boshlab yuborildi.
— Oliygohda nazm va nasrda ijod qiluvchi, musiqa yoki san’at yo‘nalishlarida o‘z iste’dodiga ega talabalarning imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida yangicha tartibdagi tashviqot tadbirlarini tashkil etish rejalashtirildi, — dedi Jizzax davlat pidagogika universiteti dots.nti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shoxida Siddiqova. — Ijtimoiy-iqtisodiy holatlari doimo e’tiborda ekanligidan ruhlangan talabalar “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yanada yuksak marralarda Vatanimiz nomi tilga olinishi uchun izlanish va rivojlanishda bir zum ham to‘xtamaslikka harakat qilishmoqda.

— Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatishni tubdan takomillashtirish bilan birga soha faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan Farmon va Qarorni o‘qir ekanman, quvonchni hamda sharafli mas’uliyatni his etdim, — dedi viloyat qo‘g‘irchoq teatrining Adabiy ishlar bo‘limi mudiri Gulchehra Salimova. — “Korxona va muassasalarda oyning bir kuni “Teatr kuni” deb belgilanib, xodimlarning teatrlarga borishi yo‘lga qo‘yiladi”. Davlatimiz rahbarining 22-dekabrdagi ma’ruzalarida aytilgan mazkur so‘zlariga ko‘ra yanvar oyi boshidan yangi asarlar, ssenariylarni sahnalashtirish ishlari bilan band bo‘lyapmiz.

— “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorda “Madaniyat karvoni” shaklida hududlarda konsert-tomosha tadbirlarini o‘tkazish rejasi belgilangan, — dedi O‘zbekiston davlat Filarmoniyasi viloyat bo‘linmasi direktori Odil Orinov. — Shuningdek, 2024-2025 yillar uchun rejalashtirilgan madaniy tadbirlar repertuarlarining yuksak badiiy-g‘oyaviy mazmunda ishlab chiqilishi va yuqori saviyada o‘tkazilishi ham alohida qayd etilgan. Quvonarlisi shundaki, ushbu hujjat ijrosining jarayonida ham tomoshabin xalqning, ham ijodkorning, ham tashkilotchining vatanparvarlik va umuminsoniylik tuyg‘ulari to‘lqinlanadi, ma’naviy salohiyati, bilimlari teranlashadi.

Hayotga tadbiq etilayotgan ma’naviy-madaniy go‘zalliklarning har bir bosqichi dastlab qog‘oz va qalam orqali dunyoga keladi. Shu nuqtayi nazardan Yurtboshimiz ijodiy buyurtmalar, muallif va tarjimonlarga qalam haqqi ko‘paytirilishini, nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 5 yilga soliqlardan ozod qilinishini va’da etdilar.
Hurmatli gazetxon, qaysi hududda yashashingiz, qaysi kasbda ishlashingizdan qat’iy nazar yuqoridagi Farmon va Qaror orqali Sizning qalbingizga o‘zlik ziyosi tuhfa etilishi maqsad etilgan. Shunday ekan, o‘zligingizni tanish va tanitishda faol bo‘lishingizni kutib qolamiz.

Gulchehra XIDIROVA.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan