IJODKOR OLIM

Ravshan aka institutdan chiqib, shoshilgancha shahar markaziga qarab yo‘l oldi. U xalq deputatlari viloyat Kengashi binosiga yetib kelganida quyosh ufqqa yonboshlagan, yig‘ilish kechki soat oltiga belgilangan edi.

U soatiga qarab:
— Xayriyat ulgurdim, -dedi va shaxdam qadamlar bilan binoga kirib ketdi.
Ravshan akani mamlakatimiz mustaqillikka erishgan davrlardan bilaman. U qayerda ishlamasin, tartib-intizomga qat’iy rioya qilardi. Biror ishni va’da qildimi, albatta uddasidan chiqardi. O‘zi ham kechikib yurganlarni yoqtirmasdi.

Jizzax politexnika institutining iqtisodiyot va menejment kafedrasining dots.nti Ravshan aka Hidoyatovning hayot yo‘liga nazar tashlasangiz boshqa yurtdoshlarimiznikidan uncha farq qilmaydi. Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida tug‘ilib voyaga yetdi, keyinchalik Baxmal tumanidagi 68-o‘rta maktabda o‘qidi.

1976 yilda imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, Toshkent davlat universitetining tarix fakultetiga o‘qishga qabul qilinadi. Oliy o‘quv yurtini tugallab, siyosiy iqtisod bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘ldi. Uning ilmga ishtiyoqi nihoyatda baland edi. Shuning uchun 1981-1984 yillarda O‘zbekiston fanlar akademiyasi Iqtisod instituti aspiranturasida tahsil olib, “Sanoat ishlab chiqarish tarkibiy siljishlarining qonuniyatlari va ularning rivojlanishi” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaydi.

Ko‘rib turganingizdek, inson hayotining hatto eng qizg‘in davrlarini ham to‘rtta satrga joylash mumkin. Yaqinda Ravshan aka mendan:
— Bir narsa yozib qo‘ydim, agar vaqtingiz bo‘lsa ko‘rib bersangiz, -deb iltimos qilib qoldi.

Men rozi bo‘ldim. Ravshan akaning risolasini dastlab ju’ziy xatolarini tuzatish uchungina o‘qiy boshladim. Keyin qanday qilib qizg‘in voqealar girdobiga tushib qolganimni o‘zim ham sezmay qoldim.

Ravshan aka ajoyib avtobiografik qissa yozgan ekan. Talabalik yillari Toshkentda qanday kechgani, ayniqsa, aspiranturada o‘qigan kezlari qiynalganlarini o‘qib, Ravshan aka uchun olimlik rutbasiga erishish oson kechmaganini his qildim. Qissa sodda va ravon so‘zlar bilan bayon qilingan edi. Ana shu soddalik har qanday kitobxonni o‘ziga bog‘lab oladi.

Ravshan Hidoyatov 1976–1996 yillarda A.Qodiriy nomli Jizzax Davlat pedagogika institutida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dots.nt, dekan o‘rinbosari, “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri lavozimlarida o‘zi doim amal qilib kelgan prinsip va g‘oyalardan chekinmay halol mehnat qildi. 2002 yilda esa Jizzax politexnika institutining “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri lavozimiga taklif qilinganida yangi jamoaga ham tez kirishib ketdi.

Men maqola debochasini Ravshan akaning xususiyatlarini maqtash uchun yozganim yo‘q. U o‘ziga nihoyatda talabchan. Eng asosiysi, bekor o‘tirishni yoqtirmaydi. Ozroq bo‘sh payti bo‘lib qolsa, qog‘oz qoralaydi. Toma-toma ko‘l bo‘lur deganlaridek, har kuni yozgan satrlari yig‘ilib, bir necha kitobga asos bo‘ldi. Uning 2018 yilda “Ajdodu-avlodlarim”, tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i odamlariga bag‘ishlangan “Niyozmat qishloq hangomalari”, “Esdan chiqmas hangomalar”, 2019 yilda “Ma’naviyatli rahbar, u qanday bo‘lishi kerak?”, “Hayotiy hangomalar” deb nomlangan qissa va risolalari, 2020 yilda “Nomlari muhrlangan ustozlar”, 2022 yilda “O‘tganlar yodi” nomli (O‘tkir Jamolov hammuallifligida) va institut rektori A.Usmankulov bilan hamkorlikda Jizzax politexnika institutining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Jizzax politexnika institutining 30 yilligi: o‘tmishi, buguni va erishilgan yutuqlar” nomli kitoblari chop etilgan.

Undan tashqari, 100 dan ziyod ilmiy maqola va tezislari xalqaro va respublika ilmiy amaliy konferensiyalari to‘plamlarida chop etilgan. 100 ga yaqin ilmiy maqolalari markaziy va mahalliy bosma nashrlarda e’lon qilingan. 9 ta o‘quv–uslubiy qo‘llanma, 20 dan ziyod uslubiy tavsiyalar muallifidir.

Ravshan Hidoyatov 2011 yil “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” davlat dasturida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoshidagi nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab – quvvatlash Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan tanlovda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni ommalashtirishga qaratilgan “Fermer xo‘jaliklarida energiya va resurstejamkor texnologiyalarni rivojlantirish va chiqitsiz texnologiyalarning ilg‘or tajribalarini targ‘ib etish” loyihasini (220 mln.so‘m) qo‘lga kiritib, loyihani Forish tumanidagi “Mulla Sayitqul” fermer xo‘jaligi bazasida muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Fermer xo‘jaligida tashkil etilgan o‘quv markazida viloyatimizning yuzlab fermerlarning o‘qitilishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.

Shundan keyin ham Ravshan Hidoyatov ushbu jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan tanlovlarda ishtirok etib, uch marta g‘olib bo‘ldi. Ajratilgan mablag‘larni ezgu maqsadlar yo‘lida sarfladi.

Bugungi kunda uning o‘zi xalq deputatlari viloyat Kengashi qoshidagi nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab – quvvatlash komissiyasining a’zosi.

— Yig‘ilishimiz tugasa, viloyat prokuraturasiga borishim kerak, -dedi komissiya yig‘ilishida o‘tirganimizda.
— Tinchlikmi aka? –deb so‘raganimda u viloyat prokuraturasi qoshidagi korrupsiyaga qarshi kurash komissiyasining a’zosi ham ekanligini aytdi.

Ravshan Hidoyatov jamoat ishlarida faol qatnashib kelmoqda. Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi a’zosi, “Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik guruhi raisining o‘rinbosari, Jizzax politexnika instituti qoshidagi Nuroniylar kengashining va institut kasaba uyushmalari kengashining a’zosi.

— Bu ishlarga qanday ulgurayapsiz? – so‘rayman hayron bo‘lib.
— Xohish bo‘lsa, odam hammasiga ulguradi, —javob beradi Ravshan aka kamtarlik bilan.

Ustozning yetmish yoshga kirganiga ochig‘i, ishonmaysiz! Chunki u juda yosh ko‘rinadi, harakatlari ham chaqqon, tinib-tinchimaydi. Xayolimdan qalbi pok, niyati xolis, doim boshqalar baxti uchun yashagan insonlar hech qachon qarimasa kerak, degan gaplar o‘tdi.

Asad MUSTAFOYEV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan