«GULBAHOR»DA BAHOR BOSHLANDI

Viloyatimiz shahar va tumanlari qatorida Arnasoyda ham yirik obodonlashtirish, qurilish hamda infratuzilmani rivojlantirish ishlari amalga oshirildi. Ayniqsa, “Oqqo‘rg‘on tajribasi” bo‘yicha qilingan ishlar e’tiborga sazovordir.

Tuman markazini obodonlashtirish bo‘yicha boshlangan xayrli ishlar davom ettirilib, markaziy yo‘llar kengaytirildi, asfalt yotqizildi, zamonaviy me’morchilik asosida shinam va qulay ma’muriy, turar joy binolari qurildi. Hamma ko‘chalarga “Yashil makon” umummilliy loyiha asosida turfa daraxtlar nihollari o‘tqazildi.

Viloyatimizdagi bir qator mahallalarni “Obod xonadon, obod ko‘cha va obod mahalla” mezonlari asosida rivojlantirish belgilab olingan. Arnasoy tumanidagi Gulbahor mahallasi ham ana shu loyihaga kiritilgan edi. To‘g‘ri, asosiy ishlar bahor oylarida, kunlar isib ketganida boshlanadi. Ammo qishda yog‘ingarchiliklar kamligidan foydalanib, tuman hokimining tashabbusi bilan loyihada belgilangan ishlar hozirdanoq boshlanib, jadal sur’atlarda davom etmoqda.

— Mahallamiz o‘z nomiga munosib bo‘lishini xohlaymiz, -deydi fuqarolar yig‘ini raisi Rustam Norov. – Shuning uchun yoshu-qari birgalikda ko‘cha va xiyobonlarni tozalamoqda. Tumanimiz nurchilari elektr transformatorlari, ustun va tarmoqlar sozligini tekshirib, nosozlarini almashtirmoqdalar.

Jumladan, mahallada Elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan bir dona transformator joriy ta’mirlandi, 10 kVli kuchlanishga ega 300 metrli elektr energiyasi tarmog‘i taranglashtirildi va izolatorlari almashtirildi. Mahallaning kirish qismidagi ko‘cha chiroqlarining nosozlari ta’mirlanib, ayrimlari yangilandi.

Mahallada boshlanib ketgan ishlarni ko‘rgan tuman Obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xodimlari ham himmat kamarini mahkam bog‘lab, mahalla ahli safiga qo‘shilishdi. Obodonlashtirish boshqarmasi ishchilari oqar suv ariqlarini tozalab, yig‘ilgan chiqindilarni tashib ketishmoqda. Ko‘chalardagi daraxtlarga shakl berishmoqda.

— Ayni damlarda biz xonadonlarga kirib, har bir fuqaro bilan suhbatlashmoqdamiz. Ularga tomorqadan samarali foydalanish, uning har qarichidan daromad topish imkoniyatlari borligi tushuntirilmoqda. 2024 yil yakuniga qadar mahallamizda bitta ham ishsiz fuqaro qolmasigi uchun harakat qilayapmiz, -deydi hokim yordamchisi Navro‘z Sayidazimov.

Darhaqiqat, tomorqadan unumli foydalanish hisobiga aholiga o‘zini o‘zi band qilish va qo‘shimcha daromad topish imkoniyatlari chegaralanmagan. 2023 yilda ko‘plab ishsiz, kam ta’minlangan oilalarga bir gektargacha yer maydonlari ajratib berildi. Arnasoyliklar o‘tgan yillar tajribasidan kelib chiqib, yer maydonlarini auksionga chiqarish rejalarini belgilab olishmoqda.

— Uy bekalariga imkoni boricha sharoit yaratib berish mahalla faollarining doimiy diqqat markazida turibdi, -deydi xotin-qizlar faoli Barno Naxalova. –Xonadonlarni ichimlik suvi, gaz va elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida barcha resurslardan foydalanyapmiz.
Hozirgi paytda 12 ta xonadonga qo‘shimcha tarzda suyultirilgan gaz balonlari tarqatish yo‘lga qo‘yildi. Mahalladagi kam ta’minlangan oilalar turar joylarini homiylik asosida ta’mirlab berish ko‘zda tutilgan.

Joriy yilda Gulbahor mahallasining “Obod xonadon, obod ko‘cha va obod mahalla” mezonlariga mos kelishi uchun belgilangan reja asosida mahalladagi 7-sonli umumta’lim maktabi binosi mukammal ta’mirlanadi. 2,8 chaqirim ichki yo‘llarga asfalt yotqiziladi, 2,4 km. shag‘allashtiriladi.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 1,3 km. yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortiladi. 137 ta elektr tayanch ustunlari va ular orasidagi tarmoqlar yangilanadi, 2 ta yangi transformator o‘rnatilib, 2 ta mavjud transformatorlar mukammal ta’mirlanadi.

Mahalladagi 2 ta ko‘p xonadonli uylarning ta’mirlanishi, 2 km. ichki irrigatsiya tarmoqlari qurish va ta’mirlash ishlari ham yil rejasidan o‘rin olgan.
Aholiga qulayliklar yaratish maqsadida1,5 km. piyodalar yo‘laklari quriladi va mavjudlari ta’mirlanadi, ko‘chalarga yangidan 20 dona tungi yoritgichlar o‘rnatiladi. 3 ta chiqindixonalar qurish va ta’mirlash, ko‘chalarga yangi tipdagi modullar va chiqindi qutilari o‘rnatiladi. Ko‘cha va xiyobonlarga 3500 tup daraxt ko‘chatlarini ekish hamda gulzorlar tashkil etish kabi ezgu ishlar ko‘zda tutilgan.

Endilikda mahalladagi xonadon egalari ham g‘ayrat bilan o‘z uylari, tomorqa devorlari, yordamchi binolarni ta’mirlash, rang berish, tomorqasi va o‘z ko‘chasiga daraxt hamda gullar ekishlari lozim. Shunda Gulbahor mahallasi doim bahorday yashnab turadi.

Asad MUSTAFOYEV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan