MAHALLA NUFUZI YANADA OSHADI

2023 yilning 21 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” Farmoni qabul qilingan edi. Farmonda respublika, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlarini shakllantirish vazifasi belgilab berilgandi.

Viloyatnimizning barcha shahar va tumanlarida mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlarining tashkiliy konferensiyalari bo‘lib, viloyat tashkiliy konferensiyasiga delegatlar saylandi.

Mahallani qo‘llab quvvatlash viloyat konferensiyasini viloyat hokimi Ergash Saliyev ochib, mahallalar ishini jonlantirish, ularda faoliyat ko‘rsatayotgan yettilik ishini muvofiqlashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-209-sonli farmonining mazmun-mohiyati, unda belgilangan vazifalar haqida ma’ruza qildi.

— Hokim yordamchisi o‘z holicha, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli o‘zicha ish yuritib boshladi. Aslida mahalla raisi “mahalla yettiligi” ishini muvofiqlashtirishi, muammolarga hamjihatlikda yechim topishi lozim edi. Ammo boshboshdoqlik tufayli mahalla raisining nufuzi pasayib ketdi, -dedi Ergash Saliyev.

Darhaqiqat, Prezident farmonida mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, uning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, mahalla boshqaruvida aholining faol ishtirokini ta’minlash, har bir fuqaro o‘zi va oilasining kelajagi, moliyaviy ahvoli va farovonligini ta’minlashda mas’uliyatni sezishi, boqimandalikka o‘rganmaslik hissini yanada kuchaytirish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish masalalari o‘z aksini topgan.

Shuningdek, fuqarolarni o‘z uyi va ko‘chasini ozoda saqlashga, milliy qadriyat va urf-odatlarni hurmat qilishga chaqirish, ma’naviy va ma’rifiy ishlarda mahallaning o‘rnini kuchaytirish, aholi o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash choralarini ko‘rish, «mahalla yettiligi» tomonidan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish uchun safarbar etishda ko‘maklashish, mahallalardagi muammolarning o‘z vaqtida va samarali yechilishida davlat organlari va tashkilotlarining mahallalardagi vakillarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, muvofiqlashtirish va yo‘naltirish, mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish, kambag‘al oilalarga ajratilayotgan budjet mablag‘lari va boshqa mablag‘larning maqsadli va manzilli yo‘naltirilishini ta’minlash, mahallalarning moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash, ularga ajratiladigan mablag‘larni markazlashgan tarzda taqsimlash, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, mahalla mas’ullarining malakasini oshirish, ularda zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalari shakllanishiga ko‘maklashish masalalari nazarda tutilgan.

Tashkiliy konferensiyada viloyat Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Iqboloy Umarova davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash to‘g‘risida so‘zladi.

Ma’ruzalar yuzasidan Paxtakor tumanidagi “Oqbuloq” MFY raisi Muzaffar Xasamiddinov, Zarbdor tumanidan mahalla raisi Abduvali Bozorov, Jizzax shahridan mahalla raisi Shohruh Ahrorqulov va boshqalar fikr-mulohazalar bildirishdi.

Konferensiyada respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashining tashkiliy konferensiyasiga delegatlar saylandi.

Asad MUSTAFOYEV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan