FIRIBGAR BANKIRLAR

Bankdan kredit olib tadbirkorlik qilmoqchi bo‘layotgan fuqarolar juda ko‘p. Ana shunday imkoniyat va imtiyoz ba’zi bank xodimlarining ham ishtahasini ochib yubordi. Ular xuddi buloq boshida turib suvda oqib kelayotgan pullarni olisholmasa kamabag‘al bo‘lib qolayotgandek sezishdi o‘zlarini. Shu bois minglab firibgarlik yo‘llarini izlashdi. Bitta jinoiy guruhga birlashgan firibgar bankirlar oddiy kishilarning pasportlari asli va nusxalarini topib, mahallalaridan zarur ma’lumotnomalarni olishgan. Ularga kredit rasmiylashtirib, kredit mablag‘larini o‘zlashtirganlar, talon-taroj qilganlar. Biroq oxir-oqibat qing‘irlikning qiyig‘i chiqdi.

Sudlanuvchi Parda Sardorov (barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2021 yil iyul oyidan 2022 yilning 16 noyabriga qadar “Mikrokreditbank” ATB Jizzax viloyat mintaqaviy filiali Zilol bank xizmatlari markazida menejer vazifasida ishlab kelgan. U filialning bank xizmatlari markazi boshlig‘i Uzoq Bo‘tayev va boshqa shaxslar bilan jinoiy til biriktirib, ko‘plab qing‘irlarga qo‘l urishadi. U fuqaro O.Malikovaning shaxsiga oid ma’lumotlarni g‘ayriqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritib, kredit shartnomasi va boshqa hujjatlarni uning nomidan imzolab, filial tomonidan 33 million so‘m kredit mablag‘i ajratilishiga erishadi. Kredit mablag‘ini o‘zi norasmiy rahbarlik qilib kelayotgan “Cho‘qqili bog‘ zamini” MCHJga o‘tkazib, naqdlashtirib oladi.

Ishtahasi karnay bo‘lib ketgan P.Sardorov filialning Zilol bank xizmatlari markazida shartnoma asosida agent vazifasida ishlab kelgan Karim Xaitov hamda U.Bo‘tayevlar bilan jinoiy til biriktirib, yana bir fuqaroning shaxsiga oid ma’lumotlarni g‘ayriqonuniy qo‘lga kiritadilar. Yana 33 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilishiga erishadilar.
Fuqaro Sh.Botirova yaxshi niyatda Zilol bank xizmatlari markazi boshqaruvchisi nomiga imtiyozli kredit mablag‘i ajratish haqida ariza yozadi. Firibgarlar ayolning nomiga 40 million so‘mlik kredit mablag‘i rasmiylashtirib, unga mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan tikuv mashinalari yetkazib berilganligi to‘g‘risidagi hisobvaraq-fakturalarini mahalladagi hokim yordamchisiga imzolatib ham olishadi. 40 million so‘mni esa naqdlashtirib, cho‘ntaklarini qappaytiradilar. Tikuvchi ayolga esa uning nomiga kredit ajratilmaganligini ma’lum qilishadi. Shu tarzda qalloblar 20 nafardan ziyod fuqarolarning kreditlarini o‘zlashtirib, talon-taroj qilib yuboradilar.

Yana bir holatda sudlanuvchi P.Sardorov Forish tumani davlat xizmatlari markazidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan MCHJ rahbari lavozimida ishlab kelib, bog‘dorchilik va polizchilikni rivojlantirish uchun AT “Xalq banki” Forish filialidan 223 mln. so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga erishish maqsadida yana bir qing‘irlikni boshlaydi. U ta’minotchi MCHJ rahbari Sulton Turdiyev bilan 33-sonli yuk xatiga 100 mln. so‘mlik ko‘chatlar, 45 mln. so‘mlik transformator, 2 dona 10 mln. so‘mdan bo‘lgan suv nasosi, 58 mln. so‘mlik sim yetkazib berilganligi haqidagi soxta ma’lumotlarni kiritadilar. AT “Xalq banki” Forish filiali xodimlarini tuman hokimining qaroriga asosan ajratilgan konturdagi yerga olib bormasdan, boshqa fuqaro tomonidan barpo etilgan bog‘ni go‘yoki o‘zi barpo etganligiga ishontirib, 223 mln. so‘m kredit mablag‘lari ajratilishi muvofiqligi to‘g‘risida qalbaki monitoring dalolatnomasi rasmiylashtirilishiga erishadi. Ajratilgan mablag‘ni ta’minotchi jamiyat hisobiga o‘tkazib, uning rahbaridan 209 mln. 620 ming so‘mini olib, yana o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Sudlanuvchilardan yana biri Karim Xaitov ham 2021 yildan 2022 yil noyabr oyiga qadar Zilol bank xizmatlari markazida shartnoma asosida agent vazifasida ishlab kelib, quyidagi jinoiy harakatlarni amalga oshiradi:

U o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan Imron Sobirovga markazda ishlashini, unga kredit mablag‘i ajratib berilishida yordam berishi mumkinligini shipshitadi. Karim Xaitov unga issiqxona qurish uchun 24 mln. 750 ming so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘i ajratilishiga erishadi. Imronga “Sizga kredit ajratilishi rad etildi” deb javob beradi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, Imron o‘zining nomiga kredit rasmiylashtirilganligini bilib qoladi va tegishli tashkilotlarga arz qilishini aytadi. Bankir misi chiqib qolmasligi uchun unga 14 million so‘mini berib, qolgan qismini o‘ziga olib qoladi.

Nafs balosi bankirlarga tinchlik bermasdi. Shu bois ular yangi-yangi hiyla-yu nayranglarni o‘ylab topishardi. K.Xaitov U.Bo‘tayev va boshqa shaxslar jinoiy til biriktirib, Jizzax shahridagi MCHJ hamda Zilol bank xizmatlari markazi o‘rtasida kredit shartnomasiga asosan avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatishni tashkil etish uchun uskunalar va jihozlar sotib olish uchun ajratilgan 100 mln. so‘m miqdoridagi kredit mablag‘iga hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirib, mablag‘ni naqdlashtirib oladi. K.Xaitov 30 nafardan ziyod fuqarolarning nomiga kredit rasmiylashtirib, pullarni naqdlashtirib oladi. U yana ko‘plab fuqarolarni chuv tushiradi.

Sudlanuvchi O‘.Bo‘tayev 2020 yil 9 iyundan hozirga qadar “Mikrokreditbank” ATB Jizzax viloyat mintaqaviy filiali Zilol bank xizmatlari markazi boshlig‘i lavozimida ishlab kelib, markazda ishlovchi bir necha xodimlar bilan jinoiy til biriktirib, kissasini qappaytirganlardan biri. U bilan birga bankning 10 nafar xodimlari ko‘plab fuqarolarni chuv tushirishdi, kredit mablag‘larini o‘z ehtiyojlariga ishlatib, talon-taroj qildilar.

Odamlarni norozi qilgan bankirlarning qing‘irliklari huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan fosh qilindi. Sud xukmiga binoan P.Sardorov 7 yilu 6 oyga, uning jinoiy sherigi K.Xaitovga 7 yilu 3 oyga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Bu ishlarga aralashib, kredit mablag‘larini naqdlashtirib bergan jamiyat rahbari S.Turdiyev esa 5 yilu 6 oyga qamaladigan bo‘ldi. Qolgan bankirlar ham tegishli jazosini oldi. Shunday qilib bankdagi qing‘irliklar o‘z intihosiga yetdi.
Ammo, yuqorida zikr etilgan bankirlarning qismati bugungi kunda bank va boshqa moliya muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘idek jaranglagan bo‘lsa, ajabmas. Qing‘irlikning qiyig‘i qirq yildan so‘ng ham chiqadi. Jinoyat esa jazosiz qolmaydi.

Lochin BЕK.
(“Jizzax haqiqati”)

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan