ADOLAT BOSH MЕZONI

Inson qadrini ulug‘lash – yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash demakdir. Yurtimizda har bir sohada ro‘y berayotgan o‘zgarishlar avvalo inson uchun yaratilayotgan qulayliklarning yorqin ifodasidir. Jumladan, jinoyat sodir etib, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan hamyurtlarimizning afv etilishi va ularning jamiyatga moslashishiga ko‘maklashish, «Mehr» tadbiri doirasida urush o‘choqlaridan ayollar va bolalarni qaytarish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasidagi O‘zbekiston tajribasi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham ko‘p bora e’tirof etildi.

Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, xususan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli tashkiliy-amaliy va huquqiy islohotlar amalga oshirilib, milliy qonunchiligimizni esa xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga oid ishlar qamrovi ham tobora kengayib bormoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga ham bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Kodeks «Rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibi» nomli yangi 1021-modda bilan to‘ldirildi. Yangi moddaga ko‘ra, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan kodeksning 971-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan mezonlar asosida rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi.

Uchinchi mintaqaviy hudud 29-son manzil koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni tuzalish yo‘liga o‘tgan yoki tuzalish yo‘liga o‘tmagan deb topish bo‘yicha komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Komissiya a’zolari har bir mahkumlar bo‘yicha uning mehnatga vijdonan munosabatda bo‘lishi, belgilangan mehnat normalarini bajarishi, ongli ravishda mustaqil ishlash ko‘nikmalarining shakllanganligi, o‘qishga va kasb-hunar o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi, jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etiladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlardagi ishtiroki, uning tashabbusi, boshqa mahkumlarga ibrat bo‘lishga intilishi, muassasada o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalariga rioya etishi, mahkumga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilganligi, unga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilmaganligiga qarab mahkumlarni tuzalish yo‘liga o‘tgan yoki o‘tmagan deb topish to‘g‘risidagi xulosa komissiya a’zolari tomonidan rasmiylashtirilib, mahkumning shaxsiy yig‘majildiga qo‘shib qo‘yildi.

Yig‘ilishdan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha Jizzax viloyati vakili bilan birgalikda mahkumlarning muammolarini tinglab, yechimi bo‘yicha tushunchalar berilib, ularning huquqlari doimiy davlat himoyasida ekanligi tushuntirildi. Mahkumlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga tegishli javoblarini olishdi. Shundan so‘ng koloniyadagi barcha mahkumlarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, bandligini ta’minlash, qayta jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdik. Ushbu koloniyada qulay sharoitlarga ega bo‘lgan paypoq ishlab chiqarish, tikuvchilik, elektromontaj sexlari hamda nonvoyxonada barcha mahkumlarning ish bilan bandligi ta’minlanib, oylik maoshlari ham o‘z vaqtida berilayotganiga guvoh bo‘ldik.

Yangi O‘zbekistondagi mahkumlarning huquq va erkinliklarining kafolatlarini ta’minlash borasidagi huquqiy islohotlar o‘z samarasini bermoqda.

Abdulaziz XUJAKOV,
xalq deputatlari Jizzax
shahar Kengashi deputati.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan