ISLOHOTLARGA HAMOHANG

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida barcha sohalarda ulkan o‘zgarishlar, yangilanishlarni va aholi turmush sharoitining kundan kunga yaxshilanib borayotganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Shu o‘rinda kasaba uyushmalari o‘z faoliyatida islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, erishilayotgan natijalarga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Xususan, kasaba uyushmalari tomonidan yangi loyihalar ishlab chiqish va amaldagi huquqiy-me’yoriy hujjatlarni davrga mos tarzda takomillashtirish maqsadida 288 tadan ortiq takliflar kiritildi. Fuqarolarga munosib mehnat sharoitlari yaratish, ish haqqi, dam olish vaqti, mehnat muhofazasi va boshqa masalalarda mehnat sohasidagi 400 dan ziyod huquqiy-me’yoriy hujjatlar loyihasi bo‘yicha xulosalar berildi.

Jamoa kelishuvlari va shartnomalari orqali munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat muhofazasi va gigiyenasi, bandlikni ta’minlash, dam olish va sog‘lomlashtirish, mehnatga haq to‘lash, xususan, teng ahamiyatli mehnat uchun erkaklar va ayollarga teng haq to‘lash, ijtimoiy imtiyoz va kafolatlar belgilash, ayniqsa, yoshlar, ayollar, keksalar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha e’tiborga loyiq ishlar amalga oshirilmoqdaki, bularning hammasi inson omili bilan uzviy bog‘liqdir.

Xalq ta’limi muassasalari bilan hamkorlikning uzviy yo‘lga qo‘yilishi natijasida Xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuv to‘g‘risida 144-Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi mamlakatimizda ijtimoiy muloqotni yanada rivojlantirishga turtki bo‘ldi.

Har qanday yirik tadbirlar, anjumanlar birinchi navbatda kasaba uyushmasining asosini tashkil etuvchi boshlang‘ich tashkilotlarda boshlanadi. Ayni paytda ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Forish tuman bo‘linmasi kengashi 89 ta boshlang‘ich tashkilotni o‘z atrofida birlashtirib turibdi. Ularda kasaba uyushmasi a’zolari soni 4259 nafarga yetdi.
O‘tgan yil mobaynida bajarilgan ishlar samarasi o‘laroq xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 20 ta boshlang‘ich tashkilotlari tashkil etilib, 40 nafar soha xodimlari kasaba uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi.

Ma’muriyat va jamoa o‘rtasidagi huquqiy, ijtimoiy masalalarni adolatli hal etishda jamoa kelishuvi hamda shartnomalarining ahamiyati beqiyosdir. Barcha maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalarida 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan jamoa kelishuvi qabul qilindi. Tizimdagi barcha muassasalarda jamoa shartnomalari ham amaldagi qonunlarga muvofiq tuzildi.
Har bir kasaba uyushmasi a’zosining mehnatga oid huquqlari doimiy e’tiborimizda. 2023 yilda ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmalari tuman kengashiga turli mavzularda 261 ta murojaatlar kelib tushdi, ularning 46 tasi huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha og‘zaki murojaatlar bo‘lib, barchasiga Mehnat kodeksi bandlari bo‘yicha javob berildi va xodimlarga huquqiy, iqtisodiy yordam ko‘rsatildi.

Yil davomida kam ta’minlangan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj kasaba uyushmasi a’zolaridan 163 nafariga 82 820 ming so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. Atoqli kunlar, bayramlarda kasaba uyushmasi faollariga sovg‘alar tashkil etildi.

Kasaba uyushmasi a’zolarining oilaviy ahvoli, turmush sharoiti muntazam o‘rganilib, ko‘plab oilalarga sovg‘alar, yordam pullari berib borilmoqda. O‘tgan yili 45 nafar kasaba uyushmasi a’zosiga 14 301 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari olib berildi.

Xodimlarni majburiy mehnatga jalb etish masalasi yuzasidan doimiy monitoring yo‘lga qo‘yilgan. O‘tkazilgan monitoring va so‘rovlar natijasida tumandagi birorta ham maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida xodimlarni majburiy mehnatga jalb etish holatlariga yo‘l qo‘yilmaganligi aniqlandi.

Albatta, joylarda o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlari, davra suhbatlari va huquqshunoslar bilan uchrashuvlar salbiy holatlarning oldini olishda muhim ahamiyatga egadir. Bunday tadbirlarda kasaba uyushmasi a’zolarining aksariyat qismi ishtirok etmoqda.

Ichki turizmni rivojlantirish, davlatimiz rahbari tomonidan boshlab berilgan “Besh tashabbus” faollarini rag‘batlantirish kasaba uyushmasi tashkilotlarining asosiy vazifalaridan hisoblanadi. O‘tgan yili 12 nafar xodimga sog‘lomlashtirish muassasalariga tekin yo‘llanmalar berildi. 40 nafar xodimning Toshkent shahriga, 58 nafar mehnat faxriylarining Xorazm viloyatiga sayohati uyushtirildi.

O‘qituvchilar o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sport musobaqalari tashkil etildi. G‘oliblarga 12 968 ming so‘mlik sovg‘alar berildi.
Uyushma tarkibidagi barcha boshlang‘ich tashkilotlarda 2024 yilda bajariladigan asosiy ishlar rejasi belgilab olindi. Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmalari tuman bo‘linmasi kengashi “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yosh o‘qituvchilarga, maktablarni bitirishga tayyorlanayotgan o‘quvchilarga har tomonlama ko‘mak beruvchi, ularga hayotda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi maslakdosh bo‘lib qoladi.

Naim MAXAMMATOV,
Ta’lim va fan xodimlari
kasaba uyushmasi Forish tuman
bo‘linmasi kengashining raisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan